O‘zbekiston | 09:45 / 02.01.2024
5351
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik soliq to‘lovchilar tovar-transport yuk xatlarini faqat elektron shaklda rasmiylashtiradi

Vazirlar Mahkamasining «Soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2024 yil 1 apreldan boshlab yirik soliq to‘lovchilar uchun, 2024 yil 1 iyuldan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va ularning hisobini yuritish tizimi majburiy tartibda joriy etilmoqda.

Hujjat bilan Tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Axborot tizimida elektron tovar-transport yuk xatini rasmiylashtirishda texnik nosozliklar yuzaga kelganda, tovar-transport yuk xati qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladi. Bunda texnik nosozliklar bartaraf etilgandan so‘ng 5 kalendar kuni ichida qog‘oz shaklida ko‘rsatilgan sana bilan tovar-transport yuk xati elektron shaklda axborot tizimiga kiritilishi shart.

Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni kiritgan holda rasmiylashtirilgan elektron tovar-transport yuk xati bilan yuklarni tashish — soxta hujjatlar bo‘yicha tashish hisoblanadi hamda qonunchilik hujjatlariga asosan javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Rasmiylashtirish quyidagicha amalga oshiriladi:

yuk jo‘natuvchi elektron tovar-transport yuk xati ishtirokchilari, tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib, ERI bilan tasdiqlaydi;
operator elektron tovar-transport yuk xatiga ID va QR kodlarini biriktirib uni Nizom talablariga muvofiqligini tekshiradi;
yukni yetkazib berishga mas’ul shaxs o‘ziga tegishli ma’lumotlarni tekshiradi va yuklar qabul qilganligini ERI bilan tasdiqlaydi;
yuqni qabul qiluvchi  o‘ziga tegishli ma’lumotlarni tekshirib, kelib tushgan elektron tovar-transport yuk xatini yuk qabul qilish jarayonida ERI  bilan tasdiqlaydi yoki sababi ko‘rsatilgan holda tasdiqlashni rad etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid