Organ xodimlarining “obro‘sini saqlash”ga ochiqlikni bo‘g‘ish orqali "yechim": Bu nimasi bilan xavfli?
Huquq organlari xodimlarining tasvirini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanishi ular ustidan jamoatchilik nazoratini susaytiradi, xodimlarning vakolatidan chetga chiqishi holatlarini ko‘paytiradi va eng asosiysi, ularning xatto eng kichik xatolari uchun ham siyosiy javobgarlik yuqori hokimiyat zimmasiga tushadi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bir qancha yangi qonun loyihalarini qabul qildi va tasdiqlash uchun yuqori palataga – Senatga yubordi. Agar Senat ham tasdiqlasa, qonunlar prezidentga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi qabul qilgan va O‘zbekiston jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘layotgan qonun loyihalaridan birida huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlarining tasvirlarini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilmoqda.
Bu qonun loyihasi hozirga qadar jamoatchilikka ko‘rsatilmasdan tasdiqlanmoqda va qabul qilinish tomon ketmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekiston qonunchiligida har qanday shaxsni obro‘sizlantirish bo‘yicha tegishli moddalar bor. Ya’ni kim bo‘lishidan qati nazar, u oddiy fuqaro bo‘ladimi yoki davlat mulozimi, uni obro‘sizlantirish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Endilikda esa ilk marta huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ish vazifasini o‘tash vaqtida rasmga, audioga, videoga olib tarqatish holatlari ularni “obro‘sizlantirish” deb talqin qilinishiga imkon beruvchi qonun moddasi taklif qilinmoqda.
Agar bu qonun loyihasi qabul qilinsa, uning oqibatlari nima bo‘lishi mumkin?
Birinchidan, bu kuch ishlatar tizimlarining yanada yopilishiga olib keladi. 2016 yildan boshlab, O‘zbekistonda so‘z erkinligi nish ura boshladi. Unga qadar so‘z va axborot tashabbusi to‘liq O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan edi.
Keyingi yillarda esa, so‘z va axborot tashabbusi O‘zbekistonning ichiga qaytdi, jamiyatda o‘z muammolarini aytish va anglash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu – ikkinchi ma’muriyatning yirik siyosiy kapitali sifatida baholandi.
Lekin, agar yuqoridagi qonun loyihasi qabul qilinsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning to‘liq yopilishiga imkon beradi. Ular ustidan jamoatchilik nazorati yaratilishini bloklaydi.
Ikkinchidan, butun dunyoda ichki ishlar tizimi – militsiya yoki politsiya xodimlari, davlat bilan jamiyatning to‘qnashadigan chizig‘ida faoliyat olib borishadi. Davlat va uning qonunlarini, eng quyi pog‘onada, aynan militsiya xodimlari amalga oshirishi kerak.
Shuning uchun ham militsiya/politsiya xodimlarining qonundan chiqmasligi, ehtirosga berilmasligi, stress xolatida bo‘lmasligi, o‘z vakolatlarini oshirib yoki tushirib yubormasligi, ularning faoliyati odamlar tomonidan o‘ta malakali va sovuqqon deb qabul qilinishi talab etiladi.
Eng demokratik davlatlarda ham, aynan politsiya xodimlari bilan bog‘liq mojarolar, ziddiyatlar tez-tez uchrab turadi. Huquqiy davlatlar bor kuchi va salohiyatini ishga solib, kuch ishlatar tizimlarini huquqiy o‘zanda, qonun doirasida va jamoatchilik nazoratida ushlab turishga qattiq e’tibor berishadi.
Agar kuch ishlatar tizimlari yopiq faoliyat yuritish imkoniyatini qo‘lga kiritsa, ayrim xodimlar tomonidan qilinishi muqarrar bo‘lgan xato va kamchiliklar, korrupsiya va vakolat oshirish holatlari kamaymaydi, aksincha, faqat ko‘payadi. Natijada, jamiyatda ushbu organlar va ularning xodimlariga nisbatan ishonchsizlik ortadi, ishonchsizlik esa norozilikni kuchaytiradi.
Uchinchidan, ochiqlik va shaffoflik, jamoatchilik nazorati ostida, O‘zbekiston davlat institutlari va mulozimlarining, jumladan huquqni muxofaza qiluvchi organlarda ham, yangi va globallashgan dunyo uchun zarur bo‘lgan siyosiy madaniyat shakllanayotgan edi.
Bu madaniyatga ko‘ra, axborot davrida yopiqlik emas, ochiqlik muhim, monolog emas – dialog muhim, tushunish va tushuntirish muhim.
Agar kuch ishlatar organlari xodimlarini xizmat faoliyati vaqtida rasmga, videoga olish ularni “obro‘sizlantirish” deb talqin qilishga imkoniyat berilsa, bu o‘sha organlarning jiddiy yopilishiga, ular ustidan ijtimoiy nazorat shakllanmasligiga olib keladi.
Aslida, kuch ishlatar tizimlarining yopilishiga yordam beruvchi qonun loyihasi, davlatning emas, o‘sha tashkilotlarning korporativ manfaatlariga xizmat qiladi xolos. Chunki jamiyatda siyosiy mas’uliyat hech qachon g‘oyib bo‘lib qolmaydi, va davlatdagi nuqson va kamchiliklarning mas’uliyati, agar aybdorlar nomiga rasmiylashtirilmasa, oliy hokimiyat nomiga rasmiylashtiriladi. Bu – siyosiy qonuniyat.
2016 yilga qadar kuch ishlatar tizimlari juda katta qo‘rqitish kampaniyalarini olib borar edi, lekin siyosiy mas’uliyat O‘zbekistonning ichida ham, tashqarisida ham faqat prezident nomiga yozilar edi.
Huquqiy davlatda, ijtimoiy tinchlik va barqarorlikka intilayotgan davlatda, ayniqsa kuch ishlatar tizimlari jamoatchilikning va oliy hokimiyatning hamkorlikdagi nazorati ostida bo‘lishi kerak. Shundagina davlat mulozimlari huquqiy fikrlaydi, xato yoki jinoyat qilsa, jazosiz qolmasligini anglaydi, oliy hokimiyat ham jamiyatning ishonchi doirasida bo‘ladi.
Xulosa shuki, ushbu qonun loyihasi Senat yoki prezident tomonidan qaytarilishi, O‘zbekistonning jamuljam manfaatlari yo‘lidagi maqbul yechim bo‘lar edi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun javobgarlik yengillashtirildi
12:29 / 21.09.2024