O‘zbekiston | 15:03 / 29.12.2023
40494
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda «Afrosiyob» poyezdi yo‘l sozlovchini bosib ketdi

Toshkent - Buxoro yo‘nalishidagi «Afrosiyob» elektropoyezdi yo‘l sozlovchini bosib ketdi. Voqea joyida halok bo‘lgan xodim sherigining ishoralari va poyezd signalini eshitmay qolgan.

Foto: Videodan kadr

27 dekabr kuni soat 11:20 atrofida Toshkent — Buxoro yo‘nalishida «Afrosiyob» elektropoyezdi yo‘l sozlovchini bosib ketdi. Bu haqda «O‘zbekiston temiryo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Juma-Kattaqo‘rg‘on temiryo‘l bekatlar oralig‘ida ish rahbari, yo‘l ustasi v.b. Sh. Meyliyev boshchiligidagi 9 nafar yo‘l sozlovchi ta’mirlash ishlarini olib borgan.

Biroq yo‘lning 3750-kilometrida temiryo‘l izi ichidan brigada oldiga qaytayotgan (temiryo‘l izlari chetidan qaytmasdan) yo‘l sozlovchi M.Shodiyorov yo‘l brigadiri v.b. M.Aliqulovning ogohlantirish ishoralariga e’tibor bermagan va elektr poyezd signalini eshitmagan.

Oqibatda Toshkent — Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan 770-sonli «Afrosiyob» elektr poyezdi yo‘l sozlovchi M.Shodiyorovni urib ketgan va u voqea joyida vafot etadi.

Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Mavzuga oid