Jahon | 12:19 / 26.12.2023
27423
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Feodosiya portiga zarba berdi. Yirik desant kema yo‘q qilingan

Ukrain armiyasi anneksiya qilingan Qrim janubi-sharqidagi Feodosiya portiga raketa zarbasi yo‘llagani va «Novocherkassk» katta desant kemasi yo‘q qilinganini xabar qilmoqda. Zarbadan keyin hududda kuchli portlash aks etgan videolar tarqalgan, RF mudofaa vazirligi hujum faktini tasdiqladi.

Foto: Videodan kadr

Feodosiya portida raketa zarbasidan tufayli chiqqan yong‘in va keyin ro‘y bergan kuchli portlashning turli rakurslardan olingan videolari seshanbaga o‘tar kechasi mahalliy aholi vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Ko‘p o‘tmay zarba faktini okkupatsiya hukumati rahbari Sergey Aksenov ham o‘z telegram-kanalida tasdiqladi.

«Port hududi o‘rab olindi. Ayni damda portlash to‘xtagan, yong‘in o‘chirilmoqda. Voqea joyida barcha tegishli xizmatlar ishlamoqda. Bir qancha uylar aholisi ko‘chiriladi», – deya yozdi u.

Keyinroq esa Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk Feodosiya portida «Novocherkassk» yirik desant kemasi aniq nishonga olingani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, general-leytenant Oleshchuk ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa postida bu amaliyot uchun uchuvchilarga va «boshqa barcha aloqador shaxslar»ga minnatdorchilik bildirgan.

Tvitterda ochiq razvedka ma’lumotlari bilan ishlovchi Tatarigami_UA sahifasi muallifi Feodosiyaning 24 dekabr kungi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini solishtirib ko‘rgan va mazkur tipdagi desant kemasi – «proyekt 775» desant kemaning joylashuvi tungi portlash hududiga mos kelishini tasdiqlagan.

Seshanba tongida Ukraina havo kuchlari zarba qanotli raketalar bilan yo‘llanganini ma’lum qildi – aynan qaysi tipdagi raketadan foydalanilganiga aniqlik kiritilmadi.

Ukraina aviatsiyasi bungacha Qrimdagi nishonlarga britanlarning Storm Shadow qanotli raketalari va ularning samolyotdan uchirilgan muqobil variantlari bilan zarbalar yo‘llagandi. Katta ehtimol bilan, bu safargi hujumda ham aynan shunday raketalar qo‘llangan.

«Agar archamiz ostida yangi sovg‘alar ham paydo bo‘lmagan bo‘lsa», — deya fikr bildirgan ukrainalik sharhlovchilardan biri ijtimoiy tarmoqda. Urush davomida Ukraina va uning ittifoqchilari yangi turdagi qurollar yetkazib berilgani haqida ular qo‘llab bo‘linganidan keyin xabar berishi bir necha bor kuzatilgandi.

RF mudofaa vazirligi ham Feodosiyada «Novocherkassk» yirik desant kemasi Ukraina qurolli kuchlarining aviatsiya zarbalarini qaytarish chog‘ida shikastlanganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning raketa uchirgan ikkita Su-24 samolyoti yo‘q qilinganini bildirgan.

Sergey Aksenov esa hujum oqibatida portda bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi tan jarohati olganini, shuningdek oltita binoda shikastlanish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi.

Shahed dronlari bo‘yicha mish-mishlar

Ikkinchi portlash kuchiga qaraganda, «Novocherkassk» bortida qandaydir o‘q-dorilar bo‘lgan.

Tun davomida ijtimoiy tarmoqlarda ukrainalik ko‘plab foydalanuvchilar «Krimskiy veter» telegram-kanalining kema Qrimga Eronning kamikadze-dronlarini olib kelgani to‘g‘risidagi taxminini takrorladi.

Erondan Qora dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz yo‘li mavjud emasligi, aylanma yo‘l esa yopiqligi tufayli bu taxmin mantiqiy ko‘rinmaydi: Turkiya Montryo konvensiyasiga rioya etgan holda, urush vaqtida Bosfor bo‘g‘ozi orqali harbiy kemalar va yuklar o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Feodosiya portida portlash oqibatida osmonda ulkan olovli qo‘ziqorin shakli hosil bo‘lishiga nima sababligi haqida hozircha ishonchli ma’lumot yo‘q.

Feodosiya portidagi portlashning turli rakurslardan olingan videolari tezda internet bo‘ylab tarqaldi

Qisqacha xronologiya

Mahalliy vaqt bilan soat ikki yarimlar atrofida Qrim ko‘prigida harakatlanish yopilishi haqida e’lon qilindi. Odatda raketa yoki dron zarbalari xavfi yuzaga kelganida shunday qilinadi.

Keyin, soat uchga yaqin Feodosiyada dastlabki portlashlar ro‘y berdi. Bu haqda ukrainlarning Qrimdagi obunachilaridan ma’lumot olib turadigan «Krimskiy veter» telegram-kanali xabar berdi.

Shundan so‘ng portda — taxminan kema bortida — yong‘in boshlandi, soat 3:31 da esa, kuchli portlash bo‘ldi va port ustida olovli «qo‘ziqorin» ko‘tarildi. Yong‘inning so‘nggi soniyalari va kuchli portlash boshlanishi videosi feodosiyaliklar tomonidan tarmoqlarga joylangan.

Portlash kuchi tufayli atrofdagi uylarning derazalari sinib ketgan. Sergey Aksenov port bo‘ylab zarba haqidagi xabarida bir qancha uylar aholisi evakuatsiya qilingani haqida yozgan.

«Qurbaqa» klassidagi kema

«Novocherkassk» yirik desant kemasi. Arxivn foto / TASS

«Novocherkassk» — Rossiya-Ukraina urushi davrida ikkinchi bor zarbaga uchramoqda. Ukrain raketalari unga birinchi marta 2022 yil martida Berdyansk portiga harbiy texnika olib kelganida urilgandi. O‘shanda, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ekipajning kamida uch a’zosi halok bo‘lgan.

O‘sha raketa zarbalari vaqtida ukrain harbiylari Rossiyaning boshqa bir desant kemasi «Saratov»ni yakson qilgandi. Boshqa bir desant kema «Olenegorskiy gornyak» esa shu yil avgustida Novorossiyskda ukrain dronlari zarbasiga uchragan va ta’mirlashga yuborilgan.

«Novocherkassk» katta desant kemasi — transportirovka va desant tushirish uchun mo‘ljallangan «proyekt 775» tipidagi kemalardan biridir. Ular sovetlar davrida Polshada qurilgan va NATOdagilar bu turdagi kemalarni «qurbaqa» (polyakchada «ropucha») dep ataydi.

Bunday kemalar 480 tonna yuk olib yurishi mumkin — masalan, 10 tank yoki bir necha zirhli texnikalar, artilleriya va turli kombinatsiyadagi avtomobillar — shuningdek 150 nafar desantchi. Kema ekipaji soni qariyb 100 kishini tashkil etadi.

4 noyabr kuni Mikola Oleshchuk Ukraina qurolli kuchlari Kerchdagi «Zaliv» kemasozlik zavodiga muvaffaqiyatli raketa hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda zavod hududida «Kalibr» qanotli raketalarini olib ketayotgan Rossiya kemasi bo‘lgan, u ham Oleshchukning so‘zlariga ko‘ra, «Moskva» ortidan ravona bo‘lgan». O‘z navbatida, Rossiya mudofaa vazirligi «Zaliv»ga uchirilgan 15 ta qanotli raketadan 13 tasi urib tushirilganini bildirib, kemaga yetkazilgan zarar haqidagi ma’lumotga izoh bermagandi.

Mavzuga oid