Jahon | 10:15 / 18.12.2023
6367
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova Dnestrbo‘yi yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Ukraina bilan chegaradosh davlatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilayotgan hukumati tan olinmagan respublikaga yaqin joyda harbiy manyovrlar o‘tkazishini e’lon qildi. Ular 22 dekabrga qadar davom etadi.

Foto: Facebook / MDAarmy

Moldova Respublikasi harbiylari Rossiya qo‘shinlari nazorati ostidagi tan olinmagan Dnestrbo‘yi yaqinida manyovrlar boshladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar rejasini 16 dekabr kuni ma’lum qildi. «17-22 dekabr kunlari 22-tinchlikparvar bataloni harbiy xizmatchilari Bulboaka o‘quv markazida mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. Shu munosabat bilan ushbu davrda harbiy texnikalar yo‘llar bo‘ylab harakatlanadi», - deyiladi Mudofaa vazirligining Facebook sahifasida.

OAV xabarlariga ko‘ra, o‘tgan hafta YeI Moldova milliy armiyasiga tibbiy va himoya vositalari, yerusti transport vositalari, mina detektorlari, dronlar va elektr generatorlarini topshirdi. Kreml avvalroq mamlakat g‘arbparast rahbariyatini Rossiya Federatsiyasi ishtirokida ajralib chiqqan Dnestrbo‘yini kuch bilan qaytarib olishga urinishlardan tiyilish haqida ogohlantirgan edi. 

YeI va NATOga a’zo bo‘lgan Ruminiya bilan qo‘shni hududda joylashgan Moldova hukumati Ukrainadagi urush tufayli Moskvadan tahdidlarni ko‘rmoqda, deb ta’kidlaydi dpa agentligi. Unga ko‘ra, rossiyalik jangchilarning mamlakatga kirib kelishi oldini olish maqsadida poytaxt Kishinyov xalqaro aeroportida qattiq xavfsizlik choralari joriy etilgan. 

Mamlakat mudofaa xarajatlarini oshirdi 

15 dekabr kuni Moldova parlamenti o‘n ikki yil ichida birinchi marta mudofaa xarajatlarini oshirishni nazarda tutuvchi milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qildi. Prezident Mayya Sandu shanba kuni bu strategiya mamlakat xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam ekanini aytdi. 

«Bugun biz milliy xavfsizlikka ikkita asosiy tahdid bilan kurashmoqdamiz: Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizga qarshi siyosati va Moldovada chuqur ildiz otgan korrupsiya», - dedi u. Bundan tashqari, respublika rahbari ta’kidlashicha, ushbu strategiya mamlakatning Yevropa integratsiyasi jarayoniga ham yordam beradi. 

14-15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan YeI sammitida YeIga a’zo davlatlar rahbarlari Moldova va Ukraina bilan ularning YeIga kirishi masalasi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. 

Mavzuga oid