Jamiyat | 17:00 / 03.12.2023
22069
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga Turkiya delegatsiyasi tashrif buyurdi

28 noyabr kuni Turkiya Respublikasi “Necmettin Erbakan University“ning bir guruh professor-o‘qituvchilari va yo‘nalish rahbarlaridan iborat delegatsiya Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

 Delegatsiya a’zolarini Iqtisodiyot fanlari doktori, ta’lim sifati va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor, professor Karimjon Ahmedjanov kutib oldi. Delegatsiyaga rahbarlik qilayotgan professor Muzaffer Erkan Yilmaz “Tashrifimizdan asosiy maqsad, avvalroq imzolangan hamkorlik shartnomasida belgilangan ish rejasini bosqichma-bosqich amalga oshirish va ikki universitet o‘rtasidagi professor-ustozlar va talablar mobilligini yo‘lga qo‘yishdir”, — deya ta’kidladi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga Toshkent Kimyo xalqaro universitetining moddiy-texnik bazasi, ilmiy salohiyati, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan talabalarga mahorat darslar tashkil qilindi. Mehmonlar universitetning “Ta’lim maktabi” talabalari tomonidan ijro etilgan milliy musiqa namunalari bilan ham tanishib, iliq fikrlar bildirishdi.

Konya Najmiddin Erbakan universiteti professori Mursel Bicher bu tashrifdan asosiy maqsad haqida gapirib berdi:

“Najmiddin Erkaban universitetining ta’lim fakulteti dekaniman. Bizning bu yerga kelishimizdan asosiy maqsad Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolash, talaba almashinuv dasturlari, qo‘shma nashr va loyihalar bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshirish hamda bu orqali ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Ikki universitetda ta’lim sifatini oshirish, rivojlanayotgan texnologiyalardan xabardor bo‘lish maqsadida bu yerda bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdik, darslarda qatnashdik. Universitetimizdagi ta’lim tizimi haqida ma’lumot berdik va sizning ta’lim tizimingizni kuzatdik, ikkisi orasidagi ta’lim shakllarini taqqoslab ko‘rdik. Bu yerdagi asosiy maqsad ham ikki universitet o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish”, - dedi professor Bicher.

Delegatsiya a’zolari universitet qoshida ochilgan “Kimyo University Hospital” klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Soha bo‘yicha o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.  

Dastavval bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar davlat siyosatining bosh maqsadiga aylangani, bu borada qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, sohaning barcha yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan xususiy tibbiyot muassasalariga qo‘shimcha shart-sharoit va imtiyozlar berilayotgani natijasida mamlakatimizda tibbiyotning xususiy sektori rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, muloqotda xodimlar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish borasidagi hamkorlik masalalariga ham urg‘u berildi. 

Turkiyalik professor Birol Merjanning ta’kidlashicha, tashrifda respublikamizdagi 15 ta OTM bilan kelishuv o‘rnatilgan:

“Tashriflar mobaynida taxminan 15 ta universitet bilan shartnomalar imzoladik. Mazkur shartnomalarning ko‘pchiligi faqat qog‘ozda qolmasligi, bularni amaliyotga aylantirish uchun bu safar dekanlarni ham olib keldim. Dekanlar bir-biri bilan gaplashib, rejalashtirilayotgan masalalar bo‘yicha O‘zbekistondan Turkiyaga, Turkiyadan O‘zbekistonga kelishda yaxshi sharoit yaratishni xohlaymiz.

Turkiyadagi kabi bu yerdagi talabalarning ham qiziqishlari juda katta. Men darslarda qatnashmadim, lekin kirgan o‘qituvchilarimiz talabalardan ham, ta’lim sifatidan ham juda mamnun.

Biz bir tarixga egamiz. Men har doim bu yerlar XI-XII asrlarda dunyo madaniyatini shakllantirishda juda muhimligini aytib o‘tganman. Bu hali ham davom etyapti. Buning davomiyligini ta’minlash bizning amaldagi ishlarimizga bog‘liq. Biz birgalikda ilmiy infratuzilmalarni yangilanadigan innovatsiyaga aylantirishimiz, faqat darslar emas, darslarning amaliy darajasini ham oshirishimiz kerak”, - dedi professor.

Universitetning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:

Web-page: www.kiut.uz 

Telegram: t.me/kiut_official

Facebook: facebook.com/kiut.uz

Instagram: instagram.com/kiut.uz_rasmiy_kanal

Reklama

Mavzuga oid