O‘zbekiston | 14:27 / 14.12.2023
15943
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York–Toshkent reysida janjal ko‘targan yo‘lovchi keltirgan zarar 22 ming dollarga baholandi

Yo‘lovchi parvoz vaqtida 1 litr viskini ichib, janjal ko‘targani va samolyot Peterburgga favqulodda qo‘ngani ortidan Uzbekistan Airways ko‘rgan zarar 22 ming dollarga baholandi. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

11 dekabr kuni Nyu-York – Toshkent reysida uchgan yo‘lovchilardan birining bortda mast holatda janjal ko‘targani hamda xavfsizlik talablarini buzgani sabab samolyot Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgandi. 

IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining ma’lum qilishicha, o‘sha vaqtda havo kemasi 237 nafar yo‘lovchi bilan reys yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan bo‘lgan. Favqulodda holat sabab yo‘nalish o‘zgargan va shuning oqibatida “Uzbekistan Airways” AJ 22 ming 244 dollar zarar ko‘rgan. 

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik), 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yo‘lovchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Avvalroq Boeing 787 samolyotiga chiqqan bu yo‘lovchi 1991 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgani va mast holatda ekipaj xodimlari, boshqa yo‘lovchilarga qarshilik ko‘rsatib, samolyotdagilarning tinchini buzgani, sog‘liq uchun tahdid tug‘diradigan bezorilik harakatlarini qilgani haqida xabar qilingan, va uning Toshkentga olib kelinib, so‘roq qilinayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid