Jahon | 13:26 / 14.12.2023
4730
3 daqiqa o‘qiladi

SOR28 konferensiyasi qazib olinadigan yonilg‘idan voz kechishga chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim konferensiyasida birinchi marta energiya tizimlaridan qazib olinadigan yonilg‘idan voz kechishga chaqiriq yangradi. Biroq, COP28 yakuniy hujjatida ko‘mir, neft va gazdan bosqichma-bosqich voz kechish aniq belgilanmagan.

Foto: unfccc.int/cop28

13 dekabr, chorshanba kuni Dubayda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT konferensiyasi (COP28) ishtirokchilari qazib olinadigan yonilg‘idan voz kechish bo‘yicha ikki hafta davom etgan keskin muzokaralardan so‘ng tashkilotchi - Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tayyorlangan yakuniy bayonot bo‘yicha yangi murosa matnini kelishib oldilar. Xususan, hujjat 2050 yilga borib «sof» iste’molini nolga tushirish maqsadida «energetika tizimlarida qazib olinadigan yonilg‘idan foydalanishdan adolatli, tartibli va muvozanatli o‘tish»ni talab qiladi.

Shu tariqa, BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalarida (COP) birinchi marta jahon hamjamiyati qazib olinadigan yonilg‘idan voz kechishga chaqirdi. Biroq, 21 sahifalik hujjatda ko‘plab a’zo davlatlar erishishga harakat qilayotgan - ko‘mir, neft va gazdan bosqichma-bosqich voz kechish haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Qayta tiklanadigan energiya quvvatini uch karra ko‘paytirish

Bayonot loyihasida, shuningdek, 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari global quvvatini uch baravar oshirish, ko‘mir iste’molini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish va uglerodni ushlash va saqlash kabi texnologiyalarni rivojlantirishni jadallashtirish talab etiladi.

Qazib olinadigan yonilg‘idan qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish hujjatda parnik gazlar tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlardan biri sifatida keltiriladi, maqsad - global isishni sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,5 daraja Tselsiyda to‘xtatish. Ayni paytda qazib olinadigan yonilg‘i jahon energiya ta’minotining qariyb 80 foizini tashkil qiladi.

Yakuniy hujjat bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli konferensiya muddati uzaytirildi

Yakuniy hujjatning oldingi loyihasi konferensiya ishtirokchilarining qazib olinadigan energiya manbalaridan, ya’ni ko‘mir, neft va gazdan to‘liq voz kechishga erishish bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash bo‘yicha turli qarashlarga ega bo‘lganligi sababli ular o‘rtasida kelishmovchiliklarni keltirib chiqardi. Avvalo, Germaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh bu qarorni qabul qilish tarafdori bo‘ldi. OPEKga a’zo davlatlar - Saudiya Arabistoni va Rossiya bunga qarshi. Bir qator ishtirokchilar qazib olinadigan energiya manbalaridan voz kechish qarorisiz yakuniy bayonotni qo‘llab-quvvatlamagani uchun konferensiya rejalashtirilganidek 12 dekabrda yakunlanmadi, balki yana bir kunga uzaytirildi.

COP28 ishtirokchi-mamlakatlari vakillari hujjat bo‘yicha kelishib olgandan so‘ng, alohida davlatlar kelishuvni milliy darajada amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid