Iqtisodiyot | 19:02 / 19.12.2023
19525
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy investitsiyalar hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qayd etildi 

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda 63 foiz ulush bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mintaqaviy investitsiyalarning asosiy jalb qiluvchisi hisoblanadi.

Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) «O‘zaro investitsiyalar monitoringi – 2023» (.pdf) ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda 63 foiz ulush bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mintaqaviy investitsiyalarning asosiy jalb qiluvchisi hisoblanadi. 

Investitsiyalarning 24 foizi O‘zbekistonga, 11 foizi Qozog‘istonga, 2 foizi Tojikistonga yo‘naltirilgan, Turkmaniston ishtirokidagi loyihalar mavjud emas. 

Bunday investitsiyalar, YeOTB ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda amalga oshirilayotgan 27 ta yirik loyihaga kiritilgan. Investitsiyalarning umumiy hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. 

Mintaqadagi eng yirik beshta loyiha Qozog‘istonning Kaz Minerals, United Cement Group, «Narodnyy bank» va «Vernyy Kapital» ((ikkita loyiha) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Qolgan ikkita yirik loyiha O‘zbekistonning Artel va Alliance Textile kompaniyalariga tegishli. 

Qayd qilinishicha, mintaqadagi asosiy investorlar Qozog‘iston va O‘zbekistondir. Kapital qo‘yilmalarning qariyb 87 foizi Qozog‘iston, 13 foizi esa O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Kaz Minerals tomonidan Qirg‘izistondagi Bo‘zimchak oltin-mis koniga kiritgan 350 million dollar sarmoyasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiy o‘zaro investitsiyalarning 32 foizini tashkil qiladi. 

Mintaqadagi eng yirik o‘zbek investori Artel bo‘lib, 2018 yilda Qirg‘izistonda ichki bozorda sotish uchun muzlatgichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali Markaziy Osiyo bozoriga chiqa boshlagan. Keyinchalik kompaniya Qozog‘iston va Tojikistonda o‘z zavodlarini ochdi. 

Markaziy Osiyodagi 242 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining 22 foizi moliyaviy xizmatlar sektoriga to‘g‘ri keladi, bu sohadagi barcha loyihalar Qozog‘iston banklari tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid