Jahon | 18:40 / 09.12.2023
40327
19 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzidagi havosi eng ifloslangan mamlakat: Hindiston ekologik krizisdan qanday chiqmoqchi?

Hindiston poytaxti Dehli dunyodagi havosi eng ifloslangan shahar bo‘lib qolmoqda. Hukumat vaziyatni yaxshilashga qaratilgan choralarni ko‘ra boshlagan: qurilishlarni taqiqlash, ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan avtomobillar harakatini cheklash, avtomobillarga ularning raqamiga qarab faqat toq va juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berish kabilar shular jumlasidan. Xo‘sh, bu choralar qanchalik o‘zini oqlayapti?

Foto: EPA-EFE

Bugun butun dunyoda havo tez sur’atlarda ifloslanib boryapti. Bu jarayon ayrim davlatlarda kamroq, boshqalarida ko‘proq yuz beryapti.

Bunga turli mamlakatlarning geografik joylashuvi, aholi soni hamda zichligi, sanoatning darajasi, yog‘ingarchilik miqdori va shunga o‘xshash boshqa omillar sabab bo‘lyapti.

Masalan, aholi nisbatan siyrak joylashgan, yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘ladigan va millionlab gektar o‘rmonzorlarga ega Rossiyada ekologik vaziyat aholisi ko‘p bo‘lgan Xitoydagidan yaxshiroq. Hududining katta qismi o‘rmonzor bilan qoplangan Finlandiyada holat Rossiyadagidan yaxshi.

Agar dunyo davlatlaridagi ekologik vaziyat tahlil qilinsa, eng yomon ko‘rsatkichlardan biri Hindistonda sodir bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

Hind diyoridagi yirik shaharlar zaharli tutunlar bilan to‘lgan va bu aholi orasida nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklar ko‘paygan.

Hozir tom ma’noda Hindistonda ekologik inqiroz sodir bo‘lmoqda deb bemalol aytish mumkin. Chunki havoning ifloslanishi maksimum darajadan o‘n karra yuqori bo‘lgan davlatga boshqacha ta’rif berib bo‘lmaydi.

Ayniqsa, poytaxt Dehlida vaziyat og‘ir. Har yili kuz faslida Hindiston poytaxtida holat juda yomonlashadi va eng cho‘qqisiga chiqadi. Shahar dunyodagi havosi eng ifloslangan shaharlar reytingida birinchi o‘ringa ham ko‘tariladi.

Dehlidagi ekologik fojiaga nima sabab bo‘lmoqda? «Meduza» nashriga ko‘ra, buning sabablari juda ko‘p. Quyida ekologik ofat Hindistondagi yirik shaharlar hayotini qanday falajlayotgani, ifloslangan havo qanday salbiy oqibatlarga olib kelayotgani va bunga hukumat nega jiddiy choralar ko‘ra olmayotgani haqida hikoya qilamiz.

Kuz oylarida Dehlida achchiq tutun xuddi tumanday ko‘rinish oladi

Dehli havosi nega kuzda ko‘proq ifloslanadi?

Dehli sayyoramizdagi havosi eng ifloslangan shahar hisoblanadi. 2023 yil noyabr oyi boshlarida Hindiston poytaxti zaharli tutun bilan qoplandi. 3 noyabr kuni bu yerda havoning ifloslanish darajasi havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha 500 birlikka yetdi.

Ma’lumot uchun, havo ifloslanishi bo‘yicha xavfsiz darajaning eng yuqori chegarasi 50 birlik hisoblanadi. Dehli havosi shu ko‘rsatkichdan 10 karra yomonroq ifloslangan.

O‘shanda zaharli tutun nafaqat yirik megapolisni, balki butun mamlakat shimolini egallab oldi. Shu tufayli undan birgina Dehli aholisi emas, juda katta hududlarda yashovchi odamlar jabrlandi.

Havoda zaharli tutun shu qadar qalin ediki, hatto Dehlidan 200 km uzoqlikda joylashgan Agradagi Tojmahalni yaqin joydan ham ko‘rib bo‘lmay qoldi.

Mamlakatdagi olimlar, siyosatchilar va nodavlat tashkilotlar uzoq vaqtdan buyon muammoga e’tibor qaratishga harakat qilmoqda. Biroq har yili kuzda o‘zi shundoq ham og‘ir bo‘lgan vaziyat yanada og‘irlashmoqda.

