Jahon | 15:59 / 16.12.2023
10391
9 daqiqa o‘qiladi

Musiqachining “bashorati”, qimorbozning bombasi hamda kemasozning dahshatli tavakkali – g‘aroyib taqdirlar

Ayrim insonlar hayoti davomida ko‘plab kutilmagan va sirli voqealarga duch keladi. Atrofdagilar uchun qanchalar g‘ayrioddiy tuyulmasin, ushbu voqealarga chuqurroq nazar solinsa, ularning “muallifi” o‘sha insonlarning o‘zi ekanligini ko‘rish mumkin. Kun.uz ana shunday g‘aroyib taqdirlar haqida qiziq holatlarni to‘pladi. 

Yaratgan asari o‘z hayotiga ko‘chgan musiqachi

Amerikalik qo‘shiqchi, musiqachi va gitarachi Jyeyms Sallivan 1969 yilda o‘zining ilk albomi bilan debyut qildi. U oilasini tashlab, cho‘lda o‘zga sayyoraliklar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani haqida qo‘shiq kuylagan. O‘sha vaqtda bu mavzu ko‘p muhokama qilinayotgan va Jyeyms Sallivanning qo‘shiqlari g‘ayrioddiy hodisa emas edi.

Ammo keyinchalik uning albomi qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Buning sababi 1975 yil 4 mart kuni Jyeyms o‘zining mashinasidan 120 dollar miqdoridagi pulni olib, oilasiga hech narsa demay uydan chiqib ketadi. Ertasi kuni uni Nyu-Meksikodagi hotelda, bir kundan keyin esa uydan 42 kilometr uzoqlikdagi ranchoda ko‘rishgan. Keyinchalik Jyeymsning mashinasi cho‘lda rancho yaqinida tashlandiq holda topilgan va musiqachining o‘zi g‘oyib bo‘lgan. Uni oxirgi marta mashinadan uzoqlashib ketayotganida ko‘rishgan.

Foto: Getty Images

Mashinadan gitara, kiyim-kechak va o‘zga sayyoraliklar haqidagi yozuvlari topilgan, bu esa talonchilik yoki qotillik versiyasini istisno qilgan. Umuman olganda, Jyeyms Sallivan o‘z qo‘shig‘ining syujyetini butunlay takrorlaydi - ammo uning g‘oyib bo‘lishi o‘zga sayyoraliklar tomonidan o‘g‘irlanishi bilan bog‘liqmi yoki yo‘qligi noma’lum.

Uyiga qaytish uchun suv osti kemasiga o‘t qo‘ygan ishchi

2012 yilning may oyida Porsmut dengiz kemasozlik zavodida o‘sha paytda kapital ta’mirlanayotgan va modernizatsiya qilinayotgan “Los-Anjyeles” toifasidagi suv osti kemasi yonib ketdi. Yong‘in shunchalik kuchli bo‘lganki, uni o‘chirish uchun favqulodda xizmatlar 12 soat vaqt sarflagan. Yetti o‘t o‘chiruvchi va ikki ekipaj a’zosi jarohat oladi va qayiq 450-700 million dollar zarar ko‘radi. Yong‘inning boshlang‘ich nuqtasidagi yonuvchan qoldiqlarning sanoat changyutgichiga tushishi kemaning o‘t olib ketishiga sabab bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Ammo har tomonlama tekshiruvdan so‘ng, qayiqni ta’mirlashda ishlayotgan kemasozlik ishchilaridan biri Keysi Fyuri ishni erta tark etmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Buning uchun u kichkinagina muammo chiqarish maqsadida kupelardan biriga latta-lattalarni yig‘ib, o‘t qo‘ygan. Kutilmaganda, tilsiz yov butun kemani egallab olgan.

Suv osti kemasiga yetkazilgan zarar shunchalik katta ediki, AQSh harbiy-dengiz kuchlari ta’mirlashga pul sarflamaslikka qaror qildi va uni shunchaki metall buyum sifatida topshirib yuborishdi. Keysi Fyuri 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va tovon puli sifatida 400 million dollar jarimaga tortildi.

Qimorbozning mash’um xatosi

1989 yilda qimor o‘yinlariga qaramlikdan aziyat chekkan Jon Birges Sr Stateline (Nevada) shahridagi Harvey’s Resort Hotel kazinosida 750 ming dollar yo‘qotdi. Keyin u pulni g‘ayrioddiy usulda, ya’ni shantaj orqali qaytarishga qaror qildi. Buning uchun u yana ikki kishini yolladi (boshqa versiyaga ko‘ra - uchta). Kaliforniyadagi qurilish maydonchasidan 450 kilogramm dinamitni o‘g‘irladi va “Mashina” deb nomlangan bomba yig‘di.

Jon va uning sheriklari kurerlik kiyimida bo‘lib, bombani bino ichiga olib kirib, kazinoning ikkinchi qavatiga joylashtirishdi. U yerda ular 3 million dollarni yuz dollarlik kupyuralarda talab qilib qog‘oz qoldirgan. Bomba 30 daqiqadan so‘ng topilgan, shundan so‘ng kazino xodimlari maxsus xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilgan. Xodimlar 33 soat ishladilar, biroq bombani zararsizlantira olmadilar. Chunki har qanday harakat portlashga olib kelishi mumkin edi. Keyin Federal qidiruv byurosi to‘lovni to‘lamoqchi bo‘ldi, lekin Birges Srning manzilga bo‘lgan noaniq ko‘rsatmalari tufayli bu amalga oshmadi.

Ya’ni, agentlar aytilgan joyga yetib kelishgan, Birges esa ularni boshqa joyda kutib turgan. Bombani zararsizlantirish yoki uni boshqa joyga ko‘chirish imkoni yo‘qligini anglagan maxsus xizmatlar shakllangan zaryadni masofadan turib portlatishga qaror qiladi. Bomba ishlaydi, lekin ular kutganidan ancha kuchliroq, kazinoning ko‘p qismini yo‘q qiladi. Yaxshiyamki, portlashdan oldin evakuatsiya qilingani uchun hech kim jabrlanmaydi. Bu hikoyadagi eng kulgili holat Jon Birges Srning hibsga olinishi. Garchi uni gumondor deb hisoblashsa-da, portlash paytida uning mikroavtobusi yaqin joyda bo‘lganiga qaramay, aniq dalillar yo‘q edi.

Foto: Getty Images

Uning o‘g‘illaridan biri qiz do‘stiga Harvey’s Resort mehmonxonasiga bomba qo‘ygan otasi ekanligini aytishga qaror qildi. Keyinchalik, ular ajrashganida, qiz Birges uchun mukofot borligini bilib, yangi yigitiga eshitganlari haqida gapirib berdi. U tegishli joyga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotlarni berdi. Natijada Birges hibsga olindi va shartli ravishda ozod qilinmasdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U 74 yoshida vafot etgan.

Samolyotlar osmonda to‘qnashib, yerga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi

Bu hodisa 1940 yil 29 sentabrda Avstraliya harbiy-havo kuchlarining ikki uchuvchisi ishtirokida sodir bo‘ldi. Shu kuni Avstraliyaning Broklsbi qishlog‘i osmonida patrullik qilayotgan ikkita Avro Anson samolyoti o‘zaro to‘qnashib ketdi. Samolyotlardan biri 300 metr balandlikda uchayotganida uning uchuvchisi Leonard Fuller Jyek Xyuson boshqarayotgan pastdan uchib ketayotgan uchoqni ko‘rmay qolgan. To‘satdan, Leonard halokat ovozini eshitdi va uning samolyoti Jyekning uchog‘iga tiqilib qolganini va uni chiqarib olishning iloji yo‘qligini tushundi.

Foto: Getty Images

Fullerning samolyoti ishdan chiqdi, lekin Xyuson uchayotgan samolyot ishlab turgan edi. Uchuvchilarga omad kulib boqdi, chunki zarba paytida ikki uchoq yuqori tezlikda bir-biriga tiqilib qolgan, shu sababli mashinalar darhol qulab tushmagan. Fuller samolyotni tark etishi mumkin edi,  ammo u qolishga qaror qildi, chunki uchuvchi zarar yetmagan uskunalar yordamida samolyotni boshqarish mumkinligini tushundi. Qo‘nish joyini topish uchun yana sakkiz kilometr uchib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat keng adirlikka ikki samolyot ham muvaffaqiyatli qo‘ndirildi. Qizig‘i shundaki, ikkala ekipaj a’zolari ham bunday xavfli vaziyatdan omon qolishdi, shuningdek, Avstraliya Qirollik havo kuchlari samolyotni qayta tiklashga va ishga tushirishga muvaffaq bo‘lishdi.

22 yildan so‘ng oshkor bo‘lgan mudhish hodisa

1997 yil noyabr oyida 40 yoshli Uilyam Moldt rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib, uyga qaytayotganini aytadi. Keyin u mashinasiga o‘tiradi va klubdan uzoqlashadi hamda boshqa hech qachon ko‘rinmaydi. Politsiya tergov olib bordi, ammo Uilyamni ham, uning mashinasini ham topa olishmadi.

Oradan 22 yil o‘tib, 2019 yilning avgustida, bir paytlar Florida shtatidagi Grand orollar mahallasida yashagan Barri Fey Google Earth orqali uylardan birining orqasidagi hovuzda mashinadek tuyulgan narsani topadi. Keyin u uyning hozirgi egasi bilan bog‘lanib, ma’lumotni tekshirib ko‘rishini so‘radi. Uy egasi osmonga kamerali dronni uchirdi va hovuzda cho‘kib ketgan mashinani ko‘rdi. Keyin Barri Fey okrug sherifi bilan bog‘lanib, unga topilma haqida gapirib berdi. Voqea joyiga politsiya yetib kelgan, shundan so‘ng qutqaruvchilar 1994 yilda ishlab chiqarilgan oq rangli mashinani suvdan olib chiqishdi, undan inson skeleti topilgan. Mutaxassislar suyaklarni tekshirib, qoldiqlar 1997 yilda g‘oyib bo‘lgan Uilyam Moldtga tegishli degan xulosaga kelishdi. O‘shanda hududidagi suv ombori joylashgan turarjoy majmuasi qurilishi davom etayotgan bo‘lib, huvullab qolgan, shu sababli suvga cho‘kib ketgan avtomobilni hech kim ko‘rmagan. Biroq Uilyamning mashinasi qanday qilib hovuzga tushib qolgani hozircha noma’lum.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Mavzuga oid