Jamiyat | 09:16 / 20.12.2023
23632
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchini urib yuborib qochib ketgan haydovchi 15 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lib chiqdi

9-sinf o‘quvchisi onasiga tegishli mashinaning davlat raqamlarini yechib harakatlangan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Avvalroq, Samarqand tumanida Gentra haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yuborib qochib ketgani haqida xabar bergandik.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, hodisa 2023 yil 18 dekabr kuni soat 17:25 larda Samarqand tumani «Ravonak» MFY hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda sodir bo‘lgan.

Yo‘lni kesib o‘tayotgan 2011 yilda tug‘ilgan 7-sinf o‘quvchisini davlat raqami 30 O 641 AB bo‘lgan Gentra urib yuborgan va haydovchi voqea joyidan ketib qolgan.

Oqibatda, maktab o‘quvchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. YPX xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida haydovchi va transport vositasi topilgan.

Uddaburon o‘quvchi YTH sodir etgandan so‘ng darrov borib mashinasining shikastlangan joylarini ta’mirlashga ham ulgurgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Gentra boshqaruvida 2008 yilda tug‘ilgan o‘smir bo‘lgan. U onasiga tegishli mashinani so‘ramasdan minib chiqqan.

Hozirda holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid