O‘zbekiston | 13:51 / 22.12.2023
6034
2 daqiqa o‘qiladi

IIO navbatchilik qismlarida fuqarolarni alkotester yordamida tekshirish tartibi e’lon qilindi

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogoldan mastlik holatida ekanini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: AP

Loyiha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

2016 yil 16 sentabrdagi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni 17-moddasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ularning organizmida alkogol, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar mavjudligini aniqlash uchun tekshirishni amalga oshirish huquqi berilgan.

Loyihada ichki ishlar organlari profilaktika inspektori va patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib olib kelingan shaxslarni MJtKning 32-moddasi 6-bandiga asosan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat etib belgilangan huquqbuzarlikning mast holda sodir etilganligini aniqlash jarayonida alkotester qurilmalaridan foydalanish hamda tekshiruv o‘tkazish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun 2024-2025 yillar davomida bosqichma-bosqich jami 208 dona alkotester qurilmalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan olinishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, 1 dona alkotesterning taxminiy o‘rtacha narxi 15 mln (jami 3,12 mlrd) so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid