Jahon | 16:24 / 26.12.2023
12157
4 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda shahar havosi ifloslanishiga qarshi sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi

Avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarida muvaffaqiyatli sinalgan sun’iy yomg‘ir chaqirish usulidan Pokiston o‘z tarixida ilk bor foydalandi. Dunyoning eng iflos havoli shahri bo‘lmish Lohurda yomg‘ir yog‘dirilgan.

South China morning post nashri yozishicha, Pokistonning Panjob viloyati bosh vaziri viloyat poytaxti, dunyoning havosi eng ifloslangan shahri hisoblanuvchi Lohur shahrining 10 ta tumanida BAA yordamida bulutlarni to‘yintirish usuli orqali sun’iy yomg‘ir yog‘dirilgan.

Pokiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan tajriba shahar havosi ifloslanishining xavfli darajasiga qarshi kurashishga qaratilgan novatorlik qadami bo‘ldi.

«Lohurning kamida 10 ta tumanida yomg‘ir tomchilab turdi», — degan Panjob bosh vaziri Muhsin Naqviy mamlakatdagi birinchi sinov tajribasidan so‘ng jurnalistlarga.

Lohur shahri manzarasi. Foto: AFP

Naqviyning ta’kidlashicha, Lohur dunyodagi havosi eng ifloslangan shahar hisoblanadi, jumladan tajriba o‘tkazilgan kunda ham shunday bo‘lgan. Vazirning aytishicha, hokimiyatdagilar 15 km radiusda sun’iy yomg‘ir ta’sirini kuzatib turishgan. Shuningdek, tajriba Birlashgan Arab Amirliklari yordamida o‘tkazilganini ham ta’kidlagan.

Lohur shahri «dunyodagi havosi eng iflos shahar» bo‘lib, undagi odamlar tutundan nafas olishga qiynalishadi. Foto: AFP

BAAdan kelgan maxsus jamoa sun’iy yomg‘ir yog‘dirishni ikki hafta kutishiga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan shanbada bulutlarni to‘yintirish uchun 48 ta raketa uchirilgan.

Bulutlarni yomg‘irga to‘yintirish uchun kumush yodid, sariq tuz bulut ichida atseton bilan birikib, yomg‘ir tomchilarini hosil qiladi.

Naqviy jamoatchilikni sun’iy yomg‘ir mutlaqo zararsiz ekaniga ishontirgan va BAAda yiliga 1000 marta shunday jarayon o‘tkazilishi, xuddi shunday texnologiyalardan AQSh va boshqa davlatlarda ham foydalanilishini misol keltirgan.

Lohur shahrida havo sifati ifloslanishi so‘nggi bir necha haftadan buyon kuzatilmoqda. Mahalliy rasmiylar korxonalarni ertaroq yopish, maktablarga haftada qo‘shimcha ikki kun ta’til berish kabi taktikalardan foydalanib ko‘rdi, biroq bu usullarning nafi tegmagan.

Lohurda ko‘chada non pishirayotgan nonvoy. Foto: AFP

Pokiston hukumati sanoat gazli chiqindilari, g‘isht pishiruvchi xumdonlar va transport vositalaridan ajralib chiqayotgan gazlarni havo ifloslanishining asosiy sabablari sifatida keltiradi. Shuningdek, Panjob viloyati markaziy qismida turli ekinlardan hosil olingach, poyalar yoqib yuborilishi va oddiy chiqindilar ham havo sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazishi qayd etilgan.

Naqviyning so‘zlariga ko‘ra, yaqin haftalar ichida shaharda chivinlarga qarshi minoralar o‘rnatiladi, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish holatlari ham ko‘paytiriladi.

Oq smog markaziy Panjob viloyatining kamida 10 ta tumanini qamrab olgan. Jumladan 13 millionga yaqin kishi istiqomat qiluvchi poytaxt Lohur shahrini ham.

Dunyoda ajralib chiqayotgan uglerod qo‘shoksidi — CO2 darajasining 1 foiz ulushi Pokiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq mamlakat iqlim o‘zgarishi oldida eng ojiz mamlakatlar o‘nligiga kiradi. 

Mavzuga oid