O‘zbekiston | 14:56 / 13.12.2023
8308
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni yo‘q qilganlik uchun jarimalar miqdori 10 baravarga oshirildi

Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hayvon turiga hamda ovlagan shaxsning fuqaroligiga qarab 300 ming so‘mdan 400 ming AQSh dollarigacha hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni yo‘q qilganlik uchun undiriladigan jarimalar miqdori 10 baravarga, o‘simliklarni o‘sishdan to‘xtash darajasida shikastlantirish yoki yo‘q qilganlik uchun 5 baravarga oshirildi.

Endilikda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bir bosh qushni noqonuniy ovlaganlik uchun chet el fuqarolariga 30 ming dollar, O‘zbekiston fuqarolariga esa 105 mln so‘m jarima to‘laydi. Shunday turdagi qushlarning bir dona tuxumi esa qushni yo‘q qilganda tabiatga yetkazilgan zararning 40 foizi miqdorida baholanadi. Bu O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushning 1 dona tuxumi 12 ming dollar yoki 42 mln so‘m bo‘ladi degani.

Qoplon, targ‘il sirtlon, ilvirs kabi hayvonlar noqonuniy ovlagani uchun O‘zbekiston fuqarolari 3 mlrd 150 mln so‘m, chet el fuqarolari esa 400 ming dollar tabiatga yetkazilgan zararni to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatdan sudralib yuruvchi hayvonlar, umurtqasiz jonivorlar hamda baliqlar ham joy olgan.

Jarimasi eng arzon hayvon o‘rmon, qishloq va ovchilik xo‘jaligi zararkunandalariga, xavfli infeksiyalarni tarqatuvchilarga kirmaydigan boshqa sut emizuvchilar hisoblanadi. Mazkur turdagi hayvonlarni noqonuniy ovlaganlik uchun 350 ming so‘mga yaqin, chet el fuqarolari esa 50 dollar jarima to‘laydi.

Oldinroq Navoiyda fuqaro Qizil kitobga kiritilgan ona-bola jayronni o‘ldirgani va tabiatga 33 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlangandi.

Mavzuga oid