Jahon | 22:51 / 30.11.2023
16002
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask X platformasida reklama berishdan bosh tortgan kompaniyalarni la’natladi 

Reklamachilar milliarderning yahudiylar haqidagi bayonotlaridan keyin ijtimoiy tarmoqni boykot qilmoqdalar.

Foto: AFP

Milliarder Ilon Mask The New York Times nashriga bergan intervyusida reklama beruvchilarga nisbatan behayo so‘zlarni ishlatdi. 

Mask antisemit posti ostida qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlarni yozganidan so‘ng, yirik kompaniyalar unga tegishli bo‘lgan X ijtimoiy tarmog‘ida reklama berishdan bosh tortishni boshlagan edi. 

Reklama beruvchilarning boykot qilinishi haqidagi savolga javob berar ekan, X platformasining egasi ularning harakatlarini «shantaj» deb atadi va behayo so‘zlar bilan so‘kdi. 

«Agar kimdir meni reklama bilan shantaj qilmoqchi bo‘lsa, pul bilan shantaj qilmoqchi bo‘lsa, ***,***. Tushunarlimi? Shunday deb umid qilaman», dedi u. 

Shu bilan birga, u Disney kompaniyasi bosh direktori Robert Aygerni alohida tilga oldi. Avvalroq, u o‘z kompaniyasi Mask bilan aloqador bo‘lishini istamasligini ochiq e’lon qilgan edi. «Ey, Bob, agar siz auditoriyada bo‘lsangiz (eshitib qo‘ying)», deb qo‘shimcha qildi Mask behayo so‘zlardan keyin. 

Ilon Mask reklama boykoti X ijtimoiy tarmog‘ining «o‘limiga» olib kelishini tan oldi. 

«Yer yuzidagi hamma bilishi kerak. Biz yo‘q bo‘lib ketamiz va bu reklama beruvchilarning boykot qilishi tufayli sodir bo‘ladi», dedi u. 

Avvalroq, Ilon Mask antisemitizmga xos bayonot tarqatgan foydalanuvchining tvitini qo‘llab-quvvatlagan edi. Foydalanuvchilardan biri «yahudiylar oq tanlilarga nisbatan nafratni tarqatayotgani va oq tanli aholini siqib chiqarish uchun mamlakatni oq tanli bo‘lmaganlar bilan to‘ldirishni istayotganini» yozdi. Mask unga izoh berarkan, o‘z sharhida «mutlaq haqiqatni aytdi» deb yozdi. 

Shundan so‘ng, Apple, Disney, Comcast, Lionsgate va Paramount Global kabi yirik kompaniyalar X platformasida reklama sotib olishni to‘xtatish niyatini e’lon qilishdi. 

Qayd qilinishicha, birgina Apple kompaniyasining reklamadan voz kechishi X uchun katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Chunki texnologiya giganti Ilon Mask ijtimoiy tarmog‘iga 2022 yil birinchi choragida 50 million dollar daromad keltirgan. 

Keyinchalik, Mask antisemitizmga xos bayonotni qo‘llab-quvvatlagani uchun afsusda ekanini bir necha bor ta’kidladi. Shu bilan birga, milliarder antisemitizm ayblovlarini rad etdi. Janjal fonida Mask 7 oktyabr kuni HAMAS a’zolari tomonidan hujumga uchragan Isroilning Kfar Aza qishlog‘iga ham bordi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid