Dunyoda eng ko‘p sotilgan avtomobil – 57 yilda ham eskirmayotgan Toyota Corolla tarixi
Bugun dunyo avtosanoatini yapon avtomobilsozlik kompaniyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular orasida Toyota kompaniyasi alohida ajralib turadi. Kompaniya avtomobillari dunyoning barcha chekkalariga kirib borgan. Ayniqsa uning Toyota Corolla nomi ostida ishlab chiqarayotgan avtomobili dunyoda juda mashhur. Bu mashina 57 yildan buyon yangilangan holda to‘xtovsiz ishlab chiqarilmoqda.
O‘tgan asrning 60 yillariga kelib iqtisodiyotda «Yapon mo‘jizasi» iborasi paydo bo‘ldi. Bunga sabab, ikkinchi jahon urushidan so‘ng qayta oyoqqa turgan yoki Yaponiya kompaniyalari ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan texnikalarni ishlab chiqara boshladi.
Jumladan, cho‘ntakka joylasa bo‘ladigan radio, magnitofon, rangli televizorlar, videomagnitofonlar, videokameralar va boshqa turli elektronika buyumlarini ilk bor yaponlar ishlab chiqargan.
Shuningdek, XX asr boshlarida tamal toshi qo‘yilgan yapon avtomobil sanoati urushdan so‘ng juda tez sur’atlarda rivojlana boshladi va qisqa muddatda jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Garchi 2000-yillardan boshlab Yaponiyaning iqtisodiy o‘sishi sekinlashgan va «Yapon mo‘jizasi» termini kun tartibidan tushgan bo‘lsa-da, bugun ham Yaponiya kompaniyalari o‘zlarining pishiq va sifatli mahsulotlari bilan turli mijozlar e’tirofiga sazovor bo‘lib kelyapti.
Jumladan, yapon avtomobilsozlari ishlab chiqargan turli rusumdagi mashinalar bugun ham dunyo bo‘ylab xaridorgir. Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Yaponiya avtomobilsozlari dunyo bo‘ylab har bir necha o‘n million donadan ko‘p avtomobil ishlab chiqarib sotmoqda.
Yaponiya avtomobilsozlik kompaniyalari orasida Toyota alohida ajralib turadi. 1937 yilda tashkil topgan Toyota bugun dunyodagi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda kompaniya har yili 8-10 million dona avtomobil ishlab chiqarmoqda va eng ko‘p mashina ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida yuqori o‘rinni egallamoqda.
Kompaniyaning eng muvaffaqiyatli modellaridan biri Toyota Corolla hisoblanadi. Bu mashina ilk bor 1966 yilda ishlab chiqarilgan. 1968 yilda Toyota Sprinter nomi bilan uning xetchbek varianti paydo bo‘ladi.
Umumiy hisobda Toyota Corolla uzoq yillardan buyon sedan, ikki, uch va besh eshikli xetchbek, liftbek va universal ko‘rinishlarda ishlab chiqarib kelmoqda.
1-avlod Toyota Corolla E10 (1966-1970)
1966 yilda Toyota Corolla ilk bor sedan ko‘rinishida ishlab chiqarilganda uning uzunligi 3 850, yerdan balandligi 170 millimetr, og‘irligi 690 kg bo‘lgan.
Mashina ikki eshikli bo‘lib, unga 1,1 litr hajmli 60 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan. Mashina har 100 km masofaga 5 litr yoqilg‘i sarflagan. Maksimal tezligi soatiga 140 km bo‘lgan.
Ushbu model 1966 yildan 1970 yilgacha ishlab chiqarilgan.
2-avlod Toyota Corolla E20 (1970-1974)
1970 yilda kompaniya restayling (mahsulotni yangilash) o‘tkazadi va Toyota Corolla yangilangan ko‘rinishda ishlab chiqariladi. O‘shanda nafaqat mashinaning tashqi va ichki ko‘rinishi, hatto dvigatellarigacha o‘zgaradi.
Jumladan, mashina uzunligi qariyb 4 000 millimetrga yetkaziladi. Avvaliga unga 1,2 litr hajmli dvigatel o‘rnatiladi. Oradan bir yil o‘tib bu model 1,6 litr hajmli 75 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel bilan almashtiriladi.
AQShga eksport qilinadigan variantiga esa yanada kuchaytirilgan 1,6 litr hajmli 102 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatiladi. Garchi dvigatel quvvati ancha oshgan bo‘lsa-da, yoqilg‘i sarfi uncha o‘zgarmaydi va har 100 km masofaga 5-6 litr benzin sarflaydi.
Shuningdek, kuzovning biroz kattalashishi natijasida mashina og‘irligi ham 825 kilogrammgacha oshadi. Maksimal tezlik soatiga 160 kmga yetadi. Bu model 1970-1974 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan.
3-avlod Toyota Corolla (1974-1979)
1974 yilda kompaniya Toyota Corolla mashinalarining yana yangilangan variantini ishlab chiqara boshlaydi. Ular 3-avlod mashinalari deb ataladi.
Ana shu modeldan boshlab Toyota Corolla mashinalarining ikki, uch va besh eshikli, universal va xetchbek ko‘rinishdagi modellari chiqarila boshlanadi. Shuningdek, ilk bor avtomat uzatish qutili varianti ham paydo bo‘ladi.
3-avlod mashinalari ham 1,2, 1,4 va 1,6 litr hajmli, 54-58 ot kuchiga ega dvigatellar bilan jihozlanadi. Unda yoqilg‘i sig‘imi har 100 kmga 7 litrgacha oshadi.
Bu model 1979-1983 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan va u AQShda juda ommalashadi.
4-avlod Toyota Corolla (1979-1983)
1979 yil mart oyida kompaniya 4-avlod Toyota Corolla avtomobillari bozorga chiqariladi. Ushbu model 1,3 va 1,8 litr hajmli 65 dan 115 ot kuchigacha bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlanadi.
Aynan shu modeldan boshlab Toyota Corolla mashinalariga dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan dvigatellar ham o‘rnatila boshlanadi. Ushbu mashina ham sedan, universal va xetchbek ko‘rinishlarida ishlab chiqariladi.
5-avlod Toyota Corolla (1983-1987)
1983 yildan boshlab kompaniya 5-avlod mashinalarini ishlab chiqara boshlaydi. Bu modelga 1,3-1,8 litr hajmgacha bo‘lgan 75-96 ot kuchiga ega va dizelda harakatlanadigan 1,8 litr hajmli 58 ot kuchiga ega dvigatellar o‘rnatiladi.
Mashina uzunligi 4 200 millimetrga yetkaziladi. Yoqilg‘i sarfi esa 100 kmga 8 litrni tashkil etgan.
Aynan shu modeldan boshlab Toyota Corolla mashinalarining ayrim turlariga alohida nom berila boshlangan. Masalan, uch eshikli xetchbek Corolla Trueno, ikki eshikli sedan Corolla Levin nomi bilan chiqarilgan.
5-avlod Toyota Corolla juda xaridorgir bo‘ladi va kompaniya bir necha yilda ushbu mashinadan jami 3,3 million dona ishlab chiqarib sotadi.
Ushbu model AQShda ham tayyorlana boshlanadi. Biroq avvaliga General Motors bilan hamkorlikda chiqarilgani uchun mashinalarga Toyota emas, General Motors brendi uriladi.
6-avlod Toyota Corolla (1987-1992)
1987 yildan boshlab kompaniya 6-avlod Toyota Corolla’larni ishlab chiqara boshlaydi. Ushbu mashina AQShda General Motors bilan hamkorlikda chiqarilgan va Geo Prizm, Avstraliyada esa Holden Nova nomi bilan sotilgan.
Bu model asosan 1,6 litr hajmli 75 dan 125 ot kuchigacha bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlangan. Mashinaning maksimal tezligi soatiga 172 kmni tashkil etgan.
1988 yilda uning universal modeli Toyota Corolla Tercel nomi bilan chiqariladi.
7-avlod Toyota Corolla (1991-1997)
1991 yilda kompaniya Toyota Corolla modelining ko‘rinishini keskin o‘zgartiradi. Mashina avvalgilaridan uzunroq va kengroq tarzda ishlab chiqariladi.
7-avlod mashinalariga 1,3 litr hajmli 88 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel o‘rnatiladi. Uning maksimal tezligi soatiga 165 km edi.
Dizelda harakatlanuvchi variantiga 2 litr hajmli 75 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatiladi. U 100 kmga 5,8 litr yoqilg‘i sarflaydi.
Shu paytdan boshlab kompaniya AQShda General Motors’dan alohida bo‘ladi va o‘z mashinalarini Toyota brendi ostida sota boshlaydi.
8-avlod Toyota Corolla (1995-2002)
Bu model ham o‘zidan oldingisidan ancha farq bilan chiqariladi. Jumladan, mashina uzunligi 4 295, eni 1 690 millimetr, og‘irligi 1080 kg bo‘ladi.
Yukxona sig‘imi 390 litr, yoqilg‘i sig‘imi esa 50 litr bo‘ladi. Mashinaga 1,6 litr hajmli, 110 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatiladi.
U 100 kmga 8,7 litr yoqilg‘i sarflardi. Mashinaning maksimal tezligi soatiga 192 kmga yetkaziladi.
9-avlod Toyota Corolla (2000-2006)
2000 yilda Yaponiyada Toyota Corollaʼning 9-avlodi Ye120 nomi ostida taqdim etiladi. Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida bu model Corolla Altis nomi bilan sotiladi.
Uning universal varianti Yaponiyaning o‘zida Corolla Fielder nomi bilan savdoga chiqariladi. Shuningdek, ko‘plab davlatlarda bu model Toyota Ye120 nomi bilan sotilgan. 2002 yilda Toyota Ye120 yil avtomobili deb topiladi.
Ushbu model benzinda harakatlanuvchi 1,4 va 1,6 litr hajmli 90 hamda 97 ot kuchiga ega, dizelda harakatlanuvchi 1,4 va 2 litr hajmli 90 hamda 116 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangandi.
Mashina uzunligi 4 375, eni 1 710 millimetrga uzaytiriladi. Natijada uning og‘irligi 1 115 kgga yetadi. Bu model ham sedan, universal va xetchbek ko‘rinishlarida ishlab chiqarilgan.
10-avlod Toyota Corolla (2006-2012)
2006 yilda Toyota Corolla’ning 10-avlod mashinalari ishlab chiqarila boshlanadi. Yaponiyada bu model Corolla Axio va Corolla E140 nomlari bilan, Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida Corolla Axio nomi bilan sotiladi.
Corolla Axio va Corolla Altis bir biridan biroz farq qilardi. Jumladan, Yaponiyada sotilgan varianti Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida sotilgan variantidan biroz hashamatliroq va qimmatroq edi.
Yevropada 10-avlodning universal varianti Corolla Fielder, xetchbek varianti esa Toyota Auris nomi bilan savdoga chiqarilgan.
Bu modelda dvigatellar, yoqilg‘i sig‘imi, uzatish qutilari qariyb o‘zgarmaydi. Faqat mashina avvalgilaridan og‘irroq bo‘ladi – 1 300 kg.
11-avlod Toyota Corolla (2012-2018)
2012 yilda kompaniya 11-avlod mashinalarini chiqara boshlaydi. Ular asosan Corolla Axio va Corolla Ye160 nomi ostida chiqariladi. Universal varianti ham Corolla Fielder nomini saqlab qoladi.
Mazkur model 1,3 va 1,5 litr hajmli 90 dan 132 ot kuchigacha ega bo‘lgan CVT transmissiyali beshta uzatish qutili avtomat yoki oltita mexanika uzatish qutili dvigatel bilan chiqarilgan.
