Jahon | 14:45 / 03.01.2024
8807
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat qarzi tarixda birinchi marta 34 trln dollardan oshdi 

2023 yil oxirida davlat qarzi miqdori bir kunda 33,911 trillion dollardan 34,001 trillion dollarga ko‘tarildi. Kongressmenlar kelasi hafta federal budjet xarajatlarini muhokama qilish uchun ta’tildan qaytadi.

Foto: Reuters

AQSh davlat qarzi hajmi tarixda birinchi marta 34 trillion dollardan oshdi. Bu haqda 2 yanvar, seshanba kuni idora saytida e’lon qilingan AQSh moliya vazirligining statistik ma’lumotlarida aytilgan. Jadvalga ko‘ra, 29 dekabr holatiga mamlakatning umumiy so‘ndirilmagan davlat qarzi 34,001 trln dollarni tashkil etgan. Bir kun oldin u 33,911 trln dollarga baholangandi. Davlat qarzining avvalgi rekord darajasi - 33 trln dollar sentabr oyi o‘rtalarida qayd etilgan edi.

2023 yil boshida AQSh davlat qarzi 31,4 trln dollarlik belgilangan chegaradan oshib ketdi. Shundan so‘ng, AQSh moliya vazirligi limit ko‘tarilmasa, defolt xavfi haqida bir necha bor ogohlantirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden va demokratlar Kongressni hech qanday shartlarsiz chegarani oshirishga chaqirdi. Shu bilan birga, Vakillar palatasini nazorat qiluvchi respublikachilar budjet xarajatlarini kamaytirmasdan uni oshirishdan bosh tortdi. 

Davlat qarzi chegarasi bo‘yicha murosa

29 may kuni Bayden va Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Kevin Makkarti murosaga keldi hamda iyun oyida Bayden 2025 yil 2 yanvargacha qarz chegarasini oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu sanaga qadar cheklov to‘xtatib turiladi. Oq uy davlat qarzi bo‘yicha kelishuv Ukrainaga yordamga ta’sir qilmasligiga ishontirdi. 

Kongressmenlar 19 yanvar va 2 fevralgacha bo‘lgan muddatda bir qarorga kelish uchun kelasi haftada budjet xarajatlari bandlarini muhokama qilish maqsadida ta’tildan qaytadi. Qonun chiqaruvchilar, shuningdek, Ukraina va Isroil uchun yangi yordam paketlarini qabul qilishga umid bildirib, agar kerak bo‘lsa, ularni Amerika chegaralarini noqonuniy muhojirlardan himoya qilish uchun sarflanadigan xarajatlar bilan bog‘lab qo‘ymoqchi.

Mavzuga oid