O‘zbekiston | 13:05 / 03.01.2024
10582
3 daqiqa o‘qiladi

«Mazut va ko‘mirda ishlaydigan zavodlarga dam berish dasturini tuzish kerak» – mutaxassis Toshkent havosi haqida

2023 yil dekabrida Toshkent shahri havosi ifloslanishi gaz o‘rniga ko‘mir va mazut yoqish ko‘paygani hisobiga ortib ketgan. Gidrometeorolog Erkin Abdulahadov ko‘mir va mazutda ishlaydigan zavod va fabrikalarga dam berish tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi va bu usul Qirg‘izistonda ish berganini aytdi.

Foto: Videodan kadr

2023 yilda O‘zbekistonda isitish tizimida ko‘mirdan foydalanish keng ko‘lamli tarzda boshlandi. “Lolazor” podkastida gidrometeorolog Erkin Abdulahadov iflos havoni kamaytirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Mutaxassis zavod va fabrikalar ishini shamol yo‘nalishiga qarab belgilashni taklif qildi.

Shamol kunduzi tekislikdan tog‘ga qarab, kechqurun tog‘dan tekislikka qarab esadi, demak, ko‘proq zavod shahar periferiyalariga qurilishi kerak. Ya’ni [zavod va fabrikalarga] dam berib [ishlatilsa], bittasiga dam berilsa [boshqasi ishlab turadi], shaharga zaharli havo kirib kelmaydi. Shamol tog‘ga qarab ketadi, zavodlar ishlashini shamol gullariga moslash kerak”, – deydi u.

Abdulahadovga ko‘ra, Bishkek ham shu tajribani qo‘llagan. 5 yil oldin Bishkek IQAir’da 1-o‘ringa chiqib qolgan. Bu zararli tutun ko‘mir yoqish hisobiga bo‘lgan.

Bishkek shahrining janub, shimol, sharq va g‘arbida ham katta-katta korxonalar bor. Shamoldan ob-havo oqimidan kelib chiqib, dastur yaratishdi. Unga ko‘ra, qaysi zavod ishlashi kerakligi signali beriladi. Zavodlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shunaqa dastur O‘zbekistonda ham ishlab chiqiladigan bo‘lsa, ya’ni zavodlarga ish hajmini taqsimlab, bitta zavod kechqurunga, bittasi kunduziga kuch berib shaxmat usulida ishlasa bo‘ladi”, – deydi gidrometeorolog.

U poytaxt havosining ifloslanishiga sabab bo‘layotgan texnogen omillardan biri sifatida metan-shoxobchalar ish vaqtidagi cheklov sabab AI-80 benzini yoqish ko‘payganini ko‘rsatadi. Shuningdek, mutaxassisga ko‘ra, avtomobil shinalarining asfaltga ishqalanishi natijasida ajraladigan zarralar ham poytaxt havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri hisoblanadi.

Bundan oldin “O‘zgidromet” rahbari Sherzod Habibullayev ham isitish tizimlari uchun mazut va ko‘mir yoqilgani Toshkent havosini keskin ifloslantirgani, zapravkalarga gaz yetkazib berish qisqarib, AI-80 benzin iste’moli ortgani ham poytaxt havosiga sezilarli zarar yetkazganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq, turli tashkilot binolarini isitishda ko‘mirga o‘tish e’lon qilingandan keyin, buning ob-havoga zarari haqida maqola e’lon qilingan edi.

Mavzuga oid