Uning maksimal tezligi soatiga 180-200 kmni tashkil etadi. Mashina 100 km masofaga o‘rtacha 6 litr yoqilg‘i sarflaydi.
Mashina og‘irligi 1 280 kg, uzunligi 4 620, eni 1 775, yerdan balandligi 125 millimetrni tashkil etadi.
12-avlod Toyota Corolla (2018 yildan hozirgacha ishlab chiqarilmoqda)
2018 yil mart oyida kompaniya 12-avlod mashinasini sotuvga chiqaradi. Toyota Corolla yangi ko‘rinishda Toyota Auris nomi ostida chiqariladi. U AQShda ilk bor 2018 yil iyunda Nyu-York avtosalonida ommaga taqdim etiladi.
Mashina og‘irligi 1 297 kg, uzunligi 4 651, eni 1 775, yerdan balandligi 170 millimetrni tashkil etadi. Uning gibrid varianti sal og‘irroq – 1310-1425 kg.
So‘nggi modelga uning rusumiga qarab bir necha xil dvigatel o‘rnatilgan. Jumladan, asosiy rusum 1,5 litr hajmli, 125 ot kuchiga ega Dynamic Force dvigateli bilan jihozlangan.
Yana biriga 1,6 litr hajmli, 132 ot kuchiga ega avtomat CVT transmissiyali yoki oltita mexanika uzatish qutili, boshqasiga esa 1,8 litr hajmli CVTi-S yoki mexanika uzatish qutili dvigatellar o‘rnatilgan.
Gibrid variantiga esa 1,8 litr hajmli 122 ot kuchiga ega bo‘lgan CVT transmissiyali dvigatel bilan jihozlangan.
Toyota Corolla’ning boshqa ko‘rinishda chiqarilganlari
Toyota Corolla Wagon / Toyota Sprinter Wagon – bu mashinalar Toyota Corollaʼning universal ko‘rinishda, besh eshikli qilib ishlab chiqarilgan variantlari hisoblanadi.
Toyota Sprinter Carib – bu Toyota Corolla Wagon’ning o‘zi faqat ruli o‘ng tomonida joylashgan varianti. Ushbu mashina harakat chap tomonlama bo‘lgan davlatlar uchun ishlab chiqarilgan.
Toyota Corolla Fielder – bu ham universal ko‘rinishda besh eshikli mashina hisoblanadi. Uning Toyota Corolla Wagonʼdan farqi kuzov va shunga hamohang dvigatel o‘lchami biroz katta qilib chiqarilgan.
Toyota Sprinter Trueno / Toyota Corolla Levin – ushbu mashina ikki eshikli qilib chiqarilgan.
Toyota Corolla II – 1978 yildan 2000 yilgacha ushbu mashinaning besh avlodi chiqarilgan. 2000 yildan uning o‘rniga Toyota Platz chiqarila boshlagan.
Toyota Corolla Ceres / Toyota Sprinter Marino – Xardtop ko‘rinishidagi ushbu mashinalar 1980 yillar oxiridan 1990-yillar oxirigacha ishlab chiqarilgan. Mashinalar nomi Ceres – qadimgi Rim afsonalaridan, Marino – esa Italiyadagi shahar nomidan olingan.
Toyota Corolla Blade – Bu mashina Toyota Auris’ga o‘xshash, biroq undan bir sinf yuqori qilib ishlab chiqarilgan. Mashinaga 2,4 litrli dvigatel o‘rnatilgan.
Toyota Corolla Spacio – Besh eshikli ushbu mashina 1997 yildan 2005 yilgacha ishlab chiqarilgan bo‘lib, u shaharda yurishga mo‘ljallangan edi. Toyota Corolla Spacio 1,6 va 1,8 litrli dvigatel bilan chiqarilgan.
Corolla Verso – Yevropa va Amerikada Toyota Corolla Spacio shu nomda sotilgan. Ushbu model 2001 yildan 2009 yilgacha ishlab chiqarilgan. 2008 yilda Germaniyaning Auto Bild nashri ushbu mashinani yengil mashinalar orasida eng ishonchli deb topgan.
Toyota Corolla RunX / Toyota Allex – Ushbu mashina besh eshikli xetchbek bo‘lib, u asosan Yaponiya bozori uchun ishlab chiqarilgan. Mashinaga 1,5 va 1,8 litrli dvigatel o‘rnatilgan.
Keyinroq ushbu mashina Yevropa bozoriga Toyota Corolla nomi bilan sotuvga chiqarilgan.
Toyota Corolla haqida qiziqarli ma’lumotlar
Toyota Corolla – avtomobilsozlik tarixida eng ko‘p sotilgan model sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga ikki marta kiritilgan.
Toyota Corolla ilk bor 1966 yilda ishlab chiqarilgan. O‘shandan buyon kompaniya dizaynerlari uning yangilangan variantlarini taqdim etib kelishmoqda. Hozirda uning o‘n ikkinchi avlodi ishlab chiqarilmoqda.
So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab o‘rtacha har 15-30 soniyada bitta Toyota Corolla mashinasi sotilmoqda.
1966 yildan 2023 yilgacha qariyb 50 million dona Toyota Corolla ishlab chiqarilib sotilgan.
Toyota Corolla dunyoning yigirmaga yaqin davlatida ishlab chiqariladi va 150 dan ortiq davlatda sotiladi.
Toyota Corolla nega ommalashgan?
Hech kimga sir emas, yapon avtomobillari juda sifatli qilib tayyorlanadi. Shu jumladan Toyota kompaniyasi ishlab chiqargan mashinalar ham.
Endi Toyota Corolla avtomobiliga kelsak, bu mashinaning uzoq yillardan buyon to‘xtovsiz ishlab chiqarilayotganiga va ko‘p sotilayotganiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan.
Eng birinchi omil uning sifatli tayyorlanishidir. Yapon mashinalarining sifatli va pishiq qilib ishlab chiqarilishi uning eng birinchi yutug‘i hisoblanadi.
Yana bir omil – Toyota Corolla ishlab chiqarila boshlangandan so‘ng kerakli vaqtida yangilanib turgan va bozor talablariga qarab zamonaviylashtirib borilgan. Bu ham xaridorlarning e’tiborini tortgan.
Eng asosiy omil – Toyota Corolla har doim hamyonbop narxlarda sotilgan. Masalan, aksariyat davlatlarda so‘nggi rusumdagi yangi Toyota Corolla 20 ming AQSh dollari atrofida sotilmoqda.
Dunyoning juda ko‘p davlatlarida bu narx qimmat hisoblanmaydi. Ayniqsa, mashina Toyota brendiga mansub bo‘lsa.
Hozir O‘zbekistondagi turli onlayn platformalarda 2023 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Corolla mashinasini 24 mingdan 26 ming dollargacha taklif etishyapti.
Toyota kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan mashinalar sifatiga juda yuqori baho beradi. Shu sababli Toyota Corolla mashinalariga 3 yil yoki 100 ming km masofaga yurgunicha kafolat beriladi.
Ana shu vaqt mobaynida mashinada aniqlangan istalgan kamchilik joylardagi servis bo‘limlarida to‘g‘rilab beriladi. Agar nosozlik jiddiy bo‘lsa mashina almashtirib beriladi.
Toyota Corolla mashinalarining yana bir yutug‘i, ular o‘z egalariga uzoq muddat xizmat qilib beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu mashina turli sharoitlarda foydalanilganda kamida 5 yil yoki 300 ming kilometr masofa bosib o‘tganda ham jiddiy ta’mirga muhtoj bo‘lmaydi.
Eng yomon sharoitlarda foydalanilganda 150-200 ming kilometr masofani bosib o‘tgancha yoki 4 yil jiddiy ta’mirga muhtoj bo‘lmaydi. Mashina turli xaridorlarni shunday ko‘rsatkichlar bilan ham o‘ziga jalb qiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
09:52 / 15.11.2024
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
07:31 / 12.11.2024