Fan-texnika | 19:04 / 01.12.2023
54596
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla Cybertruck elektromobilini yetkazib berish boshlandi 

Birinchi xaridorlar uni 4 yil kutishdi. 

Foto: Tesla

Ilon Mask Tesla Cybertruck elektromobilini yetkazib berish boshlanganini rasman e’lon qildi. Taqdimotdan to‘rt yil o‘tgach, birinchi elektromobillar o‘z egalariga topshiriladi. 

Uch motorli Cybertruck 2,6 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, to‘liq quvvatda 550 km masofani bosadi, maksimal tezligi esa 210 km/s. Ushbu to‘liq modifikatsiya narxi 99990 dollarni tashkil qiladi, orqa g‘ildiraklari tortadigan standart model 60990 dollarga sotiladi. 

Cybertruck standart versiyasi to‘liq quvvatda 402 km masofani bosib o‘tadi, 6,5 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi. Maksimal tezlik 180 km/soat. Shuningdek, 4,1 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadigan va 547 km masofa bosadigan oraliq model ham bor. Uning narxi 79990 dollarga teng. 

Tesla taqdimot davomida Cybertruck elektromobilining bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tdi. Birinchidan, u zanglamaydigan po‘latdan yasalgan, ya’ni korroziyaga duchor bo‘lmaydi. Shuningdek, u bo‘yalmagan, og‘ir yo‘l sharoitida foydalanganda uning qandaydir shikastlanishidan xavotirga tushmasa ham bo‘ladi. 

Cybertruck juda bardoshli va ishonchli elektromobil, undan «har qanday sayyorada» foydalanish mumkinligi ta’kidlanmoqda. Cybertruck o‘q o‘tkazmaydigan kuzovdan yasalgan, elektromobil eshiklari avtomat o‘qlariga bardosh bera oladi. 

Birinchi elektromobillarni yetkazib berish erkin savdolar boshlanganini anglatmaydi. 

Cybertruck erkin savdosi 2024 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid