O‘zbekiston | 12:47 / 01.12.2023
9367
12 daqiqa o‘qiladi

Gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishi “qora bozor”ning avj olishiga sabab bo‘lishi aytildi

Joriy yilning noyabr oyida hukumatning 2024 yil 1 apreldan boshlab o‘z tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz solig‘ini joriy etish rejalari juda ko‘pchilik tadbirkorlarni hayratiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ijrochi direktori, xalqaro munosabatlar va Yevropa tadqiqotlari fanlari magistri Alfiya Musina bu holat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Alfiya Musinaga ko‘ra, alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilari shakar iste’molini kamaytirish, qandli diabet va ortiqcha vaznga qarshi kurashishga qaratilgan barcha rejalarni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Ammo tabiiy savol tug‘iladi: nega bunday muhim hujjatni tayyorlashda va aholi salomatligini yaxshilash bo‘yicha jiddiy maqsadlarni qo‘yishda Murojaatnoma mualliflari soha vakillari bilan hech qanday muloqot olib borishmagan? Tegishli mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan, turli mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilmagan. Hech kim bu masalani tadbirkorlar bilan muhokama qilishni xohlamadi.

Musinaga ko‘ra, o‘rnatilgan aksiz solig‘i shakar iste’molini kamaytirmaydi, shunchaki ortidan og‘ir iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqaradi — narx oshadi va ko‘plab investitsiyaviy dasturlarning qisqarishiga olib keladi. Narxlarning oshishi esa oxir oqibatda hammasi yana xalqning cho‘ntagiga qo‘shimcha xarajat bo‘ladi.

Mazkur aksiz solig‘i joriy qilinsa, sog‘lom turmush tarziga aniq yordam beradimi?

Murojaatnomaning “Gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i” masalasi ikkita xatboshidan o‘rin olgan:

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tarkibida shakar bo‘lgan salqin ichimliklar va boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar uchun qo‘shimcha soliq joriy etish bo‘yicha tavsiyasidan kelib chiqib, 2024 yil 1 apreldan boshlab tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m aksiz solig‘i joriy etiladi. Mazkur aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlarni to‘liq hajmda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish taklif etilmoqda”.

Aslida esa, JSST tavsiyasida "boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar" haqida bir so‘z aytilmagan, faqat shakar haqida gapirilgan. Shakarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish millat salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi va sog‘liqni saqlashga yukni oshiradi. Ammo Assotsiatsiyadan statistik ma’lumotlar so‘ralganda, O‘zbekistonda shirin gazlangan ichimliklar bozori rivojlanish bosqichida ekanligini, aholi jon boshiga qo‘shni Qozog‘istonnikidan ikki baravar kamligini ko‘rsatadigan raqamlarni keltirgan. O‘zbekistonda salqin ichimliklar iste’moli aholi jon boshiga 2,8 milliard litrni, Qozog‘istonda esa 3,1 milliard litrni tashkil etadi. O‘zbekiston an’anaviy ravishda choy mamlakati hisoblanadi.

2017 yilda O‘zbekistonda shakar iste’moli aholi jon boshiga 31 kg ni tashkil etgan. Shunga qaramay, mamlakatda shakarni iste’mol qilish tarkibi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmagan, shuning uchun Rossiya Federatsiyasi ma’lumotlari ishlatilgan. 2017 yilda shakar ishlab chiqarish iste’moli atigi 40,3 foizni, aholi iste’moli 51,5 foizni va eksport 8,2 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, alkogolsiz ichimliklar sanoati shakar aylanmasining atigi 1,5 foizini tashkil qiladi.

Aholi shakarni asosan qandolat mahsulotlari, shirinliklar va qadoqlangan shakarli mahsulotlar orqali iste’mol qiladi.

“Biz vaqti-vaqti bilan shirin gazlangan ichimliklar ichamiz. Agar biz millatning sog‘lig‘i haqida bosh maqsad sifatida gapiradigan bo‘lsak, unda umuman shakarning haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishning zarari to‘g‘risida targ‘ibot kampaniyalari o‘tkazishimiz kerak” – deydi Alfiya Musina Spot.uz’da chop etilgan maqolasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gazlangan shakarli ichimliklarimizda shakar miqdori me’yorida bo‘lishi uchun ishlab chiqaruvchilarni ichimliklarning shirinligini kamaytirishga undash kerak, shunda bu rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi raqobatbardosh ustunlikka aylanadi. Aksiz solig‘ini tabaqalashtirilmagan holda joriy etish orqali hukumat faqat bitta narsaga erishadi — ishlab chiqaruvchilarga ichimliklardagi shakar miqdorini kamaytirish uchun hech qanday sabab bo‘lmaydi, sababi 5 gramm shakar qo‘shgan ham, 1,5 gramm qo‘shgan ham va zero sugar uchun ham ular bir xil soliq to‘laydilar. Qaytanga ko‘proq shakar qo‘shadigan faqat bitta raqobatbardosh ustunlikka ega bo‘lishadi — ular iste’molchiga yoqishi va xaridorgir bo‘lishi uchun ichimliklarni shirinroq qilishga yanada kproq harakat qilishadi.

Misol uchun, Fransiyada ham shunday bo‘lgan. 2012 yilda hukumat barcha ichimliklar uchun yagona soliqni o‘rnatgan, 2018 yilda esa tabaqalashgan soliq tizimini joriy qilishga majbur bo‘lgan. Ishlab chiqaruvchida shakar qancha kam bo‘lsa, soliq ham shunchalik kam bo‘ladi. Shunday yo‘l bilan ularda sanoat iste’molchilar uchun "kamroq shakar, kamroq kaloriya" yangi tendensiyasiga o‘tishga majbur bo‘lgan. Hozirda u yerda Zero sugar ichimliklar iste’moli bozorning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.

Masalan Daniya, Irlandiya, Norvegiya va Finlyandiyada soliq joriy qilingan, ammo ortiqcha vaznga qarshi kurashishda bu amaliyot foydasiz ekani anglab yetilgach, ular bu soliq turini bekor qilishgan. Meksikada esa 2014 yilda joriy qilingan soliqlar juda katta falokatli oqibatlarni keltirib chiqargan. 30 mingga yaqin kichik do‘konlar yopilgan, 50 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘q bo‘lib ketgan.

Agar aksiz solig‘i solinsa, bizda nima bo‘ladi?

Birinchi navbatda shirin alkogolsiz ichimliklarning kichik bozori qisqa muddatlarda kasodga uchraydi. Kichik ishlab chiqaruvchilar jiddiy zarar ko‘radi, yirik ishlab chiqaruvchilar esa investitsiya dasturlarini va yangi zero sugar mahsulotlari qatorini qisqartiradi. Mamlakat minglab yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Budjetga bir lahzalik foyda soliq yig‘ishning keyingi bosqichi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib keladi. Sharbatlar, nektarlar va sharbatli ichimliklar ishlab chiqaradigan hamma kichik tadbirkorlik sub’yektlari ham yangi soliq va iste’molning pasayishiga dosh bera olmaydi.

Ammo boshqa tomondan, “qora bozor” avj oladi. Qo‘shni mamlakatlardan aylanma yo‘llar orqali kirib kelgan ichimliklar mamlakatga oqib kela boshlaydi, chunki narx farqi har doim savdo bilan shug‘ullanadigan odamlarni shunga majbur qiladi.

Ichimliklar bozorga Afg‘oniston va qo‘shni Qozog‘istondan to‘ldirilgan yuk mashinalarida olib kelinadi, aytgancha, aynan shu davlatlarda ham aksiz solig‘ini joriy qilmoqchi bo‘lishdi, ammo barcha ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqilgach, bu taklif rad etildi.

Qozog‘iston alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Aliya Mamitbayevaning aytishicha, tarkibida shakar bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarga soliq joriy etilishi sanoat korxonalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U taqdim etgan hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora joriy etilganidan keyingi birinchi yilda soliq solinadigan baza 131,6 milliard tengedan 96,8 milliard tengegacha kamayadi.

Shu bilan birga, faqat sanoatning o‘zida 12,6 mingga yaqin ish o‘rni, qo‘shimcha ravishda turdosh tarmoqlarda 7-10 ming ish o‘rni yo‘qotiladi.

Alfiya Musinaning so‘zlariga ko‘ra, aksiz solig‘i kabi jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirishda faqat JSSTning tavsiyalari asos qilib olinmasligi, barcha oqibatlar, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni hisobga olish kerak.

"Qora bozordagi gazlangan ichimliklar"

Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, bizda ham ushbu sohada ko‘p sonli kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etmoqda. 2023 yilga kelib mamlakatda shirin gazlangan ichimliklar, sharbatlar va sharbatli ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 1021 tani tashkil etmoqda.

Ularning aksariyati yangi soliq yukini ko‘tara olmaydi va “qora bozor”ga chiqib, "rasta ostida" mahsulot sotishga majbur bo‘ladi.

“Menimcha, soliq idorasi har bir ishlab chiqaruvchiga bittadan inspektor tayinlash uchun yetarli kuchga ega emas. Keyin esa biz aslida qarshi kurashishimiz lozim bo‘lgan shakar tarkibini nazorat qilish yo‘qoladi. U kamaymaydi. Xarajatlarni kamaytirish uchun tadbirkorlar sifatni pasaytira boshlashadi. Kimyoviy bo‘yoqlar va arzon ta’mli qo‘shimchalar ko‘paygandan ko‘payadi. Xo‘sh, shundan keyin ham biz qanday sog‘lom turmush tarzi haqida gapirishimiz mumkin?” – deydi Alfiya Musina.

Maqsadga qanday erishish mumkin?

Barcha yirik ijtimoiy yo‘naltirilgan alkogolsiz gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilari sog‘lom turmush tarzi uchun qat’iy turishadi. Ularning har biri o‘z ijtimoiy dasturlarini amalga oshiradi – bu sport, ekologiya, ta’lim.

Katta o‘yinchilar o‘z oldilariga shakar miqdori nolga teng bo‘lgan ichimliklar qatorini yaratish, haddan tashqari shirin mahsulotlardan voz kechish tendensiyasini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishmoqda va bu nafaqat ichimliklar, balki umuman shakar va qandolat mahsulotlarida ham joriy qilinmoqda. Natijada, mahsulotlardagi past shakar miqdori raqobatbardosh ustunlikka aylanishi lozim. Kichik va o‘rta biznes vakillari esa iste’molchilarning to‘g‘ri ovqatlanishini aksiz solig‘i bilan bilan emas, iste’molchilarning o‘zlari talab qilayotganini tushunib yetsa, shundan so‘ng bu tendensiyalarga ergashadi.

Buning uchun esa, iste’molchilar uchun shakarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishning zarari to‘g‘risida samarali targ‘ibot kampaniyasi zarur.

“Ammo hozircha biz davlat idoralarining muloqotga kirishni xohlamayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu esa, aksiz solig‘ining joriy qilishdan maqsad shunchaki hech narsaga qaramasdan, budjetdagi bo‘shliqni to‘ldirishga urinish deb taxmin qilishimizga asos yaratib bermoqda”, – degan u.

Assotsiatsiya bu borada davlat bilan birgalikda ishlashga tayyorligini, zarur ma’lumotlar va raqamlarni taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, ular Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga, qonun loyihasi bo‘yicha mutaxassis va ekspertlarga assotsiatsiya fikrini ham inobatga olishini so‘rab murojaat qilgan.

 

Maqolada muallifning fikrlari aks etgan, bu tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzuga oid