Jahon | 14:02 / 28.12.2023
7336
3 daqiqa o‘qiladi

Serbiyada namoyishchilar Belgrad ko‘chalarini to‘sib qo‘ymoqchi

Serbiya muxolifati parlament saylovlari natijalarini bekor qilishni va yangidan o‘tkazishni talab qilmoqda. Namoyishchilar poytaxt ko‘chalarini bir kun davomida to‘sib qo‘yishini e’lon qildi.

Foto: AFP

Serbiyada parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishchilar poytaxt Belgradda transport harakatini falaj qilish bilan tahdid solmoqda. 27 dekabr, chorshanba kuni Belgrad universiteti binosi oldidagi navbatdagi mitingda faol Ivan Biyelich: «Biz juma kuni 24 soatlik blokada e’lon qilamiz», dedi. Namoyishchilar 29 dekabr, juma kuni tushdan boshlab ko‘chalarda harakatni butunlay to‘sib qo‘yish va faqat shanba kungi norozilik aksiyasi uchun yo‘llarni tozalash niyatida.

Chorshanba kuni Belgrad universitetining falsafa fakulteti oldida o‘tkazilgan mitingda bir necha yuz kishi – asosan «Kurash» norozilik harakati a’zosidan talabalar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda AFP. 

30 dekabr, shanba kuni Markaziy saylov komissiyasi 30 ta saylov uchastkasida qayta ovoz berishni belgiladi. Biroq namoyishchilar bundan qanoatlangani yo‘q – ular saylov natijalari butunlay bekor qilinib, yangidan o‘tkazilishini talab qilmoqda. 

Saylovda Vuchichning partiyasi g‘alaba qozondi
 
Serbiyada 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan norozilik namoyishlari davom etmoqda. Prezident Vuchichning hukmron o‘ng qanot populist Serbiya progressiv partiyasi (SNS) Xalq assambleyasiga (bir palatali parlament) saylovlarda qariyb 47 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Muxolifatdagi «Zo‘ravonlikka qarshi Serbiya» 23 foiz to‘plagan. 

Ertasi kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi parlamenti va Yevropa kengashi vakillaridan iborat xalqaro kuzatuvchilar missiyasi saylov uchastkalarida qator qonunbuzarliklar, xususan, zo‘ravonlik, ovozlarni sotib olish va soxta saylov byulletenlarini tashlash holatlari haqida xabar berdi. Vuchich soxtalashtirish bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti. 

Serbiya muxolifatining norozilik aksiyasi 

Ovoz berishning ertasiga, 18 dekabr oqshomida Serbiya muxolifatining minglab tarafdorlari Belgradda ehtimoliy soxtalashtirishlarga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi. Sotsial-demokratik erkinlik va adolat partiyasi vitse-prezidenti Marinika Tepich va yana bir qancha faollar Belgraddagi saylov natijalari bekor qilinmaguncha muddatsiz ochlik e’lon qildi. 

Norozilik namoyishlari 24 dekabr, yakshanba kunigacha tinch davom etdi, so‘ng yuzlab namoyishchilar poytaxt shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga urindi, ulardan ba’zilari bino oynalarini sindirdi. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, o‘nlab odamlar qo‘lga olingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid