Jahon | 10:25 / 30.11.2023
17156
3 daqiqa o‘qiladi

Genri Kissinjyer vafot etdi

AQShning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjyer olamdan o‘tdi. U roppa-rosa 100 yoshda edi.

Kissinjyerning konsultatsiya firma hisoblanmish Kissinger Associates ma’lumotiga ko‘ra, sobiq davlat kotibi Konnektikut shtatidagi uyida vafot etgan.

Genri Kissinjyer 1923 yil 27 may kuni Germaniyada yahudiylar oilasida tug‘ilgan. 1938 yilda oila ta’qiblardan qochib AQShga ko‘chib ketadi. Kissinjyerning siyosiy faoliyati 1960-yillarda boshlangan.

Genri Kissinjyer 1969–1977 yillarda AQSh prezidentlari Richard Nikson va Jyerald Fordga milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi va keyin Davlat kotibi sifatida SSSR va Xitoy bilan bilan munosabatlardagi keskinlikni yumshatish siyosati arxitektorlaridan biri bo‘lgandi.

«Chelnok diplomatiyasi» tushunchasi (uchinchi davlat ishtirokida mojarolarni hal qilish) Kissinjyer nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u «Amerika tashqi siyosatining patriarxi» deb ham ataladi.

Kissinjyerning tashqi siyosatga bo‘lgan qarashlari ikki qudratli davlat, AQSh va SSSR o‘rtasidagi qarama-qarshilik yillarida shakllangan, realpolitik siyosat tarafdori bo‘lgan – bu to‘siqlarga chap berib, prinsiplarga zarar yetkazish hisobiga bo‘lsa ham imkoniyatlarni qidirish siyosatidir.

Diplomat Falastin-Isroil mojarosini barqarorlashtirishda qatnashgan va Isroil hamda arab mamlakatlari aloqalarini kengaytirishga yordam bergan, shuningdek 1973 yilda Viyetnam urushi yakunlangani haqidagi Parij tinchlik kelishuvini imzolagan. Mazkur urushni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Kissinjyer o‘sha yili tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Genri Kissinjyer (chapda oldingi planda), AQSh prezidenti Jyerald Ford (Kissinjyerning ortida) va Amerika delegatsiyasining boshqa vakillari KPSS TsK bosh kotibi Leonid Brejnev, SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko va AQShdagi elchi Anatoliy Dobrinin bilan sovetlar ittifoqi bo‘ylab harakatlangan poyezdda suhbatlashmoqda, 1974 yil.

Iste’foga chiqqanidan keyin ham u siyosiy arenada qolishda davom etdi. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini yuzasidan chiqishlar qilib, Kiyevni hududlarini topshirish evaziga bo‘lsa ham tinchlik sulhi tuzishga chaqirdi. Bir necha oy o‘tib u bunday yon berish taklifidan voz kechdi va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. 2023 yil iyulida, 100 yoshlik yubileyidan keyin u Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid