O‘zbekiston | 10:15 / 26.12.2023
56320
9 daqiqa o‘qiladi

Iflos havosi tufayli Toshkent saraton va astma o‘chog‘iga aylanmoqda

Toshkent havosi kundan kunga yomonlashib borayotgani tufayli poytaxtimiz vaqti-vaqti bilan sayyoramizning eng havosi iflos va salomatlik uchun zararli shaharlari qatorida tilga olinadigan bo‘ldi. Ayrim kunlarda PM2.5 mitti zarralari miqdori ruxsat etilganidan 45-50 barobargacha oshib ketmoqda. Avto tutunlari, CO2 darajasi me’yordan 4,4 barobar oshgan. Bu esa odamlarni, ayniqsa yosh bolalarni tuzalmas dardlarga mubtalo qilishi tayin. Umr ko‘rish qisqaradi. Nahotki Toshkentimizni boy berdik?

Masalan, Toshkent shahrida 21 dekabr kuni PM2.5 zarrachalarining ruxsat etilgan chegaraviy miqdori 57 barobarga o‘sgan. Fan PM2.5 saraton va astmaga olib kelishini isbotlagan.

UzHydroMet ma’lumotlariga ko‘ra, 17 dekabr kuni Toshkent shahrining havosida kichik dispersli PM10 zarrachalarining maksimal tarkibi 241 mkg/m3 ni, PM2.5 mitti zarralarining tarkibi esa 211 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu JSST tavsiyalaridan 43 barobarga ko‘p degani. Uglerod oksidi (is gazi) ning maksimal tarkibi 6,2 mkg/m3 ni tashkil etgan va bu ruxsat etilganidan 1,4 barobar ko‘p.

Bu zarralar ichida eng xavflisi aynan PM2.5 mitti zarralaridir.

O‘zi PM2.5 nimani bildiradi?

PM2.5 zarrachalari konsentratsiyasi havo sifatini va uning inson salomatligiga xavf solishi baholashda ishlatilagan asosiy parametr hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining me’yorlariga ko‘ra, PM2.5ning o‘rtacha yillik darajasi 10 mkg/m3dan, o‘rtacha sutkalik darajasi esa 25 mkg/m3 dan oshmasligi kerak.

 PM10 va PM2.5 mikrozarrachalarning farqi

PM kichik dispersli zarralar havo ifloslanishining asosiy manbasi hisoblanadi. Kelib chiqishiga ko‘ra PM2.5 sun’iy va tabiiyga bo‘linadi:

Sun’iy zarralar (inson ishtirokida yaratilgan) — eng asosiy manba transport hisoblanadi. Bularga ichki yonuv dvigatellari, qattiq yoqilg‘i (ko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, neft mahsulotlari, mazut) yoquvchi sanoat jarayonlari, qurilish, foydali qazilmalar qazib olish, ko‘plab ishlab chiqarish jarayonlari (ayniqsa sement, keramika mahsulotlari, g‘isht, metall eritish), shaharlarda yo‘l qoplamasining erroziyasi, tormoz kolodkalari va shinalarning yemirilishi ham manba bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida esa ammiakdan ikkilamchi PM2.5 zarralari hosil bo‘lishi mumkin.

Tabiiy zarralar — qurg‘oqchilik kuzatilayotgan hududlarda tuproqning erroziyasi va organik bug‘lanishlar.

PM2.5 juda mitti zarra bo‘lgani uchun katta chang zarralaridek o‘z og‘irligi bilan yerga qo‘nmaydi, ular havoda muallaq turib qoladi yoki uchib yuradi.

Havodagi yirik zarrachalar yuqori nafas yo‘llarida filtrlanadi, PM2.5 kabi kichik zarrachalar esa chuqur nafas yo‘llariga, hattoki qonga ham o‘tishi mumkin. Ular o‘zlari bilan inson organizmiga zararli qo‘shimchalar va kislotalarni ham olib kiradi.

Zararli zarrachalar surunkali ravishda nafas orqali inson organizmiga kirganida nafas olish va qon aylanish tizimini sekin astalik bilan ishdan chiqarish mumkin.

Toshkentni qo‘ldan boy beramizmi?

Toshkent shahrining havosi yildan yilga yomonlashib borayotgani, bu insonlar salomatligiga albatta salbiy ta’sir ko‘rsatishi, odamlar, ayniqsa yosh bolalar surunkali og‘ir kasalliklarga mubtalo bo‘lishi, alal-oqibatda nosog‘lom havo inson umri davomiyligiga salbiy ta’sir o‘tkazishi haqida bot-bot chiqishlar qilinmoqda. Lekin vaziyatni o‘nglashga yo‘g‘rilgan amaliy harakatlar qilinmayapti.

Toshkentda daraxtlar kesildi, shahardagi yashil zonalar ayovsiz qisqartirildi, yo‘llar kengaytirildi, o‘zi shundoq ham keng ko‘chalarda harakat tartibga solinish o‘rniga avtomobillar yanada bemalol harakatlanishi uchun yo‘l o‘tkazigichlar qurilmoqda. Bularning barchasi ulkan tirbandliklarga olib kelmoqda. Mashinalardan chiqayotgan zararli tutunlar o‘pkalarni zaharlamoqda.

Toshkent ko‘chalaridagi tirbandliklar. Foto: Kun.uz

Boz ustiga, ulkan qurilish maydoniga aylangan poytaxtda chang darajasi ham ortgan. Mintaqamizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan qurg‘oqchilik va cho‘llashish sabab dard ustiga chipqon bo‘lib, chang bo‘ronlari ham sodir bo‘lib turibdi.

«Toki Toshkent shahar ko‘chalarida transport harakati tartibga solinmas, ekologik toza jamoat transporti ko‘paytirilmas ekan, qurilish changlarining oldi olinmas, daraxtlar kesilaverar ekan, Toshkentda umr ko‘rish davomiyligi qisqarib boraveradi.

Karbonat angidrid va avtolardan chiquvchi zararli gazlar ruxsat etilgan chegaraviy miqdori 4,4 barobarga o‘sgan. Bu ham astmaga olib keladi. Bolalar kasal bo‘ladi. Qisqa umr ko‘riladi», — deb yozadi bloger Nikita Makarenko.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, avtotransport vositalarining gaz yoqilg‘isidan benzinga o‘tishi, avtomagistrallarni shag‘al va qum bilan qayta ishlash atmosfera havosining PM kichik dispersli zarralar va uglerod oksidi (CO) bilan ifloslanish darajasining oshishiga olib kelgan. Meteorologik shart-sharoitlar — harorat inversiyasi, shamolning yo‘qligi, bosim darajasining oshishi ham Toshkent havosining tozalanishiga monelik qiladi.  

Havo haroratining past darajada bo‘lishi, atmosferada shamolning yo‘qligi sababli havoning yer sirtiga yaqin qatlamida ifloslantiruvchi moddalarning ko‘payishi va uzoq vaqt turib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Yechim nimada?

«Qani avtomobillar harakatini cheklash uchun berilgan va’dalar. Millionta variant taqdim etilgan edi. Qani pullik parkovkalar, qani avtomobilga egalik qilishning qimmatlashtirilgani? Qani jamoat transporti?» — deya o‘rinli savollarni o‘rtaga tashlamoqda bloger Nikita Makarenko.

Albatta ishlarning bu zaylda davom etishi vaziyatni yanada og‘irlashtirsa og‘irlashtiradiki, aslo ahvolning o‘nglanishiga olib kelmaydi.

Toshkent shahri atrofida zudlik bilan «yashil belbog‘» barpo etish lozim. (Bu borada uzoqqa bormasdan, Ostona tajribasini o‘rganish va joriy qilish mumkin).

Ostona shahri atrofidagi yashil belbog‘. Foto: aqmolanews.kz

Qurilish ishlarini chang-to‘zonsiz, sanitariya normalariga amal qilib amalga oshirilishi ustidan nazorat kuchaytirilishi lozim.

Toshkent shahrida daraxtzorlarni ko‘paytirish kerak. Daraxt kesish uchun yanada qat’iy choralar qo‘llash kerak — kerak bo‘lsa uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishgacha. Aks holda, daraxtkushlarni ular uchun qanaqadir «choychaqa»dek ko‘ringan jarimalar bilan to‘xtatib bo‘lmayapti.

Jamoat transporti, veloyo‘laklar tizimini kengaytirish kerak. Avtobuslar uchun yo‘lning markaziy qismidan alohida yo‘laklar tashkil qilinishi kerak.

Poytaxtning ko‘chalarida birorta joyda avtomobillarga bepul parkovka bo‘lmasligi kerak. Shaharda shaxsiy avtomobilda yurish xarajat ustiga xarajat olib kelsin. O‘zi nega birovning shaxsiy mashinasi hammaga tegishli bo‘lgan joyda tekinga turishi kerak?

Foto: Gre4ark.livejournal.com

Keng yo‘llarning polosalari qisqartirilib, o‘rtasiga soya tanlovchi manzarali daraxtlar ekilishi kerak. Bo‘ldi endi, shuncha yil avtomobillarga moslashgan shahar qurib baraka topmayapmiz. Insonlarni ham o‘ylaylik.

Darvoqe, sekin-asta Yevropa mamlakatlari singari, hech yo‘g‘i katta shaharlarimizda ichki yonuv dvigatelli transport vositalaridan foydalanishni cheklash choralarini ko‘rib boraverish kerak. Gibrid avtomashinalar va elektromobillarga o‘tishni yoppa boshlash kerak kerak.

Odamlar shahar uzra smog turib qolayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turganiga, zaharli havodan nafas olayotganini tushunib yetmayapti. Mutasaddilar ham odamlar birin-ketin qirilib kemayapti-ku, deya xotirjam shekilli. Ammo bu havo sekin-asta inson organizmini yemiradi, uni tuzalmas dardga mubtalo qiladi. Erta vafot etishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, bolalarga juda yomon ta’sir o‘tkazadi.

Hali ham kech emas. Hali ham zudlik bilan choralar ko‘rib, vaziyatni o‘nglash mumkin. Ammo qaytarib bo‘lmas holatga yetib kelsak keyingi urinishlarimiz besamar ketadi. O‘sha marraga juda yaqin qolganga o‘xshayapti.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid