O‘zbekistonda Hongkong grippi tarqalgani va u oddiy, mavsumiy gripp ekani ma’lum qilindi
Sanepidqo‘mga ko‘ra, hozirgi O‘RVI mavsumida O‘zbekiston hududida grippning H3N2 shtammi tarqalmoqda. “Hongkong grippi” deb ham ataladigan bu shtamm 1960-yillarda pandemiyaga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, hozir u oddiy, mavsumiy gripp hisoblanadi. “Hongkong virusi qaytyapti, degan vahimani yasab olishimizga hech qanaqa asos yo‘q”, – dedi Nurmat Otabekov.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalarida grippning A turiga mansub H3N2 shtammi aniqlanmoqda.
Bu haqda qo‘mita mas’ullari ishtirokida 13 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Biz virusning bu shtammi bilan tanishmiz”, – dedi Sanepidqo‘m raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini grippning bu shtammidan himoya qilish uchun 2,2 million doza vaksina ishlatilgan. Epidemiya mavsumi boshlanishidan avval o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, “Saxovat” va “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va xodimlari hamda bolalarning xavf osti guruhiga mansub qatlami emlangan.
H3N2 shtammi “Hongkong grippi” nomi bilan ham mashhur bo‘lib, u avvalgi gripp viruslaridan tez tarqalishi bilan ajralib turgani bois 1968-1969 yillarda pandemiyaga sabab bo‘lgan va jahon miqyosida 1 milliondan 4 milliongacha insonni hayotdan olib ketgan.
Nurmat Otabekov, matbuot anjumanidan keyin, anjumanda berilgan ma’lumot yuzasidan qo‘shimcha izoh bilan chiqdi.
“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan bizning hududimizda aylanib yurgan viruslar monitoring qilib boriladi. Monitoring natijasida asosan grippning A turi H3N2 shtammi aylanib yurgani to‘g‘risida ma’lumot bor. Bundan tashqari, grippning boshqa turdagi gripp viruslari aylanib yurgani to‘g‘risida ham ma’lumotlarimiz mavjud.
Bugungi brifing paytida ko‘pchilik biz tilga olgan H3N2 shtammini internet tarmoqlaridan qidirib, o‘zlariga ma’lumotlar to‘plab olishgan. Aslini olganda, bu – 1960-yillarda Hongkongda tarqalgan virus. O‘sha paytda u H2N2 virusidan mutatsiya bo‘lib shakllangan virus sifatida tarqalib, bir qancha sharq davlatlarida muammoli vaziyatlarni keltirib chiqargan. Hozir bu oddiy, mavsumiy gripp virusi hisoblanadi va ishlab chiqarilgan vaksinalarning barchasi ushbu virusga nisbatan ishlaydi.
Demak, O‘zbekiston Respublikasida hozirgacha ishlatilgan 2,2 mln doza vaksina – bevosita mana shu shtammga qarshi ishlaydigan vaksina. Bundan tashqari, yana 3 turdagi vaksina O‘zbekiston hududida xususiy emlash punktlarida mavjud, ular ham bevosita bu yil mavsumiy tarqalishi kutilayotgan grippning aynan shu shtammiga qarshi ishlaydigan qilib tayyorlangan.
Shunday ekan, bundan jiddiy xavotir qilish yoki o‘zimizdan o‘zimiz “Hongkong virusi qaytyapti” degan vahimani yasab olishimizga hech qanaqa asosni ko‘raayotganim yo‘q. Bu – oddiy, mavsumiy virus ekanligini yana bir bor e’tirof etib o‘tamiz”, – deya ta’kidladi Sanepidqo‘m rasmiysi.
O‘RVI bilan kasallanish bir hafta oldingiga qaraganda 26 foizga pasaygan
Nurmat Otabekovning matbuot anjumanida aytishicha, o‘tgan haftada O‘zbekiston aholisi o‘rtasida O‘RVI bilan kasallanish bir hafta avvalgiga nisbatan 25,5 foizga, Toshkent shahrida 25,4 foizga kamaygan. O‘RVI ko‘rsatkichlarida “epidemik porog” 34,3 foizga pastligi kuzatilmoqda, dedi u.
“Bolalarning O‘RVI bilan kasallanishi yoshma-yosh tahlil qilinganida: kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 0−1 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olingan bo‘lib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368,3 ni tashkil etmoqda. Bunga O‘RVI bilan kasallangan bemorlarni alohidalamaslik, bemor bolalarni ta’lim muassasalariga yuborish hamda shifokor bilan maslahatlashmasdan o‘zboshimchalik bilan davolanish asosiy sabablar bo‘lmoqda”, – dedi Nurmat Otabekov.
Uning aytishicha, gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan og‘rigan bemorlarni davolash maqsadida respublika bo‘yicha 8838 ta bemor o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularda 6000 nafar bemor davolanmoqda.
Matbuot anjumanida, shuningdek, yil boshidan buyon O‘zbekistonda H1N1 shtammi bilan kasallanishning 4 ta holati aniqlangani aytib o‘tildi. Bu shtamm “cho‘chqa grippi” nomi bilan mashhur.
Mavzuga oid
15:00 / 26.10.2024
Faqat immunitetni emas, zehnni ham o‘ldiradi: olimlar oddiy infeksiyalar miya uchun xavfli ekanini aniqladi
18:52 / 19.09.2024
Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmadi - SSV
16:06 / 07.06.2024
"Saraton va boshqa jiddiy kasalliklar bog‘chadagi sifatsiz taomlanishdan kelib chiqmoqda" - mutaxassis bilan suhbat
14:59 / 05.06.2024