Jahon | 22:31 / 11.12.2023
6726
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Seymi Mateush Moravetskiy hukumatiga ishonchsizlik votumini e’lon qildi

Endi Donald Tusk yangi bosh vazir bo‘lishi va hukumatni shakllantirishi kutilmoqda. 

Foto: Reuters

Polsha Seymi (parlamentning quyi palatasi) deputatlari bosh vazir Mateush Moravetskiy hukumatiga ishonchsizlik votumini e’lon qildi. RMF24 xabariga ko‘ra, ovoz berish jarayonida Moravetskiyni 190 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 266 nafari qarshi ovoz bergan, betaraflar yo‘q. 

Endi Polshaning muxolifat koalitsiyasi Donald Tuskni bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatadi. Parlament saylovlari yakuniga ko‘ra, muxolifat parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 

15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda hukmron «Qonun va adolat» partiyasi 35,38 foiz ovoz olib, parlamentdagi ko‘pchilikni boy berdi. Ikkinchi o‘rinni Donald Tusk boshchiligidagi muxolifatdagi «Fuqarolik platformasi» 30,7 foiz, uchinchi o‘rinni o‘ng markazchi «Uchinchi yo‘l» partiyasi (14,4 foiz), to‘rtinchi o‘rinni «Yangi so‘llar» (8,61 foiz) egallagan edi. Shundan so‘ng, «Fuqarolik platformasi», «Uchinchi yo‘l» va «Yangi so‘llar» koalitsiya tuzib, «Qonun va adolat»ni ustunlikdan mahrum qildi. 

Prezident Anjyey Duda ovoz berish natijalari e’lon qilingach, birinchi bo‘lib Mateush Moravetskiy hukumatni shakllantirish huquqiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. 27 noyabr kuni u qasamyod qilgan edi.

Mavzuga oid