Jahon | 16:37 / 29.12.2023
17995
7 daqiqa o‘qiladi

Pitsunda mojarosi – Rossiya Abxaziyaning eng yaxshi joyini chindan «ijara»ga olyaptimi?

Bir necha kundan buyon tan olinmagan Abxaziya respublikasida namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Aholi Abxaziyadagi eng yaxshi joy – Pitsunda Rossiyaga berib yuborilayotganidan norozi bo‘lyapti. Respublika parlamenti Rossiya bilan tuzilgan shartnomani ratifikatsiya qilgan, Abxaziya prezidenti uni tasdiqlagan. Odamlar esa shartnoma bekor bo‘lishini talab qilmoqda.

Foto: tourister.ru

2023 yil 26 dekabr kuni tan olinmagan Abxaziya parlamentining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar muhim hujjatni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Abxaziyaning Qora dengiz bo‘yida joylashgan Pitsunda deb atalgan qariyb 180 gektar yeri Rossiyaga 49 yilga ijaraga beriladi.

Rossiya olayotgan joyda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan dala hovlilar, sanatoriyalar, pansionatlar va boshqa dam olish maskanlari joylashgan.

Abxaziyadagi muhim joylardan birini Rossiyaga berish masalasi respublika parlamentida uch marta o‘qishda ma’qullangan va yakunda 35 nafar deputatdan 26 nafari rozi bo‘lgan.

Parlament spikeri Lasha Ashubaning aytishicha, parlamentga bir nechta guruh vakillari taklif etilgan va respublika xavfsizligini ta’minlash uchun shartnomani qabul qilishning bir qancha variantlari muhokama qilingan.

Pitsundani Rossiyaga uzoq muddatga ijaraga berish masalasi parlamentda muhokama qilinayotgan paytda abxaziyaliklar namoyishlarni boshlab yuborishdi.

Ular respublikadagi eng yaxshi va muhim joy juda uzoq muddatga Rossiyaga berib yuborilayotganiga qarshi chiqishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda videolar joylanmoqda va ularning ostida abxaziyaliklar va rossiyaliklarning bahslari kuzatilmoqda.

Abxaziya xaritasi

«Shuncha yildan buyon Rossiya sizlarni boqib keldi. Davlat tashkilotlarida ishlaydiganlarga maoshlar, qariyalarga pensiyalarni to‘ladi. Endi ozgina yer berilishiga qarshi chiqib «rahmat» aytyapsizlarmi?» – qabilida izohlar yozmoqda rossiyaliklar.

Bunga javoban abxaziyaliklar «Rossiya har doim xolis do‘stligini aytib kelgani, agar bir kun kelib o‘sha yordam hisobiga yer olishini aytganda, yordam pullarini olmagan bo‘lishi»ni aytib javob berishgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarda gurjistonliklar ham abxaziyaliklarga istehzoli gaplar yozishmoqda. Boshqalari esa xalqaro normalarga ko‘ra Gurjiston hududi bo‘lgan joy abxazlar tomonidan Rossiyaga berib yuborilayotganiga qarshi bo‘lyapti.

Namoyishlar boshlangandan so‘ng parlament binosi oldiga yig‘ilgan Abxaziya muxolifati vakillari Rossiya bilan shartnoma respublika konstitutsiyasiga zidligini aytib chiqdi. Ovoz berishda shartnomaga qarshi bo‘lgan deputatlar ularga qo‘shilgan.

Shartnomaga qarshi bo‘layotganlar u bekor qilinmaguncha namoyishlarga chiqaverishini e’lon qilishdi. Shundan so‘ng parlament, hukumat va boshqa hokimiyat binolarini qo‘riqlash kuchaytirildi.

Respublika bosh prokurori esa namoyishchilarni tartibsizliklar uchun javobgarlik haqida ogohlantirgan.

Abxaziyada Pitsundaning Rossiyaga 49 yil ijaraga berilishiga qarshilar namoyishi \ Foto: zerkalo.io

Pitsunda qanday joy va u Rossiyaga nega kerak bo‘lib qoldi?

Pitsunda Qora dengiz bo‘yida, Abxaziyaning Gagra tumani tarkibiga kiradigan hudud hisoblanadi. U Gagra shahridan 25 km uzoqlikda joylashgan.

Pitsundani bir tomonidan Qora dengiz sohillari, ikkinchi tomonidan qalin o‘rmonlar o‘rab turadi. Tabiati juda go‘zal va hordiq olish uchun juda yaxshi joy.

Pitsundadagi dala hovlilar, sanatoriya va boshqa dam olish maskanlari 1950-yillarning ikkinchi yarmida SSSRga Nikita Xrushchyov rahbarlik qilgan paytlarda qurilgan. Ular asosan yuqori martabali davlat amaldorlari dam olishi uchun mo‘ljallangandi.

Shu sababli bu joy sovetlar davrida ittifoq miqyosidagi muhim joylardan sanalgan. Keyinchalik u yerda zamonaviy sanatoriyalar va pansionatlar quriladi.

O‘sha paytda Pitsundada faqat Kremlda o‘tirgan rahbarlar, SSSR ministrlari va shu kabi juda yuqori amal sohiblari kelib dam olgan. Boshqalar qo‘yilmagan. Bu yer yopiq hudud hisoblangan.

Pitsundaning umumiy ko‘rinishi \ Foto: tourister.ru

SSSR parchalanib ketgach, abxazlar ham o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va Gurjistonga qarshi urush boshlanadi. O‘sha paytda Rossiya tinchlikparvar kuchlar niqobi ostida o‘z armiyasini Abxaziyaga joylashtiradi va zimdan abxazlarga yordam beradi.

Kuchlar teng bo‘lmagan janglardan so‘ng Gurjiston Abxaziya ustidan nazoratni yo‘qotadi va tan olinmagan respublika Rossiya ta’sir doirasi ostiga tushib qoladi.

Sovetlar davrida Abxaziya SSSRdagi eng boy hududlardan biri hisoblanardi. Bu respublikada yashovchilar ittifoqning turli burchaklaridan dam olishga keluvchilarga xizmat ko‘rsatib, uylarni ijaraga berib yaxshi daromadga ega bo‘lishardi. Shunga yarasha odamlarning turmush darajasi ham boshqa hududlarga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan.

Abxaziya o‘z mustaqilligini e’lon qilgach ishlar teskarisiga aylanib ketdi va respublikaga dam olish uchun hech kim kelmay qo‘ydi. Oqibatda dala hovlilar, sanatoriya va pansionatlar qarovsiz qolib vayrona holga tushdi.

Respublika aholisi esa boqimandaga aylandi. O‘shandan buyon Abxaziya aholisiga ish haqlarini, pensiya va boshqa nafaqalarni Rossiya to‘lab kelmoqda.

Pitsundaga kelsak, Rossiya uni 1995 yildayoq ijaraga olgandi. Biroq hududga abxaziyaliklar ham bemalol kirib chiqardi.

Pitsunda joylashgan hudud xaritada

2022 yil 19 yanvar kuni Moskvada Abxaziya va Rossiya o‘rtasida Pitsundadagi barcha binolarni va yerni 49 yilga Rossiyaga hech qanday to‘lovlarsiz ijaraga berish haqida shartnoma imzolanadi.

O‘shanda ham abxazlar bu shartnomaga qarshi chiqqan va respublika parlamenti uni ratifikatsiya qilmasligiga umid qilgandi. Biroq bunday bo‘lib chiqmadi.

2023 yil 26 dekabr kuni shartnomani Abxaziya parlamenti ratifikatsiya qildi. 27 dekabr kuni tan olinmagan Abxaziya respublikasi prezidenti Aslan Bjaniya Pitsundani Rossiyaga ijaraga berish haqidagi qonunni imzoladi.

So‘nggi kunlarda Pitsunda masalasi qayta ko‘tarilib, Abxaziyada namoyishlar boshlangach har ikki tomon – rossiyalik va abxaziyalik turli amaldorlar vaziyatni yumshatishga urinyapti.

Jumladan, Rossiyaning Abxaziyadagi elchisi Mixail Shurgali Rossiya Pitsundadagi yerni emas, faqat binolarni ijaraga olayotganini aytib chiqdi.

Biroq namoyishga chiqayotgan abxazlar bunga ishonmayapti. Chunki agar shartnoma faqat binolarni ijaraga berish haqida bo‘lsa, Rossiya 1995 yildan buyon Pitsundadagi binolarni ijaraga olib ishlatib keladi va endi uni yangilash uchun alohida shartnoma kerak emasdi.

Yangi shartnoma respublika parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinyapti, prezident alohida qonun bilan uni tasdiqlayapti, demak bu yerda gap faqat binolarni ijaraga berish emas, Pitsundani Rossiyaga to‘liq berib yuborish haqida gap ketmoqda.

Qolaversa, 2022 yil 19 yanvar kuni Moskvada Rossiya tomoni va bir guruh abxaziyalik mulozimlar ishtirokida shartnoma muhokama o‘tkazilganda u yerda aniq va ravshan qilib «Yer uchastkasi, undagi binolar va tutash dengiz hududini Rossiyaga hech qanday to‘lovlarsiz ijaraga berish» haqida gap ketgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid