“Yog‘li” budjet, elitar korrupsiya va kechikayotgan deklaratsiyalash - Akmal Burhonov bilan suhbat
Davlat xaridlarida korrupsiya sodir qilgan tadbirkorlarning ro‘yxati yuritiladi, ular xaridlarda qatnasha olmaydi. Hukumat qarori bilan buyurtmalarni tendersiz berish ham cheklanadi, deydi Kun.uz’ga intervyu bergan Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov. Bundan tashqari, sohada milliard so‘mlik qonunbuzarlik qilib, arzimas jarima bilan qutulib qolayotganlar uchun ham jazo choralari kuchaytiriladi.
27 noyabr kuni O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish va davlat tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oshirishga doir prezident farmoni qabul qilindi. Farmon bilan ochiqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar soni ko‘paydi, agentlikka yangi vakolatlar berilmoqda. Shuningdek, farmon bilan tasdiqlangan 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan dasturda ko‘plab tashkilotlarga topshiriqlar berilgan. Kun.uz sohada kutilayotgan o‘zgarishlar va farmon yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bilan intervyu tashkil qildi.
— Farmonga ko‘ra, 4-5 oy ichida ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan yana bir hujjatda davlat xaridida korrupsion huquqbuzarlik sodir etgan yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan yuridik shaxs mansabdorlarini Insofsiz ijrochilar reyestriga kiritish, ularning xaridlardagi ishtirokini cheklash nazarda tutiladi? Nima deb o‘ylaysiz, buning imkoni bo‘ladimi? Masalan, ba’zida hukumat qarorlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar orqali hatto tenderlarni ham aylanib o‘tishadi.
— To‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xaridlarini amalga oshirish ma’lum bir vaziyatda hukumat yoki prezident qarori bilan istisno tarzda bo‘lishi mumkin. Biz bu qonunni ishlab chiqayotganda nafaqat tender orqali xaridlar, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar bo‘yicha ham insofsiz ijrochilarning reyestri bo‘ladi. Reyestrga tushdimi, tenderda ham, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lsam ham, bunda ishtirok etolmaydi, ya’ni umumiy reyestr hisoblanadi. Rejalarimiz shunday.
Endi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlayapmiz, ya’ni onlayn tarzda nazorat qilish tizimini yaratish bo‘yicha. Firmalar, yuridik shaxslar bitta odamga borib taqaladigan holatlar ham bor. Shunday holat aniqlansa, biz taqdimnoma kiritib, xaridni bekor qilamiz. Lekin bu tizim qo‘lda ishlayapti, endi aytganimdek, onlayn platforma ustida ishlayapmiz. Avtomatik tarzda ikkinchi firma ishtirok etolmaydi bu platformada.
— Farmonga ko‘ra, bu sohada agentlikka qonunbuzarlik holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish, sudlarga boj to‘lamasdan da’vo kiritish vakolati berilishi mumkin. Nima uchun agentlik bu vakolatlarni o‘ziga olmoqchi, hozir prokuratura organlarida oshirilayotgan ishlar oxiriga yetmayaptimi?
— Yangi tahrirdagi davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunda ularning nazoratini amalga oshiruvchi idoralar qatoriga Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ham kiritilgan. Shu ma’noda agentligimiz davlat xaridlarining qonuniyligi bo‘yicha joylarda va onlayn tarzda monitoring olib boryapti. Afsuski, bir yilda yuzlab qonunbuzarlik holatlarini aniqlayapmiz. 2023 yilning o‘tgan 11 oyi ichida 150 ta holatda 243 mlrd so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlangan, 147 ta taqdimnoma kiritilib, 105 ta davlat xaridi bekor qilingan, 29 ta intizomiy choralar, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 42 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Agentlikka ma’muriy bayonnomalar tuzish vakolatini berish ba’zi funksiyalarning takrorlanmasligi, o‘z vaqtida javobgarlik ta’minlanishini ta’minlaydi. Faqat agentlik emas, Hisob palatasida ham shunday vakolat bo‘ladi.
Yuqorida aytganim, 143 mlrd so‘m zarar, bu – kutilayotgan zarar bo‘lgan, ya’ni oldi olingan shuncha zararning. Agar ikki tomonlama shartnomalar tuzib qo‘yilgan va tadbirkor ishga/buyurtmaga kirishgan bo‘lsa, endi bu ish faqat sud orqali bekor bo‘ladi. Shuning uchun ham sudga da’vo kiritish vakolati kerak bizga. Biz hozirgi vakolat bilan faqat oldini olishimiz mumkin, ammo shartnoma qilinib o‘tib ketgan qanchadan-qancha xaridlar bor, o‘shalar bo‘yicha ham sudga ariza berish vakolati kerak bo‘ladi.
