Jahon | 11:12 / 08.12.2023
6116
3 daqiqa o‘qiladi

Kapitoliyga hujum: sobiq politsiyachi 11 yilga qamaldi

Kaliforniyalik sobiq politsiyachi sudda oxirigacha Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovidagi g‘alabasi firibgarlik yo‘li bilan o‘g‘irlangani haqida bahslashdi. Unga 11 yil-u 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Foto: Reuters

7 dekabr, payshanba kuni AQSh federal sudi Kaliforniya shtatidan bo‘lgan sobiq politsiyachisi Alan Xostetterni 2021 yil 6 yanvar kuni Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirgani uchun 11 yil-u 3 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Prokurorlar 59 yoshli Xostetter uchun 12 yarim yil qamoq jazosini talab qilgan edi. Sobiq politsiyachi yanvar oyida jazoni o‘ta boshlaydi. Iyul oyida sudya uni to‘rtta moddada, jumladan Kongress ishiga to‘sqinlik qilish uchun til biriktirish va xavfli qurol bilan tartibsizlik qilishda aybdor deb topdi. Sudda Xostetter o‘sha paytdagi prezident Donald Trampning 2020 yilgi saylovlardagi g‘alabasi katta firibgarlik yo‘li bilan o‘g‘irlanganini ta’kidladi.

2021 yil yanvar oyida Kapitoliyga hujum 

Prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Tramp tarafdorlari 2021 yil 6 yanvar kuni ovoz berish natijalarini tasdiqlash vaqtida Kongress binosi oldida g‘alayon ko‘tardi. Namoyishchilar binoga bostirib kirdi, Kongressdagi muhokamalar bir necha soatga to‘xtatildi va qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilindi. Politsiya hujum ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, AQSh Milliy gvardiyasi Vashingtonga yetib kelgan. 

Norozilik paytida besh kishi halok bo‘ldi, 50 ga yaqin kishi qo‘lga olindi, ularning ba’zilariga ayblov e’lon qilindi. Hujumning yuzlab ishtirokchilari allaqachon turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi. Tergov fikricha, namoyishning asosiy ishtirokchilari Proud Boys va Oath Keepers tashkilotlari bo‘lgan. 

Kapitoliyga bostirib kirish ishida jami 1230 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda, ular orasida Donald Tramp ham bor. AQSh sobiq prezidenti 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanmoqda. U o‘zining aybsizligini bildiryapti. 2023 yil dekabr oyi boshida sud sobiq prezident daxlsizlik huquqiga ega emasligi va Kapitoliyga bostirib kirishdagi roli uchun fuqarolik da’volari sudi oldida javob berishi kerakligi haqida qaror chiqardi.

Mavzuga oid