Tahoye va Tico to‘qnashuvi: Tico haydovchisi va hamrohining ham ikki oyog‘i singan
Marg‘ilon shahrida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan Tahoe Tico avtomobiliga urilib, ayanchli yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Majaqlanib ketgan Ticoʼda haydovchidan tashqari yana bir yo‘lovchi bo‘lgan. Ular ayni paytda Farg‘ona shahridagi xususiy klinikalardan birida davolanyapti. Tico haydovchisi va hamrohining ham ikki oyog‘i sinib, jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan.
Kun.uz muxbiri shifoxonada bo‘lib, Tico avtomashinasida bo‘lgan YTH ishtirokchilari va shifokor bilan suhbatlashdi.
“Biz o‘z yo‘limizda ketayotgan edik. Tahoe mashinasi to‘satdan qarama-qarshi tomonga o‘tib, biz tomonga kela boshladi.
Holatni ko‘rib joyimizda to‘xtadik. Keyin esa Tahoe mashinamizga kelib urildi. Undan keyin nima bo‘lgani esimda yo‘q. Mashinadan tortib olishayotganini sezdim xolos. Yonimdagi haydovchining qo‘li va oyog‘i sindi. Uning ham holati yaxshi. Ikki oyog‘im singan edi. Bugun oyoqlarimni operatsiya qilishdi”, deydi Tico haydovchining hamrohi.
Bemorlar davolanayotgan YevroMed klinikasi travmatologiya bo‘limi boshlig‘i Sanjarbek Yigitaliyev bemorlar holati haqida so‘zlab berdi.
“14 dekabr kuni Marg‘ilon shahrida bo‘lgan avtohalokat natijasida shikast olgan Saidazimxon To‘rayev va Abduhalim Qurbonovlar o‘sha kuni dastavval Marg‘ilon shahridagi tez tibbiy bo‘limiga murojaat qilishgan. Travmatolog ko‘rigidan so‘ng shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. 15 dekabr kuni esa ikkisini ham YevroMed klinikasiga olib kelishdi. Haydovchi Saidazimxon To‘rayev o‘ng son suyagi ochiq sinib siljishi, chap tirsak suyagi ochiq sinib siljishi, o‘ng qovoq sohasi tikilgan jarohati bilan davolanyapti. Haydovchining hamrohi Abduhalim Qurbonovga o‘ng son suyagi o‘rta uchligidan qiyshiq sinib siljishi, chap boldir suyagining bo‘g‘im ichidan sinishi tashxisi qo‘yildi. Yo‘lovchi Abduhalim Qurbonov mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng holati yaxshi bo‘lgani sababli operatsiyaga olindi. Bemor holati hozirda stabil. Haydovchi Saidazimxon To‘rayev jarohatlari ochiq bo‘lgani sababli kuzatuv ostida turibdi.
Ikki bemorning ham bosh miya faoliyatida hech qanday o‘zgarish yo‘q. Ikkisi ham hushida. Ichki a’zolarida ham, hayot uchun xavf soladigan a’zolarida ham jiddiy o‘zgarish yo‘q”, deydi shifokor.
Farg‘ona viloyati IIB YHXB axborot xizmati rahbari Elbek Qobilov 14 dekabr kuni soat 13:00 lar chamasida Marg‘ilon shahar Ahmad Yassaviy hamda Tinchlik ko‘chasi chorrahasiga yaqinlashib kelayotgan Tahoe avtomobili yo‘lning qarama-qarshi yo‘lagiga chiqib harakatlanishi natijasida o‘z yo‘nalishida kelayotgan Tico bilan to‘qnashib YTH sodir etgani, hozirda ushbu holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Elbek Qobilovning qo‘shimcha qilishicha, Tahoe avtomobili haydovchisi, 2003 yilda tug‘ilgan Mavlonbek Yunusovda haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov
Mavzuga oid
20:04
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
19:02
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
16:02 / 20.11.2024