Jamiyat | 22:09 / 24.12.2023
34432
17 daqiqa o‘qiladi

Ba’zi kolxoz haydovchilari bir mahsulotni o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan tashib qanday ayyorlik qilgan? – «Zakovat» qishki mavsumi uchinchi o‘yinidan reportaj 

XX asrning 70-yillarida ba’zi kolxoz haydovchilari qaysi mahsulotni tashiyotganda yuk mashinasini qishloqning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalaridan haydash orqali ayyorlik qilgan? “Davolab bo‘ladigan paytda sezilmaydi, yuzaga chiqib sezilganida davolashga kech bo‘ladi” – Otto fon Bismark siyosatdagi xatolarni qaysi kasallikka qiyoslagan? O‘zbeklarda mo‘l-ko‘lligi, fransuzlarda dizayni, nemislarda son-sanog‘i muhim. Nimaning?  – “Zakovat” teleo‘yini qishki mavsumining uchinchi o‘yinida Otabek Xamzayev jamoasi ishtirok etdi.

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Shohzodbek Bektursunov - faylasuf;

Alisher Orifjonov - turizm mutaxassisi;

Otabek Hamzayev - shifokor (jamoa sardori);

Shohrux Jo‘rayev - O‘zDJTU doktoranti;

Abdunayim Abdushukurov - tarixchi;

Yoqubjon Xolmatov - “Wisdom” xususiy maktabi direktori.

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar 

Otabek Xamzayev jamoasi 2023 yilning qishki mavsum uchinchi o‘yinida ishtirok etadi.

1-raundda nimaning O‘zbekistonda mo‘l-ko‘lligi, fransuzlarda dizayni, nemislarda son-sanog‘i muhimligi so‘raldi. Savol o‘qilishi bilan bir necha ishtirokchi to‘g‘ri variantni aytdi va yakunda ham adashmasdan to‘g‘ri javob berildi. Hisob – 1:0.

2-raundda 1999 yilda Pensilvaniya universitetining tibbiyot fakultetida uzoqni yaxshi ko‘rolmaydigan 479 nafar inson bilan tadqiqot o‘tkazilgani, ularning 56 foizi har kuni qaysi odatni qilishi kuzatilgani haqida savol o‘ynaldi. Ushbu savolda Alisher Orifjonov jamoasiga ikkinchi ochkoni keltirdi. Hisob – 2:0.

Jamoa a’zosi Alisher Orifjonov 

3-raundda Migel de Servantes bo‘lgan kemani dengizda jazoirlik dengiz qaroqchilari qo‘lga olgani, qaroqchilar Servantesning yozuvchiligini bilishmasa-da, nega hukumatdan eng katta pulni u uchun talab qilishgani haqida savol o‘ynaldi. Muhokamada jamoada to‘g‘ri javob kuzatilmadi va teletomoshabinlar ilk ochkoni qo‘lga kiritdi. Hisob – 2:1.

Jamoa a’zosi Shohrux Jo‘rayev 

4-raundda gugurt olib chiqilib, qaysi ishda gugurt qutisi ikkita oyoq to‘pig‘iga qistirilsa, u talafotdan saqlashi so‘raldi. Ushbu savolda ham jamoa javobga yaqin kelmadi. Hisob 2:2 ko‘rinishini oldi.

Jamoa a’zosi Abdunayim Abdushukurov 

5-raundda Otto fon Bismark siyosatdagi xatolarni “davolab bo‘ladigan paytda sezilmaydi, yuzaga chiqib seziladigan bo‘lganida davolashning iloji qolmagan bo‘ladi” deya tibbiyotdagi qaysi kasallikka qiyoslagani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolda ham  bu savolga ham javob topa olmadi. Hisob – 2:3.

Jamoa sardori Otabek Xamzayev 

Keyingi raundda Fransiyadagi Baun shahridagi avtomobil yo‘llarida nega noodatiy qing‘ir-qiyshiq chiziqlar chizilgani haqidagi savol berildi. To‘g‘ri olib borilgan muhokama natijasida jamoa o‘zining uchinchi ochkosini oldi. Hisob – 3:3.

Jamoa a’zosi Shohzodbek Bektursunov 

7-raundda turli rasmli savollardan iborat blits savollarida jamoa yaxshi ishlab, savollarning barchasiga to‘g‘ri javob berdi. Hisob – 4:3.

Jamoa a’zosi Yoqubjon Xolmatov 

8-raundda turli ijodkorlar ijod vaqtida qon aylanishini yaxshilash uchun turli usullar qo‘llagani, adib Jon Milton bu ish uchun nima ish amalga oshirgani so‘raldi. Ushbu savol ham jamoa uchun qiyinlik qildi va hisob tenglashdi – 4:4.

Keyingi raundda o‘rta asrlarda islom olamida ayrim kishilar uzukni nega faqat bosh barmoqqa taqib yurgani haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa ushbu savolning javobiga ham yetib bora olmadi va hisobda ortda qola boshladi. Hisob – 4:5.

10-raundda XX asr 70-yillarida ba’zi kolxoz haydovchilari qaysi mahsulotni yuk mashinasida tashiyotganda mashinani qishloqning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalaridan haydash orqali ayyorlik qilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Har qancha urinmasin, jamoa ushbu ajoyib savolni ham topa olmadi va mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi.

Shunday qilib, mavsumning uchinchi o‘yini Otabek Hamzayev jamoasining 4:6 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi. Ushbu hisob jamoaning keyingi mavsumga o‘tishini ta’minlagan bo‘lsa-da, finalga chiqish imkoniyatidan mosuvo qildi. 

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin. 

1-raund. Savol muallif: Abduhoshim Mamajonov, Andijon viloyati, Marhamat tumani

Boshlovchi: O‘zbekistonda uning mo‘l-ko‘lligi muhim, fransuzlarda – albatta dizayni, inglizlarda – o‘zini tutishi, odobi muhim, nemislarda son-sanog‘i muhim.

Diqqat savol: Gap nima haqida ketmoqda?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Gap dasturxon haqida ketmoqda, dasturxonning bezatilishi va taomlari haqida.

To‘g‘ri javob: O‘zbek mehmondorchiligida taomlarning mo‘l-ko‘lligi muhim, fransuz mehmondorchiligida taomning dizayni, ko‘rinishi muhim, ingliz mehmondorchiligida mehmonning taomni odob bilan yeyishi muhim, nemis mehmondorchiligida taomning sanog‘i muhim.

Hisob: 1 - 0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

2-raund. Savol muallif: Madina Ismatullayeva, Toshkent shahri Yangihayot tumani

Boshlovchi: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Iymon” degan asarlarida turli sohalaridan ko‘p qiziq ma’lumotlar keltirilgan. 1999 yilda Pensilvaniya universitetining tibbiyot fakultetida uzoqni yaxshi ko‘rolmaydigan 479 nafar inson bilan tadqiqot o‘tkazilgani yoziladi. Ularning 56 foizi har kuni bir odatni qilishi kuzatilgan. Bu odat ularga birmuncha sarf-xarajatlarni talab etgan.

Diqqat savol: Bu ilmiy tajriba nimadan iborat deb o‘ylaysiz? 

3-raund. Savol muallifi: Hadicha G‘ofurova, Toshkent shahri, Yunusobod tumani

Boshlovchi: Migel de Servantes o‘z ukasi Rodirigo bilan 1575 yili Neapoldan Barselona shahriga kemada yo‘l oladi. Ochiq dengizda kemani jazoirlik dengiz qaroqchilari qo‘lga oladi. Ko‘pchilik qatl qilinib, boyroq ko‘ringan 15-16 chog‘lik odamlarni asrga olib, ular uchun hukumatdan tovon puli so‘rashadi. Garchi, Servantesning yozuvchiligini bilishmasa-da, hukumatdan eng katta pulni u uchun talab qilishadi.

Diqqat savol: Nega Servantes uchun eng ko‘p pul so‘rashgan?

Javobni Shohrux Jo‘rayev beradi: Ehtimol, Migel Servantes qaroqchilar bilan muzokara o‘tkazgan. Jazoirlik deyildi, arab tilida gaplashgan bo‘lsa, tarjimonlik qilib turgan, ya’ni qaroqchilarning tilini tushungani uchun yuqori davlat mulozimi deb o‘ylashgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Uning yonida qirollik oilasi vakillariga tegishli xat-hujjatlar topilgan. Uni qirollik oilasiga taalluqli deb o‘ylashgani uchun ko‘p pul so‘rashgan.

Hisob: 2 - 1

Savol muallifi Xadicha G‘ofurova 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi: Ravshan Mamajonov, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: Marhamat, oddiy gugurt olib chiqilsin!

Bu gugurt sizga bir ishda kerak bo‘ladi. Uni ikkita oyog‘ingiz to‘pig‘iga qistirsangiz, u sizni talafotdan saqlaydi.

Diqqat savol: Siz nima ish qilayotganingizda bu gugurt yordam beradi?

Javobni Shohrux Jo‘rayev beradi: Balki balerinalar oyoq kiyimlarini kiyishayotganda uning to‘g‘rilanadigan detallari bor. Shunda ular gugurt cho‘plaridan foydalangan.

To‘g‘ri javob: Ko‘p hollarda ular gugurt bilan boshlashadi. Kimlardir tanga, kimlardir tosh bilan bu ishni bajaradi. Parashyutdan sakrashni o‘rganayotgan vaqtingiz agar gugurtni tushirib yo pachaqlab yuborsangiz, instruktorlar sizga past ball qo‘yadi. Parashyutdan sakrovchilar ikkala oyoqlari bilan yerga qo‘nishga shu taxlit o‘rgatiladi. Yo‘qsa, jarohat olib qolishlari mumkin. 

Hisob: 2 - 2

Savol muallifi Ravshan Mamajonov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

5-raund. Savol muallifi: Davron Hakimov, Namangan shahri

Boshlovchi: Germaniyaning ilk kansleri, "temir kansler" taxallusi bilan mashhur Otto fon Bismark siyosatdagi xatolarni tibbiyotdagi bir kasallikka qiyoslaydi. “U kasallik g‘alati, davolab bo‘ladigan paytda u dard ham sezilmaydi. Yuzaga chiqib seziladigan bo‘lganida davolashning iloji qolmagan bo‘ladi” – degan.

Diqqat savol: Bismark siyosatdagi xatolarni qaysi kasallikga o‘xshatadi?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Bizning javobimiz - saraton kasalligi

To‘g‘ri javob: Bismark kansler bo‘lgan yili 1871 yil edi. XIX asr oxiri, XX asr 30-yillarigacha Yevropada bir kasallik hukm surgan. Har bir salbiy ibora borki, albatta, o‘sha kasallik qo‘shib aytilgan. U sil kasalligi edi. Kasallik avjiga chiqqanida davolab bo‘lmaydi. Davolab bo‘ladigan paytda sezilmaydi. Siyosatdagi xatoliklar – xuddi sil kasalligiga o‘xshaydi degan.

Hisob: 2 - 3

Savol muallifi Davron Hakimov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Savol muallifi: Samandar Nuraliyev, Surxondaryo viloyati Uzun tumani

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu surat Fransiyadagi Baun shahrida olingan. Bu shahardagi avtomobil yo‘llarida qing‘ir-qiyshiq chiziqlar chizilgan. Bu qaysidir ma’noda yo‘l belgisi hisoblanadi.

Diqqat savol: Bu chiziqlar nima ma’noni bildiradi?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Yoqub Xolmatov beradi: Ko‘rib turibmiz, aholi yashaydigan joy, katta tezlikda harakatlanish mumkin emas. Mashina haydab kelayotgan haydovchi bu belgilarga darhol tushunib yetmaydi va tezlikni kamaytirishga majbur bo‘ladi. Bu belgilar tezlikni kamaytirish uchun ishlatilgan.

To‘g‘ri javob: Bu chiziqlar ma’lum joylarda chizib qo‘yilgan. Haydovchilar to‘satdan bu belgili ko‘chaga kirib qoladi. Bu qanday belgi ekanligini anglash uchun tezlikni pasaytirishga majbur bo‘lar ekan. Tezlikni pasaytirish uchun.

Hisob: 3 - 3

Savol muallifi Samandar Nuraliyev 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Blits savollari.

1-savol muallifi: Abduqahhor Kamolov, Farg‘ona

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu suratni mashhur o‘zbek musavviri Abdulhaq Abdullayev chizgan.

Diqqat savol: Rassom bu suratni nima deb nomlaganligini ikkita so‘z bilan toping.

Javobni Abdunayim Abdushukurov beradi: Sen yetim emassan.

To‘g‘ri javob: Bu suratning nomi Shomahmudovlar oilasi yoki Sen yetim emassan. Urush vaqtida 14 ta bolani asrab olgan Shoahmad va Bahrixon aya Shomahmudovlarga bag‘ishlangan.

2-savol muallifi: Asqar Abatov, Nukus shahri

Boshlovchi:Ekranga qarang.

Bir mashhur manbada bu suratlar soni 5 ta bo‘lgan. 

Diqqat savol: Siz manbani emas, 5-bo‘sh katakda nima bo‘lganligini toping.

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Mushuk

To‘g‘ri javob: Mushuk. Manba Bremenlik musiqachilar. Ushbu asardagi personajlar, xo‘roz, eshak, kuchukcha, inson va mushukka bag‘ishlab chizilgan surat.

3-savol muallifi: Abdulla Ishmurodov, G‘ijduvon

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Suratdagi nishon yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqildi. Nishon, ya’ni yulduzcha ilgaridek ignaband bilan emas, bolt va gayka bilan yaxshilab qotirib taqiladi.

Diqqat savol: Siz menga bu nishon bilan qanday bojxonachilar taqdirlanishlarini 2 ta so‘zda topib bering.

Javobni Yoqub Xolmatov beradi: itlarga

To‘g‘ri javob: Bojxona itlari.

Kinologiya itlari. Itlar xizmat vaqtida yugurganda tushib qolmasligi uchun, bu nishonlar itning tasmasiga qotirib qo‘yiladi.

Hisob: 4 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

8-raund. Savol muallifi: Quvonchbek Ma’muraliyev, Namangan viloyati, Chust tumani

Boshlovchi: Har xil yozuvchi-shoirlarning ijod usuli turlicha bo‘lgan. Masalan, Shiller oyoqlarini sovuq suvga tiqib o‘tirgan. Jan-Jak Russo quyosh ostida boshyalang turib ijod qilgan. Bayron va Prust dori ichib ishlagan. Bu ularning shaxsiy fiziologik holatlaridan kelib chiqib bajarilgan. Aynan ularda bu holatlar qon aylanishini yaxshilagan. Agar fiziologlarning bu fikri to‘g‘ri bo‘lsa, eng maqbul harakatni Shon Jon Milton amalga oshirgan ekan.

Diqqat savol: Milton ijod qilayotgandagi uslubini toping.

Javobni Shohrux Jo‘rayev beradi: Jon Milton ehtimol, o‘tirib emas, tik turib yozgan asarlarni.

To‘g‘ri javob: U ijodxonasida yumshoq divanga yotib olib, boshini polga osiltirib yotgan. Miyaga qon oqimi kuchayadi. Keyin turib ijod qilgan. Yana yotgan va hokazo.

Hisob: 4 - 4

Savol muallifi Quvonchbek Ma’muraliyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

9-raund. Savol muallifi: Ismoil Madg‘oziyev, Toshkent shahri

Boshlovchi: Marhamat, xodimning qo‘liga qarang.

O‘rta asrlarda islom olamida ayrim kishilar uzukni aynan shu barmoqqa taqib yurishgan. Boshqa barmoqqa taqishmagan. Atrofdagilar ham bilishgan, bu odam nega shu barmoqqa uzuk taqqanini.

Diqqat savol: Bu kishilarning ko‘rsatkich barmog‘iga taqilgan uzuklari nima ma’noni bildirgan?

Javobni Yoqub Xolmatov beradi: Qozilar taqqan bo‘lsa, adolatni teng ushlab turaman deb.

To‘g‘ri javob: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining fiqhga oid “Kifoya” asarlarida, agarda birovga garov evaziga pul qarz bergan odam, evaziga shu uzukni olgan bo‘lsa, odamlar bilishlari uchun shu barmoqqa taqib yurishgan.

Hisob: 4 - 5

Savol muallifi Ismoil Madg‘oziyev 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

10-raund. Savol muallifi: Shahzoda Tirkasheva, Farg‘ona viloyati, Buvayda tumani

Boshlovchi: Shahzod, siz XX asr 70-yillarida o‘sha paytlardagi kolxozlardan birida haydovchi bo‘lib ishlaysiz. Siz bir tonna yukni ortib olib, markazga olib ketyapsiz. Siz negadir qishloqning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalaridan yurib, aylanib yukni manzilga eltasiz. 

Diqqat savol: Bu haydovchi nega bu yo‘llardan yurgan, u qanday yukni olib borgan?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Balki avtomobilda g‘alla olib ketayotgan bo‘lsa, ovloqroq joyga borib, o‘sha g‘alladan oladi-da, manzilga yetib borib, o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan yurganim uchun to‘kilib ketdi, deyishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Bu ayyor haydovchi yurib-yurib, manzilga ozgina qolganda ovloqroq joyda to‘xtab, yukning qopqog‘ini ochib, o‘ziga kerakli mahsulotni olib, yana yo‘lda davom etgan. Haydovchi kolxoz fermasidagi sutni kombinatga olib borgan. O‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan yurib, sutni chayqatib, qaymog‘ini oshirgan va bir idishga sutning yuzidagi qaymog‘ini olgan.

Hisob: 4 - 6

Savol muallifi Shahzoda Tirkasheva 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Shahzoda Tirkasheva, kolxoz haydovchilari ayyorligi haqida

Shahzoda Tirkasheva 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Alisher Orifjonov

Alisher Orifjonov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid