«Ular Zelenskiyni yo‘q qilish mumkin deb o‘ylashadi». Economist Ukraina rahbariyatidagi mojaro haqida hikoya qildi
Economist jurnali Ukrainaning siyosiy va harbiy rahbariyati o‘rtasidagi ichki qarama-qarshilik haqidagi yangi maqolani e’lon qildi, nashrning baholashicha, bu ziddiyat qarshi hujum muvaffaqiyatsizligi fonida faqat kuchaymoqda.
Nashrning tasdiqlashicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va UQK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlar atrofdagilar tomonidan «qo‘rqinchli» deb baholanmoqda.
Qarshi hujum yakunlari bo‘yicha bahslar
Ularning o‘rtasidagi kelishmovchilik haqidagi ilk xabarlar o‘tgan yil yozidayoq paydo bo‘lgandi. Zalujniyning shu yil kuzida Economist nashriga bergan ochiq intervyusi, unda u urushdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida aytgandi, mojaroni omma e’tiboriga olib chiqdi, deya yozadi Economist.
Zelenskiy dastlab Zalujniyning materialiga ochiqchasiga javob qaytardi. Keyinroq bergan intervyusida esa bosh qo‘mondonni siyosatga aralashmasdan, harbiy ishlar bilan shug‘ullanish lozimligidan ogohlantirdi.
Hukumatdagi yuqori martabali mulozimlardan biri Economist jurnalistlariga prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasidagi ochiq mojaro — qarshi hujum reja bo‘yicha ketmagani va to‘xtab qolganidan keyin kutilgan natija ekanini aytgan.
Uning fikricha, Zalujniy, prezidentning optimistik pozitsiyasiga omma oldida e’tiroz bildirib, o‘zini unchalik aqlli tutmagan bo‘lishi mumkin, ammo hukumatda uning mulohazalarini inkor eta oladiganlar juda kam.
Uning kuzatishlariga ko‘ra, hozir Ukrainada «Kim aybdor?» o‘yini o‘ynalmoqda va frontdagi muvaffaqiyatsizliklar uchun kim mas’ul ekani aniqlanmoqda. «Siyosatchilar o‘z generallarini — sovetlar tayyorlagan ahmoqlar deb aytyapti. Generallar esa siyosatchilarni — ularning ishiga aralashayotgan notavonlar deyapti. G‘alabaning egasi hamisha ko‘p bo‘ladi, ammo hech kim boshi berk ko‘cha uchun javob berishni xohlamaydi», — deya vaziyatni tasvirlagan nashr suhbatdoshi.
Janub mudofaasi ishi
Yana bir muhim omil — Ukraina janubi mudofaasi bo‘yicha jinoiy ish, deyiladi maqolada. Bu hududda 2022 yil fevral va mart oylarida Rossiya qo‘shini tezkor va muhim g‘alabaga erishgandi, deya eslatadi Economist.
Rossiyaliklarning yurishi muvaffaqiyatli chiqishiga ukrain harbiylari qochib ketishi, mudofaa rejalariga zid ravishda ko‘priklar portlatilmagani, armiyaning tayyorgarligi yomonligi sabab bo‘lgandi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Zalujniy hozirda tergovda guvoh sifatida qatnashmoqda, ammo «bu jiddiyroq narsaga aylanishi mumkin» va ayblov e’lon qilinishi xavfi Zalujniyni tiyib turish uchun kerak, deya yozadi Economist. Bosh qo‘mondonning OAVdagi chiqishlarini esa o‘zini sug‘urta qilishga urinish sifatida baholash mumkin, deya taxmin qiladi Ukraina bosh shtabidagi manba.
Zalujniy hech qanday siyosiy ambitsiyalarini namoyish etmagan, ammo bu u Zelenskiyga tahdid solmasligini anglatmaydi, deya qayd etgan nashr. So‘rovlarga ko‘ra, noyabr oyi o‘rtalariga kelib prezidentga ishonch 32 foizga tushib ketgan, bu esa Zalujniyning reytingining (70 foiz) yarmiga ham yetmaydi. Ukraina razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanovning reytingi ham prezidentnikidan (45 foiz) yuqoriroq.
Bundan kimga foyda?
Ukraina razvedkasiga ko‘ra, Rossiya allaqachon Ukrainadagi mavjud kelishmovchiliklardan o‘z manfaati uchun foydalanishga harakat qilmoqda. Aholining turli guruhlariga qaratilgan kampaniya Moskva tomonidan uch yo‘nalishda olib borilmoqda: Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, G‘arbga ishonchni susaytirish, shuningdek Ukraina ichida norozilikni kuchaytirish.
Ukraina hukumatidagi yuqori martabali mulozim nashrga Rossiya propagandasi mashhurlikka erisha boshlagan, chunki ularda olib chiqish uchun mavzular ko‘p. Ukrainada korrupsiya bilan bog‘liq muammolar bor, rahbariyat ko‘pincha samarasiz, iqtisodiyotni harbiy relslarga o‘tkazishda muammolar bor, deya eslatadi nashr suhbatdoshi.
Ammo Zelenskiy ag‘darilishidan faqat Rossiya foyda ko‘radi, deya xavotirini bildirgan u: «Bizning ayrim siyosatchilarimiz Rossiya tahdididan yetarlicha xavotirda emas va bu mening achchig‘imni keltiradi. Ular hokimiyatga qarshi chiqish, Zelenskiyni yo‘q qilish mumkin va bu hech qanday oqibatlarga ega bo‘lmaydi, deb o‘ylashadi».
Mavzuga oid
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
10:42 / 08.11.2024
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
09:08 / 08.11.2024