O‘zbekiston | 18:50 / 06.12.2023
8443
5 daqiqa o‘qiladi

Tarixda birinchi marta Konstitutsiyaviy sud axboroti ochiq majlisda eshitildi 

Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axborot ko‘rib chiqildi. Konstitutsiyaviy sud ayrim jinoiy va ma’muriy jazo choralarini qayta ko‘rib chiqishga, sudyalarning xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyotini bekor qilishga, firibgarlik bo‘yicha jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga chaqirdi. 

Foto: Konstitutsiyaviy sud

5 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis palatalari, hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdi. 

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaviy sud axboroti mamlakat tarixida birinchi marta ochiq majlisda ko‘rib chiqildi. 

Majlisda Konstitutsiya va «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi. 

Konstitutsiyaviy sud aholi murojaatlarida ko‘tarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratdi: 

  • bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganini inobatga olib, bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish, bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar mas’uliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq; 
  • mulk huquqi kafolatlariga rioya etmaslik holatlari sezilarli kamaygan bo‘lsa-da, hali bu sohada muammolar saqlanib qolayotganini inobatga olib, mahalliy davlat hokimiyatining ushbu masalalarda huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulq huquqi buzilishi holatiga mutlaqo toqatsiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish zarur; 
  • ba’zi hududlarda tadbirkor o‘z mahsulotini viloyat hududidan erkin olib chiqib ketishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya etish talab etiladi. 

Majlisda konstitutsiyaviy huquqlarga rioya etmaslik holatlari vakolatli davlat organlari diqqat-eʼtibori markazida bo‘lishi kerakligi, bu bilan bog‘liq har bir holat zudlik bilan o‘rganilishi hamda buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi lozimligi ta’kidlandi. 

Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy normalarga rioya etmaslik bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish bilan cheklanmasdan, ularni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralarni ko‘rib borish zarurligini ham qayd etdi. 

Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutini fuqarolar uchun yanada qulay qilish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishishni ta’minlash maqsadida fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi qayd etildi. 

Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etishni ta’minlash maqsadida ayrim jinoiy va ma’muriy jazo choralarini, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. 

Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga rahna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu tartibni bekor qilishga chaqirdi. 

Aholi takliflaridan kelib chiqib, alohida jinoyatlar, birinchi navbatda firibgarlik bo‘yicha jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplanilganini inobatga olish talabini kiritish orqali jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. 

Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotni tasdiqlash hamda uni Konstitutsiya talablari asosida Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.

Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborot tasdiqlangan.

«Konstitutsiyaviy sud dunyoviy davlat konstitutsiyaviy prinsipining belgilanishi fuqarolarning vijdon erkinligini to‘laqonli ta’minlashi uchun xizmat qilishini qayd etadi hamda ushbu prinsipning mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kengaytirishni tavsiya etadi, shuningdek, dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda uni umummilliy qadriyat sifatida qonun darajasida qabul qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi», deyiladi Konstitutsiyaviy sud qarorida.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyada O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida belgilangan. Ushbu norma qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

Mavzuga oid