O‘zbekiston | 13:59 / 27.11.2023
2719
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada O‘zbekistonning professor-o‘qituvchilari va ilmiy kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va Belgiya ta’lim kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Yevropa universitetlari tajribasini o‘rganish maqsadida amaliy safar bilan Bryusselga bordi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Safar Belgiya ta’lim kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi universitetlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida tashkil etildi.

Tashrif davomida O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida dasturda ishtirok etayotgan oliy ta’lim muassasalarining taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot ishtirokchilari yaqin kelajakda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yanada faolroq amalga oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ta’lim sohasi vakillari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladi hamda Horizon Europe dasturi doirasida O‘zbekistonga ilmiy va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va Belgiya ta’lim kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida 20 ta memorandum imzolandi.

Ular, xususan, professional videokonferensiyalar, o‘quv dasturlari va akademik almashinuvlar, o‘quv va ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, O‘zbekistonning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari va ilmiy kadrlarini tayyorlash, shuningdek, onlayn ta’lim sohasida hamkorlikni faollashtirishni nazarda tutadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid