Jahon | 17:54 / 27.12.2023
8027
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ukraina zarbasiga uchragan «Novocherkassk» kemasining 33 dengizchisi bedarak yo‘qolgan

Kemaning o‘zi butkul yakson bo‘lib, cho‘kib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ukraina qurolli kuchlarining Feodosiya portidagi «Novocherkassk» yirik desant kemasiga zarbasidan keyin kamida 33 nafar dengizchi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda Astra telegram-kanali o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 26 dekabrga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum vaqtida kemada 77 nafar dengizchi bo‘lgan. Bedarak yo‘qolganlardan tashqari, 19 nafar dengizchi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov avvalroq portga hujum oqibatida tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangani to‘g‘risida xabar qilgandi. Astra ma’lumotiga ko‘ra, port qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lgan 64 yoshli Nadejda Tolshchina halok bo‘lgan.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, hujum joyida Storm Shadow raketasi qoldiqlari topilgan.

Hujum vaqtida «Novocherkassk» sahnida dengizchilar bo‘lgani haqidagi ma’lumot avvalroq «Agenstvo» va VChK-OGPU anonim telegram-kanali tomonidan ham tarqatilgandi.

  • Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi 26 dekabr kuni ukrain aviatsiyasi Feodosiyaga hujum vaqtida qanotli raketalar bilan RF Qora dengiz flotining «Novocherkassk» yirik desant kemasini portlatib yuborganini ma’lum qilgandi. RF mudofaa vazirligi kema «Ukraina qurolli kuchlarining zarbasini qaytarish chog‘ida shikastlangani» haqida xabar bergan. Zarbadan keyin voqea joyida olingan fotosuratlarda kema butkul cho‘kib ketgani aks etgan. Shuningdek, uning yaqinida bo‘lgan T-43 «UTS-150» toifasidagi o‘quv-mashg‘ulot kemasi ham qisman cho‘kkan.

Mavzuga oid