Qamchiq dovonida qor yog‘moqda
Dovon yo‘lidan o‘tuvchi haydovchilardan hushyor va ehtiyotkor bo‘lish so‘ralmoqda.
Qamchiq dovonida kunning ikkinchi yarmida boshlangan qor davom etmoqda.
«Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK axborot xizmati xabarida ma’lum qilinishicha, A373 M39 avtomobil yo‘lining Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonida havo bulutli bo‘lib, ba’zi hududlarida yomg‘ir, ba’zi joylarida esa qor yog‘moqda.
«Yo‘llarda ko‘rish darajasi 900 metrni, shamol 3—7 metr/sekundni, havo harorati –1 darajani tashkil etmoqda. Qor yog‘ib turgan paytda dovonda avtotransport vositalarining to‘xtovsiz ikki tomonlama harakatlanishini ta’minlash maqsadida «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK tomonidan yo‘l qoplamasida sirpanchiq bo‘lmasligi uchun qum-tuz aralashmasi sepish ishlari amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda dovonda avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanmoqda.
«Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK barcha haydovchilarga ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tezlikni me’yordan oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini tavsiya qiladi», deya qo‘shimcha qilingan xabarda.