Jahon | 14:29 / 28.11.2023
10530
4 daqiqa o‘qiladi

Wi-fi taqiqlangan, olimlar makon tutgan joy – dunyoning eng shimolidagi Nyu-Alesunn qishlog‘i haqida

Bu yerda Wi-fi ishlatish taqiqlangan, binolar hech qachon qulflanmaydi. Agar qutb ayiqlari kelib qolsa, unga duch kelganlar istalgan binoga kirib himoyalanishi mumkin.

Arktikaning yovvoyi bag‘rida zamonaviy hayot me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan qishloq joylashgan. Qishloq Nyu-Alesunn deb ataladi. U Shpitsbergen ( Shimoliy Muz okeanining g‘arbiy qismidagi arxipelag) hududiga kiradi, qishloq havosi eng toza hududlardan biri sanaladi.

Foto: Getty images

Tseppelinfellet tog‘lari yonbag‘rida atrof olmos kabi tovlanadi. Havo esa sovuq, biroq kristall kabi toza. Bu muz kristallar nafas bilan qo‘shilib ichga kiradi. Nyu-Alesunn qishlog‘i shunday hududda joylashgan. Unda qishda 45 kishi atrofida, yozda esa 150 kishigacha odam yashaydi. Qishloq Yerning eng shimolida joylashgan odam yashaydigan aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Bir tarafida tog‘, bir tarafida chuqur va tor daryo bilan o‘ralgan Nyu-Alesunnda havo sifatidan tashqari manzara ham misli ko‘rilmagan go‘zal.

Foto: Getty images
Foto: Getty images

Nyu-Alesunn qishlog‘iga 1916 yilda ko‘mir qazib olish maqsadida asos solingan. Shaxtalarda ish yaxshi bo‘lganda hududdan yiliga 200 tonnagacha ko‘mir qazib olingan. Lekin oradan 18 yil o‘tib, ko‘mir qazish butunlay to‘xtatiladi. Orada bir muddat shaharni odamlar tashlab ketadi va deyarli butunlay unutiladi. Keyinchalik 60-yillarning oxirida tadqiqotlar o‘tkaziladigan hudud sifatida yana qayta tiklanadi.

Nyu-Alesunn hududida doimiy yashovchilar, asosan, olimlar. 1989 yilda Zeppelinfellet tog‘ yonbag‘rida, yer sathidan 472 metr balandlikda Zeppelin observatoriyasi tashkil qilingan. Bu observatoriya atmosferadagi ifloslanishni monitoring qilib boradi.

Vaqt o‘tishi bilan bu tadqiqot stansiyasi iqlim o‘zgarishiga asosiy sababchi bo‘layotgan issiqxona gazlarini o‘lchash bo‘yicha muhim obektga aylangan.

Foto: Getty images

Bu ertaknamo hudud faqatgina ilmiy izlanishlar manzili emas. Bu yerda ham odatiy tarzda hayot kechadi. Faqat farqi: qishloq hududida Wi-Fi taqiqlangan. Nyu-Alesunnda telefon va Wi-Fi o‘chirilgan bo‘lishi shart. Sababi ularni ishlatish taqiqlanadi. Shahar radio to‘lqinlardan xoli hudud hisoblanadi. Agar kimdadir ishlatishga zarurat paydo bo‘lib qolsa ham, radio to‘lqinlardan foydalanish uchun maxsus ruxsat olishiga to‘g‘ri keladi.

Binolarning barchasi qulflanmagan holatda qoldiriladi. Sababi qutb ayiqlari vaqti-vaqti bilan bu kichik shaharchaga kirib turishadi. Ochiq eshiklar to‘satdan ayiqqa duch kelib qoladigan odamlarga favqulodda boshpana bo‘lib xizmat qiladi.

Foto: Getty images
Foto: Getty images
Foto: Getty images

Biroq shunday ajoyib hududga ham iqlim o‘zgarishining ta’siri yetib kela boshlagan: shamol yo‘nalishi Amerika va Yevropadan turli ifloslantiruvchi moddalarni olib kelmoqda. Tadqiqotchilar havo tarkibida ifloslantiruvchi moddalar ko‘payayotganini, yangi turdagilari paydo bo‘layotganini kuzatishmoqda. Nyu-Alesunn insoniyatning havoni qanday zararlayotganini xaritalashtirishda katta rol o‘ynaydi.

Mavzuga oid