O‘zbekiston | 10:44 / 21.12.2023
2531
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosati asosiy maqsadlari belgilanyapti

“Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasining predmeti bo‘lib oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish natijasida inson hayoti va sog‘lig‘ini hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash hisoblanadi.

Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi davlat siyosati asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

inson hayoti va sog‘lig‘ini hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish;

qonunchilik hujjatlarini O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlarning xalqaro standartlari, normalari va qoidalariga uyg‘unlashtirish;

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish;

oziq-ovqat mahsulotining muomalasini barcha bosqichlarida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida quyidagilarga erishiladi:

oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligini ta’minlash barcha bosqichlari qamrab olinadi, “fermadan to dasturxongacha” tamoyili asosida davlat boshqaruvi va nazorati joriy etiladi;

oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati mexanizmlari takomillashtiriladi, vakolatli davlat organlarining vazifalari aniq belgilanadi, funksiyalari takrorlanishi oldi olinadi;

davlat nazorati, avvalambor, mahsulotning xavfsizligini ta’minlashga qaratiladi;

oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy tamoyillari xalqaro talablardan kelib chiqqan holda belgilanadi, amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtiriladi, Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvi qoidalari aks ettiriladi;

oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlari, ular faoliyatida zarur gigiyenik amaliyot va zarur ishlab chiqarish amaliyotini joriy etish mexanizmlari belgilanadi;

oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasida nazoratni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar maxsus bilimlari oshiriladi, zamonaviy, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda nazorat usullarini qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalar hosil etiladi;

korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlari joriy etiladi;

oziq-ovqat tizimining investitsiyaviy jozibadorligi ortadi, xalqaro raqobatbardoshligi ta’minlanadi va respublikaning eksport salohiyati oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid