Jahon | 10:25 / 22.12.2023
7298
4 daqiqa o‘qiladi

Pragadagi Karl universitetida otishma: 15 kishi halok bo‘ldi

Chexiya qutqaruv xizmati xabariga ko‘ra, qurollangan shaxs Praga markazidagi Karl universitetining falsafa fakultetida 14 kishini otib o‘ldirgan va o‘zini o‘ldirishdan oldin 25 ga yaqin odamni yaralagan.

Foto: Picture Alliance

Praga markazidagi Karl universitetining falsafa fakulteti binosida erkak kishi o‘t ochdi. Oqibatda 15 kishi, jumladan, hujumchi deb taxmin qilingan shaxs halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi, dedi jurnalistlarga politsiya boshlig‘i Martin Vondrashek. Unga ko‘ra, 24 kishi jarohatlangan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni 24 yoshli universitet talabasi amalga oshirgan, gumon qilinayotgan jinoyatchining otasi avvalroq o‘lik holda topilgan.

Chexiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Vit Rakushan «jinoyatning xalqaro terrorizm bilan aloqasi borligini ko‘rsatadigan hech qanday dalil yo‘q»ligini aytdi.

Universitet oldidagi maydonga maxsus politsiya kuchlari yetib keldi

Otishma sodir bo‘lgan Yan Palax maydoni o‘rab olingan, fakultet binosidan odamlar evakuatsiya qilingan, deb xabar beradi Novinky.cz. Voqea joyiga politsiya maxsus kuchlarining katta kontingenti yuborildi. Politsiya odamlardan imkon qadar voqea sodir bo‘lgan hududga kelmaslikni, yaqin atrofdagi mavzelar aholisidan esa ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi.

Nova telekanali xabariga ko‘ra, jinoyatchi o‘limidan oldin fakultet binosi tomida bo‘lgan. Bundan tashqari, portlash ovozi eshitilgan. OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, otishma boshlanganidan keyin ba’zi odamlar ko‘chaga yugurib chiqqan, boshqalari sinf xonalarida to‘siq o‘rnatgan.

Yevropa yetakchilari Chexiya xalqi bilan birdam ekanini bildirdi

Yevropa yetakchilari hujum yuzasidan Chexiya bilan birdamlik bildirdi. Germaniya kansleri Olaf Shols «Pragadan kelgan dahshatli xabardan qattiq hayratda qolganini» aytdi.

«Praga markazidagi hujum Yevropaning qoq markaziga zarba berdi. Biz qayg‘uramiz», deb yozdi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok X ijtimoiy tarmog‘ida.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «jabrlanganlarning qarindoshlari va butun Chexiya xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi».

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte Pragadagi otishmani «dahshatli yangilik» deb atadi hamda qurbonlarning yaqinlari va jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «qurbonlar, jabrlanganlar va ularning yaqinlari, shuningdek, butun Chexiya xalqi va rasmiylari bilan birdam» ekanini bildirdi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni «Pragadagi otishmada halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi». «Biz zo‘ravonlik, fanatizm va terrorizmning barcha shakllarini qat’iy qoralashimizni ta’kidlaymiz. Yevropa javob qaytarishi va fuqarolarning maksimal xavfsizligini ta’minlash uchun barcha vositalarni kuchaytirishi kerak», deb yozdi u.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Chexiya poytaxtidagi universitetda otishmadan «shokka tushib qolganini» aytdi hamda «o‘y-xayollari qurbonlarning oilalari bilan» ekanini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid