O‘zbekiston | 23:15 / 18.12.2023
9717
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzurida 6-7 km chuqurlikda geologik burg‘ilashga o‘tish masalalari muhokama qilindi 

Buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida geologiya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Soha mutasaddilari ushbu vazifalar ijrosi, 2024 yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo‘yicha axborot berdi. 

Qayd etilishicha, bu ishlar ikki yo‘nalishda – ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash bo‘yicha olib borilmoqda. Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2-3 kilometrdan 4-5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Buning natijasida yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qo‘shimcha 4,4 milliard kub metr gaz qazib olindi. 

Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, ko‘plab istiqbolli quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi. 

Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan. 

Yig‘ilishda buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi. 

Ilg‘or texnologiyalar yordamida 6-7 kilometr chuqurlikda geologik burg‘ilashga o‘tish masalalari muhokama qilindi. 

Energiya manbalarini izchil yetkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida to‘lov intizomini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid