O‘zbekiston | 09:34 / 28.12.2023
10204
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Bizga kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur» 

O‘zbekistonda kelgusi olti yilda elektr energiyasiga bo‘lgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga o‘sishi kutilmoqda. «Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz», - dedi prezident. O‘zbekiston «yashil» energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonga ulug‘vor niyatlariga erishish uchun kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev «yashil» energetika sohasidagi yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytib o‘tdi.

«Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, kelgusi olti yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga o‘sishi kutilmoqda. Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz», - dedi davlat rahbari.

«Biz nima uchun «yashil» energetika rivojiga bu qadar katta rag‘bat va e’tibor qaratyapmiz? Chunki, biz, eng avvalo, 2030 yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni ko‘zlayapmiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mamlakat global muammoga aylangan iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tinimsiz izlanyapti. Xalqaro sammitlarda muhim taklif va tashabbuslarni faol ilgari suryapti. Yaqinda Dubayda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida dunyo mamlakatlari «yashil» generatsiyani uch barobar oshirishga kelishib oldi.

«O‘zbekiston ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va 2030 yilgacha «yashil» energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiradi», - dedi prezident.

Hozir respublikada 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ish olib borilyapti. Shu bilan birga, yangi generatsiya quvvatlarini yetkazish uchun infratuzilmani yanada yaxshilashga alohida urg‘u berilyapti.

«Mamlakatimizda «yashil» energetika bo‘yicha nihoyatda ulkan salohiyat mavjud. Yaratganning o‘zi bergan bu buyuk imkoniyatdan unumli foydalanib, uni xalqimiz manfaatlariga yo‘naltirishimiz zarur», - dedi u.

Sohani rag‘batlantirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatli sotib olish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning o‘zida 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi. Mamlakatda 7 milliondan ortiq uy-joylar borligi hisobga olinsa, bu investorlar uchun katta bozor yaratadi.

«O‘zbekiston kelgusida aniq reja va qat’iy sa’y-harakatlar orqali «yashil» energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashlayapti», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid