Sport | 21:33 / 13.12.2023
37063
2 daqiqa o‘qiladi

Abbosbek Fayzullayevning transfer bahosi 4 million yevroga yetdi

Transfermarkt portali Rossiya Premer-ligasida to‘p surayotgan futbolchilarning transfer narxini yangiladi.

Unga ko‘ra, TsSKA klubi hamda O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevning transfer narxi 4 million yevroga baholangan.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik 20 yoshli yarimhimoyachining transfer qiymati so‘nggi bir yil ichida qariyb 15 baravarga oshdi. Fayzullayevning narxi yanvar oyida 300 ming yevroni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston yoshlar jamoasi (U20) safida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritib, yozda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 1/8 finalgacha yetib borgach, transfer bahosi 750 ming yevroga yetgan edi. Abbosbek avgust oyida «Paxtakor»dan TsSKAga o‘tib, Rossiya Premer-ligasida muvaffaqiyatli start olgach, transfer bahosi oktyabr oyida 750 ming yevrodan 2 million yevrogacha oshgandi.

Moskva klubida ikki marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lib, milliy jamoa safida ham JCh-2026 saralash bosqichida muvaffaqiyatli o‘yinlar ko‘rsatganidan keyin esa 13 dekabr kuni Transfermarkt portali tomonidan transfer bahosi 4 million yevroga oshirildi.

Qayd etish joiz, TsSKAda bu boradagi eng katta o‘sish Fayzullayevda kuzatildi. Abbosbekning narxi 2 mln yevroga oshirilgan bo‘lsa, jamoaning serbiyalik vingeri Milan Gayichning narxi 1 mln yevroga - 4 milliondan 5 million yevroga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi kuni kecha jahonning 2023 yildagi eng yaxshi yosh o‘yinchisi nomiga nomzodlar ro‘yxatini e’lon qilgan va 26 nafar da’vogarlar orasida Abbosbek Fayzullayevning nomi ham qayd etilgandi.

Mavzuga oid