O‘zbekiston | 00:43 / 28.11.2023
14235
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura «Antistrumin» ishi» bo‘yicha bayonot berdi

OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tergov tugagunga qadar jinoyat ishiga oid ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Antistrumin» dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat-protsessual qonunchilik asosida dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayol qamoqqa olingani haqidagi ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan. Qayd qilinishicha, ushbu ma’lumotlar tergovning obektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit bermoqda.

Bosh prokuratura Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o‘tdi.

«Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, tergov tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jinoyat ishiga oid ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz», deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.

Mavzuga oid