O‘zbekiston | 11:24 / 06.12.2023
5697
6 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 2,3 trln so‘mlik zarar undirildi – Bosh prokuror

Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Bosh prokuratura

“Xalq so‘zi” gazetasining navbatdagi sonida O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi oldidan yangilangan Konstitutsiyaning amaliyotga tatbiq etilishiga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va qonuniylikni ta’minlash borasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha maqolasi e’lon qilindi.

Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, yangilangan Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga oid prezident farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining uchinchi yo‘nalishi – huquqiy davlat prinsipi asosida inson qadrini ulug‘lash siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga chiqarish, uning huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

“Bunda asosiy e’tibor Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanishiga qaratilmoqda. Zotan, qayd etilgan dasturda ko‘zda tutilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqib, amalga kiritish uchun muayyan vaqt talab etilar edi. Konstitutsiya normalari esa, joriy yil 1 maydan kuchga kirdi. Binobarin, insonning huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yangi normalarni amaliyotda bevosita o‘sha kunning o‘zidan boshlab qo‘llashga to‘g‘ri keldi”, — deyiladi maqolada.

Xususan, Konstitutsiya hamda dasturga muvofiq uy-joyda tintuv o‘tkazish, shaxsning telefon so‘zlashuvlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotlarni olish faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilandi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiya normalarining mazmun-mohiyatini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tushuntirish bo‘yicha o‘quv kursi moduli doirasida vazirlik va idoralarning qariyb 2 500 nafardan ortiq xodimlari o‘qitilishi tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlarning muntazam ravishda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri, so‘zsiz va samarali qo‘llashda Oliy Sud Plenumining joriy yil 23 iyun kuni qabul qilingan “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori ham muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bosh prokuratura hamda boshqa tuzilmalar takliflari asosida ishlab chiqilgan mazkur qarordagi tushuntirishlar nafaqat sudlar, balki huquq-tartibot, nazorat organlari, vazirlik va idoralar, umuman olganda, barcha huquqni qo‘llovchilar tomonidan Konstitutsiya normalarini qo‘llash jarayonida inson huquqlari, erkinliklari, davlat hamda jamiyat manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Konstitutsiya qoidalaridan kelib chiqib, inson huquq va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ularni byurokratik to‘siqlarsiz, tezkor ravishda muhokamalardan o‘tkazishga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament muhokamasiga kiritish uchun tayyor holga keltirildi. Ushbu loyiha 5 ta qonun va 2 ta kodeksni takomillashtirishni nazarda tutadi.

Bosh prokuror o‘z maqolasida sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot bergan.

“Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning 10 oyida fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 28 mingta tekshirish o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha jami 134 mingtaga yaqin prokuror nazorati hujjati qo‘llandi. Eng muhimi, 321 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 2,3 trln so‘mlik zararning undirilishi ta’minlandi. Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish ishlari ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu maqsadda 9 mingga yaqin targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi, qayd etilgan yo‘nalishda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 13,2 ming nafardan ziyod shaxs javobgarlikka tortildi, 5,2 mlrd so‘m zarar ixtiyoriy undirildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasidagi faoliyat ham takomillashib bormoqda. Bu boradagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 380 dan ziyod muvofiqlashtiruvchi kengashlari o‘tkazildi”.

Xususan, sudlarda qariyb 80 mingta ishning ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlandi. Joriy yilning 10 oyida kelib tushgan jami 388 mingdan ziyod murojaatning 215 mingtasi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqilib, 287 ming nafar fuqaro qabul qilindi. Natijada 41 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 91 mingga yaqin murojaatda ko‘tarilgan masalalarni ham hal etish choralari ko‘rildi.

Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammolar bartaraf etilishiga erishildi.

Xususan, joriy yilgi davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarda qimmat va asossiz hisoblangan 2 trln 566,6 mlrd so‘mlik qiymat maqbullashtirilib, budjet mablag‘larining asossiz sarflanishi oldi olindi, 22,2 mlrd so‘mlik sifatsiz ishlar va 15,3 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etilgan.

Mavzuga oid