Har yil kech kuzda havoni quyuq zaharli tutun qoplashi – bu Hindiston uchun an’anaviy muammo hisoblanadi. Ammo boshqa tarafdan mamlakatdagi yirik shaharlar havosi yil davomida ifloslangan holda bo‘ladi.

Dehlida odamlar achchiq tutun yutmaslik uchun nima topsa o‘shani niqob tarzida taqishga majbur bo‘lmoqda \ Foto: EPA-UPG

Dunyo bo‘ylab havo ifloslanishini monitoring qilib boruvchi IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 27 noyabr kuni Dehli dunyodagi eng iflos havoga ega shaharlar reytingida birinchi o‘ringa chiqdi.

Tushga yaqin havo sifati indeksi (AQI) 300 birlikdan oshdi. Bunday holatda odamlarning ko‘chada yurishi xavfli. Kunning ikkinchi yarmida ifloslanish darajasi 251 birlikka tushdi va bu ko‘rsatkich ham inson hayoti uchun zararli.

  • Taqqoslash uchun: o‘sha kuni Dehliga yaqin bo‘lgan Pokistonning Lahor shahrida havo sifati indeksi 200 birlikka yaqin ko‘rsatkichga ega bo‘lgan. Rossiyaning havosi eng ifloslangan shahri Krasnoyarskda esa 80 birlik bo‘lgan.

Noyabr oyini muxolifat siyosatchilari shaharni «gaz kamerasi»ga qiyoslagandi. Yirik xorijiy nashrlar, jumladan, The Guardian va France24 esa Dehlida kasalxonalar yo‘tal va nafas olish qiyinligidan aziyat chekayotgan ko‘plab bolalar bilan to‘lgani haqida xabar bergan.

Nega noyabr oyida vaziyat og‘irlashadi?

Har yil noyabrda havoning o‘ta yomon darajada ifloslanib ketishi Dehli uchun odatiy holga aylangan. Mahalliy aholi bu oyni ba’zan «havoning ifloslanish mavsumi» deb ataydi.

Hatto 2020 va 2021 yillarda koronavirus tufayli cheklovlar joriy qilinganiga qaramasdan mamlakat shimolida, xususan Dehlida noyabr oyida havo keskin ifloslanishda davom etgan.

Hindistonda kuz faslida, asosan noyabr oyida havoning o‘ta yomon ifloslanib ketishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi.

Gap shundaki, bu mamlakatda dehqonlar kuzda dukkakli ekinlarni yig‘ishtirib olgandan so‘ng somonlarni yoqib yuborishadi. Kuzda ularni nafaqat hindistonliklar, balki pokistonlik dehqonlar ham yoqishadi. Oqibatda, Hindiston shimoli va Pokistonning unga tutash hududlarida noyabrda havo juda ifloslanib ketmoqda.

Hindistonda boshoqli va dukkakli ekinlar yig‘ishtirib olingach, dalalarga o‘t qo‘yishadi \ Foto: stock.adobe.com

Mamlakatdagi havo sifati nazorati tizimi (SAFAR) ma’lumotlariga ko‘ra, hindistonlik dehqonlarning somon yoqishi tufayli ajralib chiqayotgan zaharli tutun noyabr oyidagi havo ifloslanishining 30-40 foizini tashkil qiladi.

Ikkinchi omil – oktyabr oxiri, noyabr boshida hindlarning asosiy bayramlaridan biri Divali bo‘lib o‘tadi. Bu bayramda olov yoqish va mushakbozlik qilish odat tusiga kirgan.

Ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, aynan Divali bayrami o‘tkaziladigan kunlarda mamlakat bo‘ylab havoga achchiq tutun tarqaladi.

Uchinchi omil – bu ob-havoning ancha quruq kelishi. Oktyabr va noyabr oylari Dehlida yog‘ingarchilik uncha bo‘lmaydi va kuchli shamollar esib turadi. Oqibatda, shahar atrofida dehqonlar yoqayotgan somon tutunlari Dehliga ham kirib keladi va vaziyatni battar og‘irlashtiradi.

Havoning ifloslanishiga boshqa sabablar

Dehlida va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida yil davomida havoning ifloslanishiga boshqa omillar ham sabab bo‘ladi. Masalan, ko‘p sonli avtomobillar.

2022 yilda mahalliy hokimiyat organlari aholisi 25 milliondan oshgan Dehlida 13 milliondan ortiq avtomobil borligini ma’lum qilgan. Taqqoslash uchun: Moskvada 4 milliondan sal ko‘proq mashina bor.

Bundan tashqari, Dehlidagi avtomobillarning 40 foizdan ortig‘i eskirib bo‘lgan. Qolgan yirik shaharlarda ham vaziyat Dehlidagiga o‘xshash benzin va dizelda harakatlanuvchi millionlab eski mashinalar havoni ifloslantirishda davom etmoqda.

Foto: indiatimes.com

Energiya bilan bog‘liq vaziyat bundan ham yaxshi emas. 2020 yilda Hindistonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 75 foizi ko‘mir yoqib olingan. Oqibatda bu ham mamlakat bo‘ylab havoning ifloslanishiga sabab bo‘lyapti.

Hindiston shaharlaridagi ifloslangan havo «juda zararli» deb shunchaki aytilmaydi. Bunday havo mamlakat bo‘ylab ko‘plab odamlarda diabet va astma kasalliklarining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

The Guardian nashriga intervyu bergan hind shifokorlarining aytishicha, Dehlida noyabr oyida havodan nafas olish kuniga 25-30 dona sigaret chekish bilan barobar.

Bu fakt qanchalik to‘g‘ri ekanligini aytish qiyin, ammo Hindistonning yirik shaharlarida havoning keskin ifloslanishi dahshatli oqibatlarga olib kelishini tasdiqlovchi ko‘plab tadqiqotlar mavjud.

Masalan, 2021 yilda Lung Care Foundation (O‘pka parvarishi fondi) va Pulmocare farmatsevtika kompaniyasi Dehli va yana kichikroq Kottayama va Maysura shaharlarida bolalar ishtirokida tadqiqot o‘tkazadi.

Dehlida tekshiruvdan o‘tgan 928 bolaning deyarli uchdan biri astma bilan kasallangan bo‘lib chiqdi. Kottyama va Maysurada tanlab olingan bolalarning 20 foizida astma aniqlangan. Taqqoslash uchun, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada, astma bilan kasallanish 7 foizni tashkil etadi.

2023 yilda Hindistondagi havoning ifloslanishi odamlarning sog‘ligiga ziyon yetkazayotgani haqida boshqa bir tadqiqot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yirik shaharlarda mikroskopik PM 2,5 zarralarining yuqori darajasi 2-toifali diabet kasalligining rivojlanishiga sabab bo‘lyapti.

Oqibatda, bugun mamlakat aholisining taxminan 11 foizi (150 mln kishi atrofida) 2-toifa diabetdan aziyat chekmoqda. 130 milliondan oshiq odam esa bunday kasallikka chalinish arafasida.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda Yevropa Ittifoqida kattalar orasida diabet bilan kasallanish o‘rtacha 6,2 foizni tashkil etgan.

Achchiq tutun ayniqsa bolalar salomatligiga xavf solmoqda

Hindiston shaharlaridagi ifloslangan havoning salbiy oqibatlari shu bilan tugamaydi. 2023 yilda Down to Earth ekologik jamg‘armasi so‘nggi besh yilda o‘tkazilgan 25 ta tadqiqot tahlillarini ochiqladi.

Ularga ko‘ra, hindistonlik bolalarda bo‘yning o‘smay qolishi, kamqonlik hamda chaqaloqlar o‘limi aynan havoning ifloslanishi tufayli ko‘proq sodir bo‘lyapti.

The Guardian nashriga intervyu bergan pediatr Atul Varma singlisiga bolalarini darhol Dehlidan olib ketishni maslahat berganini aytadi.

Biroq Hindiston poytaxtida va havosi ifloslangan boshqa yirik shaharlarda millionlab qashshoqlar yashaydi. Ularda yashash joyini o‘zgartirish, nisbatan havosi tozaroq joylarga ko‘chib ketish uchun imkoniyat yo‘q.

Atul Varma o‘z huzuriga kasal bolasini olib kelayotgan qashshoq ota-onalarga ifloslangan havodan nafas olishning salbiy oqibatlari haqida batafsil gapirmaslikni afzal ko‘radi:

«Men ota-onalarga hamma gapni aytmayman. Agar ularning bolasi astma bilan kasallansa, bu juda yomon. Men ota-onalarga bolalar ifloslangan havo tufayli kasal bo‘layotgani, sog‘ligini yo‘qotayotgani haqida batafsil gapira olmayman. Shunchaki, imkoniyati yo‘q odamlarni battar tashvishga va o‘ylovga qo‘yishni xohlamayman».