— Umuman, farmon matniga e’tibor qilsak, davlat xaridlari sohasini tartibga solish asosiy o‘ringa chiqib qolgandek. Agentlik eng ko‘p e’tibor qilgan soha ham deyish mumkin. Yagona yetkazib beruvchilar, insofsiz ijrochilar reyestri, agentlikka vakolatlar va boshqalar. Agentlik davlat xaridlaridagi korrupsiyaviy holatlarni ilmiy tahlil ham qiladimi?
— Bizning vazifalarimiz faqatgina tekshirish, monitoring tadbirlarini o‘tkazish emas, balki o‘sha korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, shart-sharoitlarni o‘rganish ham vazifamizdir. Har bir monitoring va yil yakuni bo‘yicha biz tahlillar olib boramiz. Aniqlangan ishlarning tergov, sud jarayonlari o‘tgunga qadar ham doimiy nazoratda bo‘ladi. Prokuratura organlaridan ma’lumotlar olib, doimiy monitoringni yuritamiz, yuqorida keltirilgan raqamlarim ham shundan. Tahlillardan so‘ng esa bunday holatlar kelib chiqmasligi uchun nimalar qilish kerakligi bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqamiz. Hozirgi reyestr yuritish, bayonnoma tuzish kabi o‘zgarishlar ham shu tahlillar asosida shakllangan takliflardir. Hozir endi davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi taklif ishlab chiqyapmiz.
Hozirgi holatda ko‘proq ma’muriy javobgarlikka tortilib, milliard so‘mlik noqonuniy xaridlar qilgan bo‘lsa ham BHMning bir necha barobari miqdorida jarima bilan qutulib ketyapti. Bunday bo‘lgach, jarimasini to‘layman, deb yana qonun buzaveradi-da. Bundan tashqari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun faqat mansabdor shaxslarga javobgarlik bor. Lekin faoliyatimizda ko‘rinyaptiki, oddiy operator xodim ham bu qonunni buzishi mumkin. Lekin uni javobgarlik tortish uchun huquqiy asos yo‘q, endigi taklifimizda shunday holatlar ham nazarda tutilgan.
Yana bir og‘riqli masala: to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat xaridlari ko‘lamini qisqartirish. Ya’ni faqat prezident qarori bilangina istisno tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri tender o‘tkazish mumkin bo‘ladigan taklif ishlab chiqyapmiz.
— Sizningcha, shuncha taqiqlar va kurashga qaramay nega mansabdorlar yoki tadbirkorlar davlat xaridlaridagi korrupsiyadan o‘zini tiya olmayapti?
— Agentlik elitar korrupsiya bilan shug‘ullanyaptimi degan savollar ko‘p bo‘ladi bizda. Elitar korrupsiya bu — korrupsiyaga qarshi kurashishi kerak bo‘lgan insonlar tomonidan yoki u yo bu sohada tizimli tarzda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi pasayishi, davlat imijiga jiddiy zarar yetkazuvchi holatlardir. Mansabdorlarning pora olmasa ham, ko‘ngliga kelganini qilishi ham elitar korrupsiyadir.
Agentlik bu kabi korrupsion holatlarga birinchi o‘rinda e’tibor qaratadi. Eng katta yutuq — davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi. Bundan tashqari, amaldorlarning odob-axloqi bo‘yicha nizom qabul qilingani ham yaxshi bo‘ldi.
Har qanday davlatda tenderlarni yutib olish elitar korrupsiya hisoblanadi. Va har bir davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish idoralarining asosiy vazifasi davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunni takomillashtirish va shu bo‘yicha jinoyatlarning oldini olish hisoblanadi. Biz ham bu borada ishlar olib boryapmiz. Lekin afsuski, davlat xaridlarida hali ham jinoyatchilik bor. Eng katta qadamlarimizdan biri 2021 yildan davlat xaridlari onlayn platformada amalga oshirilishi, jamoatchilikka ochiq bo‘lishi bo‘ldi.
Nima uchun kamaymayapti deydigan bo‘lsak. O‘zi boshqa davlatlarda ham davlat budjetini o‘zlashtirish bo‘yicha jinoyatlar juda ko‘p bo‘ladi. Chunki budjet mablag‘lari davlat xizmatchilari uchun eng “yog‘li joy”. Yana bir omil borki, yildan yilga davlatdan ajratilayotgan budjet turlari ko‘payib boryapti. Ya’ni tumanlarda, viloyatlarda soliqlarning bir qismi va boshqa tushumlar qolyapti. Korrupsioner esa, albatta, bundan olishga harakat qiladi. Umuman, bu borada korrupsion omillar, xatarlar yuqori bo‘ladi. Ayni shu sohaga bizning agentlik katta e’tibor beradi va katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Lekin hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Bu safargi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonda ham davlat xaridlarini tartibga soluvchi yangi me’yorlar qo‘shilyapti. Bu ham korrupsion holatlarning oldini olishga katta xizmat qiladi.
To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Muhiddin Nido, Shoxruz Abdurayimov,
Montaj ustasi: Muhiddin Nido.
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024