Jahon | 22:55 / 09.12.2023
49466
12 daqiqa o‘qiladi

Harbiylar Putinni ko‘ndirdi, G‘azoda erkaklar yechintirildi, Ukraina rahbariyatida bo‘linish – hafta dayjesti

O‘zbekistonda bayram va dam olish kuni edi. Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan aksar o‘zbekistonliklar oilasi davrasida hordiq chiqardi. Ammo dunyoning ko‘plab yerlarida odamlar na dam oladigan va na bayram qiladigan ahvolda. Quyida ortda qolayotgan haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.

Putinning «osmon korteji»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6 dekabr kuni BAA va Saudiya Arabistoniga bordi. U BAAda mamlakat prezidenti Muhammad ibn Zayd Ol Nahyon bilan, Saudiyada qirollik valiahd shahzodasi, amalda mamlakatni boshqarayotgan Muhammad ibn Salmon bilan uchrashdi.

Foto: Kremlin.ru

Bu ikki uchrashuv haqida faqat umumiy ma’lumotlar berilgan. Unga ko‘ra, Putin arab davlatlari yetakchilari bilan Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni, shuningdek, Ukrainadagi urushni muhokama qilgan. Saudiya valiahd shahzodasi bilan uchrashuvda esa ikki davlatning OPeK+ doirasidagi hamkorligi ham muhokama qilingan. Tezda Rossiyaga qaytgan Putin 7 dekabr kuni Kremlda Eron prezidenti Ibrohim Raisiyni qabul qildi.

Rossiya prezidentining bu uchrashuvlarini neft bilan bog‘lashmoqda. Axir chindan Saudiya va Eron dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchilardan hisoblanadi. Neft narxining oshishi esa ikki yildan buyon Ukraina bilan urushayotgan Rossiya uchun ayni muddao. Putinning bu uchrashuvlaridan keyin bozorda neft narxi biroz qimmatladi, lekin favqulodda o‘sish bilan emas.

Putinni Yaqin Sharqqa safari davomida 5 ta qiruvchi samolyot kuzatib bordi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov buni «mintaqadagi oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat» bilan bog‘lagan.

Foto: Videodan kadr

Xoin Kiva o‘ldirildi

Ukraina Oliy Radasi sobiq deputati Ilya Kiva Moskva oblastida u yashayotgan mehmonxona yaqinidagi daraxtzorda otib o‘ldirildi. Ukrain nashrlariga ko‘ra, sobiq deputat Ukraina Xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi doirasida o‘ldirilgan.

Ilya Kiva hamda Viktor Medvedchuk

O‘z vaqtida «Donbassni kuch bilan ukrainlashtirish kerak» degan g‘oyani targ‘ib qilgan Kiva keyinchalik o‘z pozitsiyasini keskin o‘zgartirib, Rossiyani qo‘llay boshlaydi. Ukrainaliklar buni Kiva Putinning Ukrainadagi odami Viktor Medvedchuk bilan tanishgani bilan bog‘lashadi. Sobiq deputat urush boshlanishi arafasida Ukrainani tark etib, Rossiyaga yo‘l oladi. U tez orada Kreml targ‘ibotchilaridan biriga aylanib, rus telekanallarida Ukrainani qoralab yuzlab chiqishlar qiladi.

2023 yil 6 dekabr tongida Ilya Kiva o‘z kanalida Ukraina prezidenti Zelenskiy tez orada o‘ldirilishini yozib chiqdi. Ammo bir necha soat o‘tib uning o‘zini o‘ldirib ketishdi. Kiva bilan yashab yurgan ayolning aytishicha, u kanali uchun videolarni joyini topa olmasliklari uchun mehmonxona yaqinidagi daraxtzorda suratga oladi. Uni aynan mana shu daraxtzorda otib ketishgan.

Yo‘qolgan vazir o‘lganmi?

Shu kunlarda AQShning Politico nashri yana bir o‘lim holati haqida shov-shuvli xabar tarqatdi. Gazetaning yozishicha, iyun oyidan buyon ko‘rinmay qolgan Xitoy sobiq tashqi ishlar vaziri Sin Gan iyul oyi oxirida Pekindagi harbiy hospitalda vafot etgan.

Nashrga ko‘ra, sobiq vazir yoki qiynoqlar oqibatida halok bo‘lgan yoki o‘z joniga qasd qilgan. Politico manbalari Sin Ganning g‘oyib bo‘lishini Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenkoning Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuviga bog‘lagan.

Andrey Rudenko va Sin Gan

Rudenko chindan Sin Gan g‘oyib bo‘lishidan biroz avval Si Jinping bilan uchrashgan. Politico manbalariga ko‘ra, Rudenko Xitoy raisiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Sin Gan G‘arb davlatlari maxsus xizmatlariga «Xitoy yadro sirlari borasida ma’lumot yetkazganini» aytgan.

Ma’lumot uchun, Sin Gan Xitoy tashqi ishlar vaziri bo‘lishidan avval bir yil davomida mamlakatning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan. 1995 yildan 2005 yilgacha esa Britaniyadagi Xitoy elchixonasida maslahatchi bo‘lgan.

Harbiylar ko‘ndirishdi! Putin saylovda qatnashadi

8 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelasi yil mart oyida o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashishini aytdi.

Kremlda Putin bir guruh harbiylar bilan uchrashdi. Ulardan biri Putindan kelasi yil saylovda qatnashishini iltimos qilib so‘radi. Harbiy Putin mamlakatga kerakligini, hali qiladigan ishlar ko‘p ekanini aytdi. Putin esa har xil vaqtda har xil fikrda bo‘lgani, hozir esa saylovda qatnashmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Ma’lumot uchun, ilk marta 1999 yil Boris Yelsin o‘rniga vaqtincha prezident bo‘lgan Putin hozirgacha 4 marta Rossiya prezidentligi uchun saylovda qatnashgan va har safar katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan.

Erdo‘g‘an Yunonistonda

Haftaning muhim tashriflaridan biri Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘anning Gretsiyaga borgani bo‘ldi. Bu Turkiya yetakchisining qo‘shni Gretsiyaga 7 yil ichidagi ilk tashrifi edi. Ikki qo‘shni davlat azaldan murakkab munosabatda bo‘lgan, 2016 yil ularning aloqasi keskin yomonlashgandi. 7 dekabrda Afinada o‘tgan uchrashuv doirasida Erdo‘g‘an Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan birga ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik deklaratsiyasini imzoladi.

Turkiya va Gretsiya turizm, savdo, energetika, texnologiya, ta’lim va migratsiya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. Bundan tashqari, tomonlar besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirib, 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

Kavkazda tinchlik kelishuvi

Ozarboyjon va Armaniston nihoyat tinchlik bitimi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tomonlar Ozarboyjon tarixiy yerlari bo‘lmish Qorabog‘ni qaytarib olganidan keyin kelishuv borasida o‘zaro ish olib borayogandi. Ushbu haftada har ikki davlat o‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida aniq qadamlar qo‘yishga kelishib oldi.

«Armaniston va Ozarboyjon mintaqada uzoq kutilgan tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat mavjudligini tan oladi. Ikkala davlat ham munosabatlarni normallashtirish, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillarini hurmat qilish asosida tinchlik bitimini tuzish niyatlarini tasdiqlaydi», deyiladi ikki davlat qo‘shma bayonotida.

Kelishuv doirasida Ozarboyjon 32 nafar arman askarini, Armaniston esa ikki ozar askarini ozod qilgan.

G‘azoda erkaklar yechintirildi

G‘azoda bir haftagina davom etgan otashkesimdan keyin Isroil yana hujumga zo‘r berdi. Ushbu haftada G‘azoda olingan va bir nechta yirik nashrlar haqqoniyligini tasdiqlagan dahshatli video tarqaldi.

G‘azodagi erkaklar isroillik harbiylar tomonidan ich kiyimigacha yechintirildi

Unda o‘nlab falastinlik erkaklar ich kiyimigacha yechintirilgan holatda Isroil harbiylari buyrug‘iga bo‘ysunib turibdi. Videoda isroillik harbiylar falastinliklarga oyoq kiyimini yechishni buyurgan. BBC video haqiqiyligini tasdiqlagan. Bir qator nashrlar kadrda falastinlik mashhur jurnalist ham yechintirilgan odamlar orasida bo‘lganini yozib chiqdi.

Daniyada Qur’onni yoqish taqiqlandi

Daniyada islom olamining muqaddas kitobi Qur’oni karimni yoqish taqiqlandi. Bu jinoyatni sodir etganlar ikki yilgacha qamalishi mumkin. Daniya parlamenti muqaddas matnlarni tahqirlashni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. U mamlakatda terrorchilik xavfini oshirayotgan «tizimli ta’qiblar»ni to‘xtatish maqsadida qabul qilingan.

Reuters agentligiga ko‘ra, birgina 2023 yilda qirollikda 500 martadan ko‘proq Qur’onni yoqish holatlari kuzatilgan. Islom Hamkorlik Tashkiloti va uning ko‘plab a’zolari bunday harakatlarni keskin qoralagan edi.

To‘qayev yil golini urdi

Haftaning eng kulgili videolaridan biri Qozog‘istonda tarqaldi. Mamlakat prezidenti To‘qayev Aqto‘be oblastidagi sport komplekslaridan biriga borib futbol bo‘yicha mahoratini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Aytish mumkinki, To‘qayev o‘sha oddiy qishloq zalida «yil golini urdi». Videoda qo‘shni davlat prezidenti juda kuchsiz va muvaffaqiyatsiz zarba yo‘llagan bo‘lsa-da, to‘p darvoza to‘riga borib tushgani ko‘ringan.

Ammo videodagi bir kadrdan o‘sha zarba aslida gol bo‘lmaganini taxmin qilish mumkin. Gap shundaki, videoda To‘qayev tepgan gol boshqa, darvoza to‘riga borib tushgan to‘p boshqa. Qozog‘iston prezidenti bilan bog‘liq bu holat internetda yaxshigina muhokama qilindi.

Bo‘linish?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va mamlakat armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi emasligi tobora oydinlashib bormoqda. «Ukrainskaya pravda» prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida katta maqola tayyorladi.

Zelenskiy Telegram-kanali

Unda aytilishicha, Zelenskiy armiyadagi boshqa qo‘mondonlar bilan Zalujniyni chetlab o‘tgan holda mustaqil gaplashmoqda. Barchasi Zalujniyning The Economist nashriga bergan intervyusidan boshlangandi, unda bosh qo‘mondon urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va yillarga cho‘zilishi mumkinligini aytgandi.

Zelenskiy bunga javoban vaziyatni umidsiz deb hisoblamasligini bildirib, yana bir marta Ukraina Rossiya bilan sulh va mojaroni vaqtinchaga muzlatib qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormasligini ta’kidladi.

Keyinroq prezident «siyosat bilan shug‘ullana boshlagan harbiylar katta xatoga yo‘l qo‘yayotganini» aytdi. Ko‘pchilik buni to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh qo‘mondonga murojaat sifatida baholadi. Xuddi shu The Economist nashri ko‘p o‘tmay Zelenskiy va Zalujniy munosabatlarini endi «dahshatli»dan boshqa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasligi haqida yozdi.

Kiyev meri Vitaliy Klichko Zalujniyning gaplarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqdi. O‘z navbatida, «Sluga naroda» prezident partiyasining Oliy Radadagi fraksiyasi vakili bo‘lgan deputat Maryana Bezuglaya esa Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonida 2024 yil uchun reja yo‘qligini aytib, uni iste’foga chiqishga chaqirdi.

Mavzuga oid