Sport | 17:17 / 26.12.2023
30360
6 daqiqa o‘qiladi

Fayzullayev – O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi. O‘FA yil laureatlarini e’lon qildi

Bugun, 26 dekabr kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasida yil yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek futbolining 2023 yildagi yakunlari sarhisob qilinib, yil laureatlari e’lon qilindi.

«O‘zbek futboli nuroniysi»

Futbolimiz faxriysi, ayni kunlarda muborak 90 yoshni qarshi olgan Lev Viktorovich Vaxtin «O‘zbek futboli nuroniysi» sovriniga loyiq deb e’tirof etildi. 

U ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda malakali futbolchi va mutaxassislarni tarbiyalanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelgan.

«Futbol fidoyisi»

O‘zbek futbolining o‘tmishdagi yorqin yulduzlaridan biri, ayni paytda O‘FA Faxriylar kengashi raisi sifatida faoliyat olib borayotgan inson — To‘lagan Isoqovga «Futbol fidoyisi» sovrini topshirildi.

Andijon FA — «Yilning eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi» deb topildi.

«Futzal bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi»

O‘tgan mavsumda «BMB» futzal jamoasi bilan birgalikda mavsum chempionligini qo‘lga kiritgan mutaxassis — Nodir Elibayev mazkur sovriniga loyiq deb topildi.

«Yilning eng yaxshi futzalchisi» 

O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchilaridan biri, o‘tgan mavsum chempioni Husniddin Nishonov «Yilning eng yaxshi futzalchisi»  sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi»

«Sevinch» klubi vakilasi Umida Zoirova «Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi» 

«Sevinch» klubi bosh murabbiyi Vladislav Xan «Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Ayollar Oliy ligasi to‘purari»

«So‘g‘diyona» yetakchisi Diyora Habibullayeva ketma-ket uchinchi mavsum Oliy liganing eng yaxshi to‘purariga aylanmoqda. Joriy yilga kelib Diyora chempionat doirasida raqiblari darvozasiga 61 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, «O‘zbek futboli jonkuyari» unvoni bilan bir guruh mutasaddilar, mutaxassislar va futbol fidoyilari taqdirlandi:

  • Jahongir Usmanov va Bekzod Mamatqulov – O‘zbekistonda futzalni rivojlanishiga o‘z hissani qo‘shayotgani, bo‘lajak Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish ishlaridagi faolligi, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri Xose Venansio Lopesni taklif etishda ko‘rsatgan yordami uchun;
  • Avaz Azizxo‘djayev – O‘zbekiston erkaklar va ayollar olimpiya terma jamoalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdagi xizmatlari uchun;
  • «Artel» kompaniyasi – futboldagi faol homiylik uchun; 
  • Rashid Talipov – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sport bo‘yicha mas’ul xodimi, hukumat qarorlarini ishlab chiqishda assotsiatsiyani doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun;
  • Shavkat Abdurazzakov – futbolning haqiqiy jonkuyari, Namangan viloyati hokimi sifatida viloyatdagi barcha futbol tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun;
  • Alisher Xadjayev – futbol translatsiyalarini amalga oshirish va yoritishda ko‘rsatgan yordami uchun.

«Yilning eng yaxshi murabbiyi» 

Yurtimiz mezbonlik qilgan U-20 Osiyo kubogida jamoasi bilan birgalikda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mutaxassis Ravshan Haydarov — «Yilning eng yaxshi murabbiyi» sovriniga loyiq deb topildi.

«Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi»

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan iqtidor egasi — Abduqodir Husanov «Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» sovriniga loyiq deb topildi.

«Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi»

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi hamda «Sevinch» klubi yetakchisi Lyudmila Karachik «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Yilning eng yaxshi futbolchisi»

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, O‘zbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan yosh iqtidor egasi — Abbosbek Fayzullayev «Yilning eng yaxshi futbolchisi» sovriniga loyiq deb topildi.

Bugungi tadbir davomida Indoneziyada o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida munosib ishtirok etgan, dunyoning eng kuchli 8 jamoasi qatoridan o‘rin olgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ham taqdirlanmoqda.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo futbol kofederatsiyasi tomonidan 2023 yilning «Eng yaxshi assotsiatsiyasi» deb topildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi sport tashkilotlari orasida esa «Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi» deya e’tirof etilganligidan xabaringiz bor. 

Shu munosabat bilan mazkur sovrinlar O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovga topshirildi.

Mavzuga oid