Jamiyat | 10:41 / 15.12.2023
10524
7 daqiqa o‘qiladi

Haroratning keskin pasayishi salomatlik uchun xatarli

Ayni paytda mamlakatimizda sovuq ob-havo hukmronlik qilib turibdi. Havo haroratining bu tarzda keskin sovib ketishi va iqlimning tez-tez o‘zgarishi salomatlikka sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Haroratning keskin pasayishi va uzoq davom etadigan g‘ayritabiiy sovuqlar inson salomatligiga yomon ta’sir qiladi hamda gipoksiyaga olib kelishi mumkin.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qon aylanish tizimi, majoziy qilib aytganda, ko‘p sonli naychalar va kanalchalardan iborat bo‘lib, ular yurak va miyaga kislorod yetkazib berish vazifasini bajaradi. Keksalikda bu naychalarning elastikligi biroz o‘zgaradi va qonning yopishqoqligi ham shunga monand o‘zgarishlarga yuz tutadi. Bu e’tiborga olish kerak bo‘lgan muhim aspektlardan biri bo‘lib, aynan ana shu buzilishlarning insultga olib kelish xavfi bor. 

Havo haroratining pasayishi natijasida organizmning kislorod bilan ta’minlanishida uzilishlar kuzatilib turadi. Bu asosan gipoksiya (kislorod tanqisligi)ning yengil variantlari bilan namoyon bo‘lishi, ya’ni qon tomirlarining qisqarishi tufayli kislorod yetishmay qolishi kuzatilishi mumkin.

Keksalar va surunkali kasallikka chalinganlar uchun havo haroratining pasayishi xatarli

Shifokorlar sovuq mavsumda ayrim guruhdagi insonlar uchun salomatlikning yomonlashishi mumkinligini tasdiqlaydilar. Bu, ayniqsa, 65 yoshdan oshgan va allaqachon biron bir surunkali kasallikka chalinganlar uchun ayniqsa xavflidir. Mutaxassislar qish oylarida eng zaif bo‘lgan va har doim ham kerakli xizmatlarni ololmaydigan keksa avlod vakillariga e’tiborni kuchaytirishni qat’iy tavsiya qilishadi.

Biroq sovuq mavsumda yoshlar ham ehtiyot bo‘lishlari kerak. Inson organizmi qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar havo haroratining keskin sovishi natijasida quyidagi salomatlik muammolari bilan yuzlashishi mumkin.

·   Tromb hosil bo‘lishi. Afsuski, qishda siz qon tomirlarida tiqin hosil bo‘lishi yoki hatto yurak xuruji kabi jiddiy salomatlik muammolariga duch kelishingiz mumkin. Haroratning keskin o‘zgarishi tanada termal stressni keltirib chiqaradi va tananing doimiy haroratni saqlab turish uchun ko‘proq ishlashini talab etadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bularning barchasi qishda tromb paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi. Shuningdek, sovuq mavsumda tez-tez uchraydigan nafas yo‘llarining infeksiyalari ham bemorlarda tromb hosil bo‘lishini rag‘batlantirishi mumkin. Olimlar buni sovuq havo sharoitida qon tomirlarining torayishi va natijada tromb xavfi oshishi bilan izohlashmoqda. 

·   Yurak xurujlari. Tadqiqotlarga ko‘ra, sovuq havo yurak xuruji xavfini oshiradi. Shvetsiyadagi Lund universiteti tadqiqotchilari yurak xurujlari soni iliq ob-havoga nisbatan sovuq havoda sezilarli darajada yuqori ekanligini aniqladilar. Havo harorati o‘rtachadan past bo‘lganida yurak xurujlari to‘rt barobarga ortadi. Chunki tana sovuqni his qilganida yuzada joylashgan qon tomirlari torayadi. Bu tomirlar orqali qon oqimini oshiradi va teridagi issiqlik darajasini pasaytiradi. Tana titray boshlaydi va yurak urish tezligi barcha a’zolarni isitish uchun kuchayadi - tananing bu "javoblari" yurakka qo‘shimcha bosim yuklashi va ba’zida xurujlarga olib kelishi mumkin.

·   Peshob ushlay olmaslik. Sovuq ob-havo tos bo‘shlig‘iga zarar yetkazishi va keyinchalik peshob ushlay olmaslik muammolariga olib kelishi mumkin. Elvie ayollar texnologiya brendi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, britaniyalik ayollarning 45 foizi sovuq oylarda tez-tez hojatxonaga borish istagini his qilishadi. Kishi sovqotganda qon tomirlar torayib, hayotiy a’zolarga ko‘proq qon va issiqlik yetkazib beradi. Bu qon bosimining vaqtincha ko‘tarilishini anglatadi va bosimni nazorat qilish uchun buyraklar ortiqcha suyuqlikni filtrlaydi, natijada tez-tez peshob qilish kerak bo‘ladi.

·   Kayfiyatning o‘zgaruvchanligi. Sovuq oylarda ko‘pchilik mavsumiy kayfiyatning buzilishi yoki "qishki depressiya"dan aziyat chekadi. Bu holat kundalik faoliyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun atrofingizdagi har bir kishining, shuningdek, o‘zingizning psixologik holatingizga e’tibor berishingiz kerak bo‘ladi. Mavsumiy affektiv buzilishning sababi aniq bo‘lmasa-da, mutaxassislar buni qish oylarida quyosh nurlarining yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishadi. Aynan mana shu sabab miyaning gipotalamus deb ataladigan qismining normal ishlashiga xalaqit berishi mumkin. Ma’lumki, yorug‘lik tanadagi uyquni keltirib chiqaradigan melatonin gormonini ishlab chiqarishga ta’sir qiladi. Bu, shuningdek, kayfiyat, ishtaha va uyquga ta’sir qiluvchi serotonin darajasiga, shuningdek tananing ichki biologik holatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Qishda, belgilangan sikllar tez-tez buziladi, bu esa uyqusizlik, tashvish va hatto befarqlikni keltirib chiqaradi.

·   Gripp. Sovuq mavsumning boshlanishi bilanoq gripp va O‘RVI bilan kasallanish darajasi ham oshadi. Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash xavfsizligi xodimlari hammaga grippga qarshi emlanishni tavsiya qilishadi, chunki sovuq havo kasallikning alomatlarini yomonlashtirishi va u jiddiylashtirishi mumkin.

·   Qazg‘oq ham sovuq mavsumda tez-tez uchraydi va bu ajablanarli emas. Trixologlarning ta’kidlashicha, achitqi tabiiy ravishda bosh terisida yashaydi va odatda u hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Biroq sovuq ob-havo sharoitida Malassezia deb ataladigan achitqining ma’lum bir turi ko‘payib ketganda, u teri hujayralarining juda tez bo‘linishiga olib kelishi mumkin, natijada yoriqlar va qichishish paydo bo‘ladi va qazg‘oqlar ko‘payadi.

·   Astma xurujlari. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, qish astma bilan og‘rigan odamlar uchun xavfli mavsum bo‘lishi mumkin, chunki bu vaqtda sovuq havo, shamollash, gripp va boshqa infeksiyalar ko‘proq uchraydi va bu hayot uchun xavfli astma xurujlarini keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislar har doim yoningizda yengillik beruvchi ingalyatorni olib yurishingizni tavsiya etishadi. Shuningdek, ular sovuq havoni filtrlash uchun sharfdan foydalanishni tavsiya qiladilar. Nafas olishdan oldin havoni isitish uchun sharfni burun va og‘iz atrofiga yumshoq qilib o‘rang, chunki sovuq havo astma xurujining qo‘zg‘atuvchisidir. Ayniqsa sovuq havoda jismoniy mashg‘ulotlarni uy sharoitida yoki yopiq muhitda o‘tkazgan yaxshiroq. 

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi 

Mavzuga oid