Divali bayrami o‘tkaziladigan kunlari hammayoqni tutun qoplaydi \ Foto: alamy.com

Havo ifloslanishiga qarshi choralar

Hindiston hukumati havoni ifloslantirayotgan omillarga qarshi kurashishga harakat qilmoqda. Biroq bu biroz samarasiz kechmoqda.

2023 yil oktyabr oyida, Divali bayrami boshlanishidan bir oy oldin, Dehli shahar kengashi poytaxtda 2024 yil 1 yanvargacha mushakbozlik qilishni taqiqladi.

Ko‘p o‘tmay Hindiston Oliy sudi nafaqat Dehli shahrida, balki butun mamlakat bo‘ylab shunday taqiqni joriy qilish haqida qaror chiqardi.

Biroq, Divali bayrami o‘tkazilishi boshlangach, joylarda Oliy sud qarori ijrosini ta’minlashning iloji bo‘lmadi. Odamlar mushakbozlik qilishda davom etishdi.

«Oliy sudning mushakbozlikni taqiqlash qarori atrofga zaharli tutun tarqashi ortidan qabul qilingandi. Biroq ogohlantirish va taqiqqa qaramay, joylarda mushakbozlik sodir bo‘ldi va hukumat yana bir marta muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qiziq, Oliy sud endi qanday pozitsiyada bo‘ladi?» deb savol qo‘ydi atrof-muhit himoyachilaridan biri va uning gaplari mamlakatning barcha yirik OAVda tarqaldi.

Xuddi shunday holat somonni yoqishni taqiqlash bilan ham yuzaga kelgandi. Oliy sud ekologiyani zaharlovchi bu ishni nazoratga olish va somon yoqishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha qaror chiqargan. Uning ijrosini shtat hukumatlari zimmasiga yuklagandi.

Biroq mahalliy hukumatlar bu qarorni ham bajara olishmadi. Amalda mamlakatdagi millionlab fermerlar va dehqonlarni somon yoqishdan qaytarishning iloji bo‘lmadi. Hatto mahalliy hukumatlar Oliy sud fermer va dehqonlarni o‘zlariga qarama-qarshi qilib qo‘yganidan nolib chiqishadi.

Biroq, turli mutaxassislar mushakbozlik va somon yoqishni to‘xtatishning iloji borligini, bu uchun keskin choralar va vaqt kerak bo‘lishini aytishmoqda.

Transport bilan bog‘liq cheklovlar

Shuningdek, Dehlida havoning o‘ta yomon ifloslanishining oldini olish uchun transportdan foydalanish bo‘yicha cheklovlar kiritildi.

Endilikda shahar ko‘chalarida raqamlari juft bo‘lgan mashinalar faqat juft sanalarda, toq raqamdagilar esa toq kunlarda yurishi mumkin. Bu tartib boshqa hududlardan poytaxtga kirib kelayotgan mashinalarga ham taalluqli.

Shuningdek, Dehlida ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan dizelda harakatlanuvchi va ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan benzinda harakatlanuvchi mashinalardan foydalanishga taqiq joriy etildi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, shundan keyin bu shaharda transport harakati 35 foizga qisqargan.

Bu taqiq ijrosini ta’minlash uchun 2023 yilning yozida Dehli aholisiga eski mashinalarni majburiy tarzda olib ketish va utilizatsiya qilish haqida xabar berildi. Bu xabar shaharda norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi, biroq rasmiylar yon berishmadi va bu amaliyot hozir ham amalda.

Reuters’ning yozishicha, ko‘p o‘tmay, Dehlida qurilish ishlarini taqiqlash ham joriy etildi. Biroq bu chora shahardagi o‘zi shundoq ham og‘ir bo‘lgan ijtimoiy vaziyatni battar yomonlashtirdi. Chunki ko‘p odamlar ishini yo‘qotdi va daromadlaridan mahrum bo‘ldi.

«Agar havoning yomon ifloslanishidan kasal bo‘lib o‘ladigan bo‘lsam, ishda o‘lishni afzal ko‘raman. Chunki uyda bolalarim bor va qanday bo‘lsa ham ularni boqishim kerak», degan ishchilardan biri agentlik muxbiriga.

2023 yil 1 yanvardan sanoat korxonalari uchun ko‘mirdan yoqilg‘i sifatida foydalanishga taqiq qo‘yildi. Biroq, bunda bir qator istisnolar mavjud. Xususan, kam oltingugurtli ko‘mirni elektrostansiyalarda ishlatish mumkin.

Hindistonda IESlarning asosiy qismi ko‘mirda ishlaydi va bu ham havoning zaharlanishiga sabab bo‘lmoqda \ Foto: stock.adobe.com

Bu taqiqdan so‘ng sanoat korxonalari ommaviy ravishda tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga emas, balki biomassa, jumladan, qishloq xo‘jaligi chiqindilarini yoqishga o‘ta boshladi.

Agar Hindiston ko‘mirdan to‘liq voz kechsa, havoga chiqayotgan zaharli gazlar miqdori sezilarli kamayishi mumkin. Biroq aholisi 1,5 mlrd kishiga yaqinlashayotgan mamlakatda ko‘mirdan butunlay voz kechish oson bo‘lmaydi.

Hindistondagi ekologik muammo O‘zbekiston uchun ham begona emas

Ahamiyatlisi, bugun Hindistonda, jumladan Dehlida ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgan omillar biz uchun ham begona emas. Ayniqsa, Toshkent shahrida vaziyat biroz murakkab.

Toshkent so‘nggi yillarda havosi ifloslangan shaharlar reytingida yuqori o‘rinlarga ko‘tarildi. Jumladan, 2022 yil 17 oktyabr kuni oqshom Toshkent IQAir reytingida Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. O‘shanda poytaxtda havo sifati indeksi (AQI) 164 birlikka chiqqandi (norma 50 birlik).

Toshkent keyin ham IQAir reytingida bir necha marta yuqori o‘rinlarni egalladi va bu poytaxt uchun odatiy holga aylandi.

Toshkentdagi ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgan omillarga qaralsa, poytaxt aholisi ham asosan avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazlar, tartibsiz qurilishlar va shahardagi yashil hududlarning kamayib borayotganidan aziyat chekayotganini ko‘rish mumkin.

Foto: Anvar Ilyosov

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 800 mingga yaqinlashgan va ular har yili juda katta farq bilan ko‘payib bormoqda. Shuningdek, har kuni hududlardan ham 300 mingtagacha mashinalar kirib keladi.

Toshkentda avtomobillardan havoga zararli moddalar chiqarilishi umumiy ko‘rsatkichning 93 foizini (403 ming tonnani), respublika bo‘yicha esa 58 foizini tashkil etadi (1,4 mln tonna).

Poytaxtda 50 mingdan oshiq yuk mashinalari bor va so‘nggi paytlarda ularining harakatlanishini qisman cheklash mavzusi tez-tez ko‘tarilmoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda poytaxtda amalga oshirilgan tartibsiz qurilishlar ham qisman ekologik vaziyatga ta’sir ko‘rsatyapti.

Ma’lumot uchun, prezident 8 fevral kuni Toshkent shahrining Sergeli tumaniga tashrifi chog‘ida yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qilib, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini ta’kidlagandi.

Biroq undan keyin ham poytaxtning ayrim hududlarida ko‘p qavatli uylar va boshqa binolar qurish ishlari boshlandi. Oqibatda bir nechta holatda quruvchilar va aholi orasida keskin ziddiyatlar yuzaga keldi.

Ekologik vaziyat bo‘yicha mamlakatning boshqa hududlarida ham ishlar to‘g‘ri olib borilyapti deb bo‘lmaydi. Har yil yozda g‘alla maydonlarda qolgan somonlar yoqib yuboriladi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Shuningdek, har yili kuzda xonadonlarda va boshqa joylarda xazon yoqilishi bilan bog‘liq ko‘plab holatlar uchraydi. Shu sababli Hindistonda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham kuz mavsumi keskin ekologik ifloslanish mavsumiga aylanmoqda.

Bundan tashqari, yetarlicha nazorat bo‘lmagani uchun mamlakatdagi ko‘plab chiqindi poligonlari tez-tez yoqib yuboriladi.

Umumiy xulosa shuki, agar biz o‘zimiz nafas olayotgan havoni toza saqlashni xohlasak va ifloslangan ekologiya tufayli kelib chiqayotgan kasalliklardan o‘zimizni asrashni istasak dadilroq qadam tashlashimiz kerak.

Qurilish sohasi, transportlarning harakatlanishi jiddiy tartibga olinishi, somon yoki xazon yoquvchilarga, daraxt kesuvchilarga keskin choralar ko‘rilishi kerak. Aks holda vaziyat vaqt o‘tgan sari og‘irlashib boraveradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid