Jahon | 13:20 / 30.12.2023
8811
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela va Gayana ziddiyati: Britaniya harbiy kemasi Gayana qirg‘oqlariga yetib keldi

HMS Trent kemasi «mintaqaviy ittifoqchi va Britaniya hamdo‘stligi bo‘yicha sherikning» oldiga keldi va Gayana mudofaa kuchlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi, deya xabar berdi Britaniya Mudofaa vazirligi.

Foto: AP

29 dekabr, juma kuni HMS Trent Britaniya qirollik flotining patrul kemasi Gayana hududiy suvlariga kirib, Britaniya va Venesuela o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirdi, deb xabar bermoqda AP. Bir kun avval Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 5600 askar, 28 samolyot va 16 qayiq ishtirokidagi manyovrlarni e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «mudofaa» mashqlari Buyuk Britaniyaning «mamlakat tinchligi va suverenitetiga qarshi provokatsiya va tahdidi»ga javobdir

O‘z navbatida, Gayana prezidenti Irfaan Alining ta’kidlashicha, na Venesuela, na boshqa hech bir davlat mamlakat hududiy suvlarida amalga oshirilayotgan harakatlardan tashvishlanmasligi kerak. Gayana «bizniki bo‘lmagan narsani xohlash uchun hech qanday ambitsiya yoki niyatga ega emas». 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi HMS Trent patrul kemasi «mintaqaviy ittifoqchi va Britaniya hamdo‘stligi bo‘yicha sherikning» oldiga kelganini hamda 3000 askar, 200 dengizchi va to‘rtta kichik Barracuda patrul kemasidan iborat Gayana mudofaa kuchlari bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishini xabar berdi. Gayana TIV xabariga ko‘ra, Britaniya kemasi mamlakat hududiy suvlarida bir haftadan kamroq vaqt bo‘ladi. 

Essekibo provinsiyasi atrofidagi mojaro

Venesuela va Gayana 14 dekabr kuni kuch ishlatmaslikka va Essekibo provinsiyasi bo‘yicha ziddiyat chog‘ida keskinlik kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi. Dekabr oyi boshida Maduro Essekibo masalasi bo‘yicha Venesuelada o‘tkazilgan referendumdan so‘ng Gayana chegarasidan taxminan 100 km uzoqlikda yangi harbiy baza yaratish rejasini e’lon qildi. Referendumda, rasmiy natijalarga ko‘ra, ovoz berganlarning 95 foizi mintaqani anneksiya qilish tarafdori bo‘lgan.

Gayana o‘z hududining bir qismini berishdan bosh tortdi hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni tiklash uchun cheklovchi choralar yoki harbiy harakatlarga ruxsat berishi mumkin bo‘lgan tashkilot nizomining 41- va 42-moddalarini qo‘llash uchun BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishga tayyorligi haqida ogohlantirdi. Shundan so‘ng Maduro Essekiboni Venesuela tarkibiga qo‘shadigan farmonlarni imzoladi. 

Venesuela 1811 yilda mustaqil davlat bo‘lganidan beri Essekiboga da’vo qilib keladi. Gap shu nomdagi daryoning g‘arbiy tomonidagi umumiy maydoni 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan hudud haqida bormoqda, u Gayana davlatining to‘rtdan uch qismini egallaydi. Essekibo asosan o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmondir, ammo neft, gaz, oltin va misning katta zaxiralariga ega. Mojaro Amerikaning ExxonMobil konserni 2015 yilda mintaqada bir qancha yangi neft konlarini topgach, yanada kuchaydi.

Mavzuga oid