Sport | 07:41 / 26.12.2023
24035
3 daqiqa o‘qiladi

Magnus Karlsen: «Qaysi mamlakat shaxmatni rivojlantirmoqchi bo‘lsa, O‘zbekistonni o‘rnak qilib ko‘rsatyapman»

Samarqandda start olayotgan shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi bo‘yicha FIDe jahon chempionati oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen ham ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Norvegiyalik grossmeyster matbuot anjumanida shaxmat bo‘yicha rivojlanishni istaydigan, bu sport turining ommaviyligini oshirishni maqsad qilgan mamlakatlarga O‘zbekistonni o‘rnak qilib ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.

«O‘zbek shaxmatining kelajagini qanday baholayman? Qaysi mamlakat shaxmatni rivojlantirmoqchi bo‘lsa, O‘zbekistonni o‘rnak qilib ko‘rsatyapman. O‘tgan yili Qozog‘istonda o‘tgan jahon chempionatidan oldin ham mendan qozoq shaxmati kelajagini qanday ko‘rasiz, deya savol berishgandi. O‘shanda ularga shunday javob bergandim: O‘zbekistonga boqing, o‘shanda sizning shaxmatdagi kelajagingiz ham ularnikidek bo‘ladi», - deya Magnus Karlsenning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Shuningdek, norvegiyalik shaxmatchi rossiyalik taniqli grossmeyster, 14-jahon chempioni Vladimir Kramnikning tanqidiy chiqishlaridan keyin Chess.com shaxmat platformasidagi blogi yopib qo‘yilganiga munosabat bildirib, so‘z erkinligi juda muhimligini eslatdi.

«Bu holat haqida alohida gapirishni istamasdim, ammo vaziyatga sukut bilan emas, jo‘yali fikr bilan javob berish kerak, deb o‘ylayman. Aytmoqchimanki, so‘z erkinligi – bu juda muhim», - deya Karlsen Kramnikni fikri uchun blogini yopib qo‘yilishini ma’qullamadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib, 188 jamoa ishtirok etgan Olimpiada chempioniga aylangandi. Natijada, ilk marta o‘zbekistonlik 4 shaxmatchi FIDE reytingida TOP-100talikdan joy olgandi. Yil yakunida esa O‘zbekiston eng yaxshi shaxmat mamlakati deb topilgan edi.

Mavzuga oid