O‘zbekiston | 17:58 / 18.12.2023
30902
17 daqiqa o‘qiladi

“Rahbar o‘z xodimlariga namuna bo‘lishi kerak” - Normat Tursunov bilan suhbat

Soliq sohasidagi 28 yillik faoliyatidan keyin, 2021 yil noyabrda Navoiy viloyati hokimi lavozimini egallagan Normat Tursunov tayinlovdan ikki yil o‘tib ilk marta intervyu berdi. Kun.uz muxbiri undan viloyatdagi muammolar va kutilayotgan yangiliklar, so‘kong‘ich va majlisboz rahbarlarga munosabati, xizmat xonasida nega kresloda o‘tirmasligi va xizmat mashinasining narxi haqida so‘radi.

Bu – hokimlik faoliyatini boshlaganingizdan buyon ilk marta intervyuga rozilik berishingiz. Buning sababi nimada?

— Viloyat hokimi intervyu berishi kerak, albatta. Lekin boshqa sohadan hokimlikka kirib kelganim sababli to‘liq kirishib ketib, intervyu berish, qilingan ishlarni gapirish uchun muddat kerak bo‘ladi. Faoliyat boshlaganimga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, yil yakunida aholiga qilingan ishlar bo‘yicha hisobot beramiz. Oldingi ish joylarimda ham, hozir ham OAV, jurnalist, blogerlar bilan hamkorlikda ishlaymiz.

Rahbarlarga OAVning zarurligi shundaki, ba’zida aholini qiynayotgan muammolar rahbarga yetib kelguncha ko‘p vaqt o‘tib ketadi, shunday paytda OAV, blogerlar yordam beradi. Respublika va hududiy OAV, blogerlar bilan do‘stona hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Tezkorlik bilan, adolat bilan yoritilgan har bir ma’lumot hokimlik va rahbarlarga muammoni operativ yechishga katta yordam beradi.

Hokim bo‘lishingizni eshitganingizda nimani his qilgansiz, balki qo‘rquv yo xavotir bo‘lgandir? Tuman yoki shaharda hokim bo‘lmasdan, birdan viloyat hokimi bo‘lish qanday bo‘lgan?

— Oldingi faoliyatimda hokimlik bilan doim hamkorlikda ishlaganman. Hokimlik lavozimi haqida eshitganimda katta mas’uliyatli ish ekanini o‘ylaganman. Aytganingizdek, tuman yoki shaharda hokim bo‘lib, tayyor bo‘lib kelish boshqacha, shuni o‘ylab, bir narsani sezganmanki, bu narsa menga ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Shunga yarasha natija ko‘rsatish kerak, xalq baho beradi bunga.

Oldingi viloyat hokimi bilan familiyangiz bir xil, qarindoshligingiz bormi?

— Yo‘q, hech qanday qarindoshligimiz yo‘q. Soliq tizimida ishlaganimda oldingi hokim bilan ham hamkorlikda ishlaganman. Men toshkentlik, u kishi esa navoiylik.

Hokimi eng kam almashgan viloyat Navoiy ekan. Nima uchun shunday deb o‘ylaysiz, balki bu yerda hokimlik osonroqdir?

— Hokimlik oson emas, menimcha. Hokim tayyorlaydigan maktab yo‘q, xalqning o‘zi yaratadi maktabni. Navoiy viloyatida qonun ustuvorligi, ijro intizomi avvaldan shakllangan. Eng asosiysi, aholi ko‘p emas, hozirgi kunda 1,1 mlnga yaqin aholi bor, garchi eng katta viloyat bo‘lsa-da. Lekin har bir hududning o‘ziga yarasha ishlari, aholi talabi ko‘p, ixtisoslashuvi har xil.

Kichkina bolalardan kelajakda kim bo‘lishini so‘rashsa, prezident, hokim, askar yoki uchuvchi bo‘laman, deydi. Mana, siz hokimsiz, o‘zi bu bolalar orzu qilsa bo‘ladigan lavozim ekanmi, qanday xulosaga keldingiz?

— Men o‘zi shifokor bo‘lishni orzu qilardim, chunki hayotda ko‘p bemor kishilarni ko‘rganman. Oilada 6 ta o‘g‘il bo‘lganimiz uchun oramizdan kimdir shifokor bo‘lishi kerak ham deb shuni orzu qilardim. Ammo moliya sohasiga qiziqish ortib, shu sohada ish boshladim. Ilgari bunday emasdi, ammo mana endi ota-onalar: “Bolam sizga o‘xshagan hokim bo‘lsin”, deb niyat qiladi.

Hokim bo‘lish oson emas. Uning har bir ishida o‘sha hududdagi insonlar taqdiri yotadi. Shuning uchun ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

Navoiyda 11 ta tuman bor, ammo ayol hokimlar yo‘q. Bunga sabab nimada?

— Hech qanday sabab yo‘q. Agar hokimlikka munosib ayol nomzod topilsa, biz o‘z takliflarimizni rahbariyatga kiritamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib turasizmi?

— Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar bilan qiziqmasangiz, ortda qolib ketasiz. Ijtimoiy tarmoqlarga imkon qadar yo‘lda paytim yoki kechki payt, ish vaqtidan tashqarida kiraman.

Kun.uz saytini ham kuzataman. Aytish kerakki, bu sayt yosh-u qari birdek kuzatadigan sayt, menimcha. Tez va real holatni yoritadi, faqat negativ emas, balki pozitiv holatlarni ham yoritib boradi.

Ijtimoiy tarmoqda hokimlarning ham “choyxona” guruhlari, sinfdoshlar, do‘stlar kabi guruhlari bormi? Rasmiy bo‘lmagan, hazil-huzul bo‘ladigan guruhlar ham bormi?

— Bizda tuman hokimlarining guruhi bor. Operativ topshiriqlar, eng achchiq-shirin gaplar o‘sha yerda bo‘ladi. Achchiq gap degani bu so‘kish degani emas. Insonga mas’uliyatni sezdiradigan, kuchli ta’sir qiluvchi so‘zlarimiz ko‘p, ko‘proq shunaqa gaplardan ishlatishga harakat qilamiz. So‘kib gapirsangiz, shunga o‘rganib qoladi. Shu sababli u darajaga bormaslikka harakat qilish kerak.

Lekin do‘stlar bilan hazil-huzul qiladigan guruhimiz yo‘q, to‘g‘risi, vaqt bo‘lmaydi bunga. Ammo bunga ham vaqt ajratish kerak aslida. Ammo qarindoshlar bilan guruhimiz bor, albatta, oilamiz ham katta. Bir-birimizni qo‘llab, yangiliklarni aytib, hol-ahvol so‘rashib turamiz.

Do‘stlarimiz bilan bayramlarda bir-birimizga tabriklar jo‘natamiz. Viloyat hokimlari bilan so‘rashib turamiz, yangilik, tajriba almashamiz, yangi hokim sifatida maslahatlar so‘rab turaman ba’zida.

Asosan uyda ovqatlanasizmi yoki ko‘chada? Va sport bilan ham shug‘ullanasizmi?

— Imkon qadar uyda ovqatlanaman. Uzoq hududlarga borganda uydan ovqat ham olib chiqamiz, yo‘l-yo‘lakay ham ovqatlanamiz. Sog‘liqqa ta’siri bo‘lgani yo‘q hozircha, ammo sog‘liqqa ham qarash kerak.

Sport bilan ham imkon qadar shug‘ullanishga harakat qilaman. Hududlarga chiqqanimizda, ba’zi obektlarga borganimizda taxminan 10 km atrofida piyoda yurishga ham to‘g‘ri keladi.

Navoiy viloyati deganda, qanday og‘riqli narsa bor, ya’ni ich-ichingizdan amalga oshishini, yechilishini xohlaydigan narsangiz, muammo?

— Balandparvoz gapga o‘xshar, ammo har bir rahbar istaganidek, men ham shu yerdagi barcha aholini rozi qilishni xohlayman. Eng ko‘p o‘ylab yuradiganim ham shu.

Ekologik muammo paydo bo‘lganini hammamiz ko‘ryapmiz, Navoiyning eng og‘riqli nuqtalaridan biri bu. Avvallari kimyoviy korxonalar eski texnologiyalarda ishlagani sababli atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi darajasi yuqori edi, hozir ancha kamaygan, korxonalar modernizatsiya qilindi, yangi loyihalar kiritildi va hozir xam bu jarayon davom etmoqda. Har bir korxona atmosferaga chiquvchi chiqindilarni ushlab qoluvchi jihozlar bilan ta’minlanyapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta hududlarda ekilgan daraxtlar qurib qolayotgani tasvirlari chiqib qoladi. Bu daraxtlarni nazorat qilish, qurib qolishining oldini olish qanday bo‘ladi?

— “Yashil makon” loyihasi birinchi boshlangan paytda juda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘ydik, buni tan olish kerak. Chunki ayni o‘sha hududlarga mos daraxt ekmadik, suv tizimini o‘rganmadik, tuproqni o‘rganmadik, faqat songa yurdik. Bu yil esa sug‘orish tizimi mavjud bo‘lgan yerlarga va sharoitga mos daraxtlar ekdik. Har bir ko‘chatning egasini belgiladik, suv tizimi o‘rnatilmagan yerga ko‘chat ekilmadi.

Shunday bo‘lsa ham, ayrim holatlarda qurib qolishi mumkin, ammo bu tabiiy narsa. Ko‘chatlar nazorat qilinishi uchun elektron platformaga kiritildi. Kim ekkani ham ko‘rinib turadi, agar qurib qolsa, o‘rnini qoplaydi, qat’iy nazoratga olingan.

Yoshi ulug‘ insonlardan doimiy xabar olib turar ekansiz. Shu xaqida ham gapirsangiz.

— Ha, bu an’ana biz uchun, bayramlar arafasida yoshi ulug‘ kishilardan xabar olamiz. 100 yoshdan oshgan otaxon-onaxonlarimiz bor. Doimiy xabar olib turamiz, tanib qolishgan o‘zlari.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizda o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ko‘tarildi. Oldin yoshi ulug‘lar kamroq edi, hozir qaysi mahallaga borsangiz, nuroniylar ko‘p chiqadi. 103-104 yoshda ham tetik yurganlar bor. Ilgari 70-80 yoshda ancha quvvati ketib qolgan bo‘lardi kishilarning, hozir 80 yoshli kishilar ham ancha bardam-baquvvat.

Ekstremal va ekoturizm bo‘yicha Navoiy viloyatining potensiali baland. Dubay shahzodasi ham Qizilqum cho‘llarida ov qilib turadi. Bu esa dunyo miqyosidagi targ‘ibot uchun yaxshi. Ammo turizm yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rsatkichlarda Navoiy viloyati boshqa viloyatlardan pastroq o‘rinda turadi. Bu bo‘yicha ham aniq bir rejalar bormi? Va shu paytgacha unchalik rivojlanmaganiga sabab nimada deb o‘ylaysiz?

— Eng asosiy sababi – yetarlicha targ‘ib qilinmagani, Navoiy viloyatining imkoniyatlari ko‘rsatib berilmagani. Bu borada ko‘p o‘yladik, bir qancha mutaxassislar bilan gaplashdik. Investorlardan ham fikrlarini so‘radik. Har bir sayyoh uchun birinchi navbatda infratuzilma, ularga sharoit yaratish muhim.

Bugungi yangi yaratilgan imkoniyat: Qizilqum sahrosi – YuNeSKOning Ipak Yo‘li koridoridagi 5 ta madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritildi. Bundan tashqari, Nurotadagi Sentob qishlog‘i eng yaxshi turizm qishlog‘i deb e’lon qilindi. Bu qishloqqa nafaqat mahalliy sayyohlar, balki chet ellik sayyohlar ham (ayniqsa Germaniya, Fransiya) katta qiziqish bildirishmoqda. Bu joyning tabiati, go‘zalligi va har bir sayyoh uchun munosib sharoitlar yaratilganini e’tirof etish kerak.

Ko‘pchilik davlat xizmatchilarini majlislar charchatib ko‘yadi. Navoiy viloyati hokimligida majlisbozliklar qanchalik kam deb hisoblaysiz?

— Qariyb 28 yildan beri davlat tashkilotlarida ishlab kelyapman, oldingi faoliyatim ham hokimliklar bilan bog‘liq edi. Ilgari rostdan ham juda ko‘p yig‘ilishlar bo‘lgan, bugungi kunda bu yig‘ilishlar keskin kamaygan. Navoiy viloyati haqida gapirsak. Bizda 1 haftada 1 marta yig‘ilish bo‘ladi (“hokim soati” deymiz), unda haftalik qilingan ishlarni sarhisob qilib, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni gaplashib olamiz.

Asosiy yig‘ilishlar, muhokamalar joylarda bo‘ladi, qaysi soha, qaysi tarmoq bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha joyida muhokama qilinadi. Umuman, Navoiy viloyatida yig‘ilishlar deyarli bo‘lmaydi, ko‘p yig‘ilishlarni qo‘llab-quvvatlamaymiz. Chunki ko‘p yig‘ilish qilishdan ko‘ra joyida ko‘proq ishlagan yaxshi.

— “Boshliqlar kechikmaydi, ushlanib qoladi” degan hazil gap bor xalq orasida. Siz ham kechikib turasizmi yoki ushlanib qolasizmi?

— Rahbar odam birinchi navbatda o‘zi xodimlarga namuna bo‘lishi kerak. Ishiga vaqtida kelib, ish vaqtini to‘g‘ri taqsimlab, belgilangan vazifalarini to‘liq amalga oshirish kerak bo‘ladi. Hokim sifatida ham, oldingi ish joyimda ham ish 09:00 da boshlanadigan bo‘lsa, men soat sakkizda yoki yetti yarimda ishga kelganman. Ish boshlanguncha o‘zimning rejalarimni tuzib, amalga oshiriladigan ishlarni sarhisob qilib olaman. Ishdan ketishda ham barcha xodimlarni kuzatib, keyin uyga ketaman.

Rahbardan keyin uyga ketaman deb o‘tirish juda noto‘g‘ri narsa. O‘z vaqtida ishini qilib, uyiga ketish kerak. Vaqtida ishlash, vaqtida dam olish kerak. Xodimlar uchun shunday sharoit yaratilgan bizda. Dam olish, bayram kunlari ham oilasi bilan bo‘lish uchun sharoit yaratib berilgan. Har bir inson oilasi, farzandlari bilan bo‘lishga vaqt topishi lozim.

Chekka tumanlardagi siz ko‘rgan va sizga ko‘rsatilgan holat qanchalik reallikka yaqin ekan?

— 2 yil ichida eng chekka hududlarga borishga harakat qildik, chunki u yerdagi muammolar yetib kelmagan bo‘lishi mumkin. Ishni ham chekka hududlardan boshlaganmiz. U yerda ham muammolar yig‘ilib qolgan, bormasa bo‘lmaydigan holatda bo‘lgan.

Uzoq yil soliq tizimi sohasida ishlagan inson sifatida hokimlikka kelib nimalarni o‘zlashtirish sizga murakkablik tug‘dirdi?

— Uzoq vaqt Toshkent shahrida yashaganim, qishloq xo‘jaligi sohasidan yaxshi xabardor bo‘lmaganim uchun shu borada ozroq murakkablik paydo bo‘ldi. Ammo imkon qadar bu sohaning ichiga kirishga ham harakat qilyapmiz.

Uyga bozorlikni kim qiladi, oxirgi marta qachon bozorlik qilgansiz?

— Ilgari ro‘zg‘orga bozorlikni o‘zim qilardim, albatta. Hozir farzandlarim voyaga yetgan, o‘g‘lim bilan turmush o‘rtog‘im bozor qiladi asosan.

Orttirilgan mablag‘lar haqida ham gaplashsak. Hozirda hokimlik hisobida qancha mablag‘ bor? Va bu mablag‘lar asosan nimalarga ishlatiladi?

— Mahalliy budjet har chorakda belgilanadi, kamida 60 mlrd so‘m hokimlik hisobida qoladi. Tadbirkorlik ko‘paysa, soliqlar ko‘paysa, budjet mablag‘lari ham oshadi.

Bu pullar yo‘llarga, suv o‘tkazishga, hozirgi paytda qishga tayyorgarlik uchun ishlatilyapti. Sog‘liqni saqlash sohasi, maktablar uchun ham ishlatiladi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda hokimliklarning xizmat mashinalari narxi chiqdi va keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sizning xizmat mashinangiz ham bu ro‘yxatda 100 ming dollar narx bilan 6-o‘rinda turgandi. Keling, shu masalaga ham oydinlik kiritib ketsak.

— Rostdan ham ancha muhokamalar bo‘ldi. Minib yurgan mashinam narxini men ham o‘sha ijtimoiy tarmoqda ko‘rdim, to‘g‘risi, bilmas edim. Chunki bu mashina men hokim bo‘lishimdan oldin olingan. Aynan mening faoliyatim davomida hali xizmat mashinasi olingani yo‘q.

Xizmat xonangizda kresloda o‘tirmas ekansiz, buning sababi nimada, sog‘liq bilan bog‘liqmi yoki qandaydir prinsipmi?

— Rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgan davrimdan beri deyarli kresloda o‘tirmaganman, o‘zimning xodimlarga ham unchalik tavsiya qilmayman. Chunki oddiy stul rahbar va xodimni bir xilda ushlab turadi darajani. Eng asosiysi, menga ishlash uchun stul kreslodan qulayroq.

Hali hech qayerda e’lon qilinmagan, navoiyliklarni xursand qiladigan 3 ta yangilik sanab bersangiz. Va yana 3 ta yechimini kutayotgan muammo borasidagi rejalaringiz?

— Navoiy viloyatidagi ekologik muammoni yechish maqsadida Navoiy shahri markazidan uzoq bo‘lmagan 50 gektar maydonda Yangi O‘zbekiston bog‘ini yaratish rejalashtirilyapti. Bu bog‘da yashil hudud yaratish rejalashtirilgan.

Ikkinchi yangilik esa Navoiy pedagogika instituti negizida kampus yaratmoqchimiz. Bu ham navoiylik yoshlar uchun munosib joy bo‘ladi deb o‘ylayman.

Uchinchi yangilik esa yo‘llardagi tirbandlik bo‘yicha. Tirbandlikni raqamlashtirish, sun’iy intellekt bilan ishlashni boshlaganmiz. Bu aqlli chorraha loyihasining birinchi qismi tugatilib, taqdimot qilindi va qayta ishlashga berildi. Tez kunda aqlli chorrahalar ishga tushadi. Bu loyihalarni aynan navoiylik yoshlar amalga oshiryapti.

Yechimi kutilayotgan muammolarga to‘xtalsak. Eng chekka hududlarda ham yo‘llarni ta’mirlash, tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish, Navoiy viloyatida 2024 yilda to‘liq tuproq yo‘llardan chiqish kutilmoqda.

Bundan tashqari, eng olis hududlarni ham markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 2024 yilda Navoiy shahrida jamoat transportlarini rivojlantirish maqsadida 50 ga yaqin yangi avtobuslar xarid qilish rejalari tuzilgan.

Sardorbek Usmoniy suhbatlashdi.

Mavzuga oid